15:33 / 25.05.2021
2 464

Malida harbiylar vaqtinchalik prezident va bosh vazirni hibsga oldi


Malida harbiylar mamlakatning vaqtinchalik prezidenti Ba Ndau va hukumat rahbari Moktar Uanni hibsga oldi, deb yozadi «Interfaks». Ular 24 may, dushanba kuni Bamako yaqinidagi Kati harbiy bazasiga olib borildi.

O‘tish davri hukumati may oyida iste’foga chiqqan va vaqtinchalik prezident Vazirlar Mahkamasi rahbariga yangi hukumat tuzishni topshirgan edi. Yangi Vazirlar Mahkamasi shakllantirilgani haqida 24 may kuni ma’lum bo‘ldi. Uning tarkibiga ichki xavfsizlik vaziri Modibo Kone va mudofaa vaziri Sadio Kamara kirmadi. Ularning chetlatilishi yuzasidan hech qanday sabablar keltirilmadi, ammo bu qadam o‘tish davri hukumati ichida ziddiyatlar kuchayganini ifodaladi. Muvaqqat prezident va bosh vazirning qo‘lga olinishi yangi hukumatning avvalroq e’lon qilingan tarkibiga ko‘rsatilgan javob bo‘lishi mumkin. Ayni paytda Vaqtinchalik prezident va bosh vazirdan bu borada hech qanday izohlar yo‘q.

Mali poytaxtidagi AQSH elchixonasi, bu orada, «Bamakoda harbiy faollikning kuchaytirilishi haqida xabarlar» olganini ma’lum qilib, Bamakodagi amerikaliklarni o‘z harakatlanishlarini cheklashga chaqirdi. 24 may kuni kechki payt ko‘chalarda tartibsizliklar boshlandi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT), Afrika va Yevropa ittifoqlari, G‘arbiy Afrika davlatlari iqtisodiy kengashi (ECOWAS), AQSH, Germaniya va Buyuk Britaniya Malida qo‘lga olingan siyosatchilarni zudlik bilan ozod etishga chaqirdi. Qo‘shma bayonot mamlakatdagi BMT missiyasi tomonidan tarqatildi.

Bayonot mualliflari mamlakatda bo‘lib o‘tgan hodisani hokimiyatni zo‘ravonlik bilan egallab olishga urinish deb atab, qo‘lga olinganlarni «zudlik bilan va so‘zsiz» ozod etishni talab qildi. Ular xalqaro hamjamiyat kuch ishlatish yo‘li bilan amalga oshirilgan har qanday harakatlarni, shu jumladan, majburiy iste’folarni ham rad etishini ta’kidladi.
ECOWAS delegatsiyasi 25 may kuni Maliga borishini e’lon qildi. Malidagi BMT missiyasi mamlakatda o‘tish davrini tiklash uchun u bilan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.

Malida o‘tish davri hukumati 2020 yil sentabrida, qo‘zg‘olon bo‘lib, prezident Ibrohim Bubakar Keyta va bosh vazir Bubu Sisse chetlatilganidan keyin tasdiqlangan edi. Ibrohim Bubakar Keyta harbiylar bosimi ostida iste’fo bergan edi. Ketish haqidagi rasmiy bayonot milliy televideniye orqali namoyish etildi. Keyta «o‘z lavozimida qolish uchun qon to‘kishni istamasligi»ni aytdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Malida harbiylar vaqtinchalik prezident va bosh vazirni hibsga oldi