09:30 / 14.06.2021
5 299

Turk to‘ylari qanday o‘tadi?


Istanbulda yashaydigan bloger Anjelika Sherbakova zamonaviylik va madaniyatni o‘zida umumlashtirgan Turkiyadagi yoshlarning turmush qurishi bilan bog‘liq o‘ziga xosliklar haqida hikoya qiladi.

Foto: Cosmopolitan
Hammasi ko‘z ostiga olib qo‘yishdan boshlanadi
Konservativ turk oilalarida ota-onalar o‘g‘illari uchun do‘stlari, yaqinlari ba’zida hatto qarindoshlari orasidan kelin qidiradi. Ko‘plab qarindoshlarining nazorati ostida tanishgan yigit va qiz bir-biriga to‘g‘ri kelishi yoki yo‘qligiga qaror qiladi. Oila kattalari qaror qilgani uchun aksariyat hollarda yoshlarning fikri kamdan kam hollarda inobatga olinadi. Zamonaviy oilalarda esa yoshlar o‘ziga o‘zi juft topadi va ko‘pincha unashtiruvgacha birga yashaydi. Munosabatlari qanchalik jiddiyligini, bir-birini ota-onasi bilan tanishtirishidan bilsa bo‘ladi.

Sovchilik va tuzli qahva
Qizning qo‘lini so‘rash uchun kuyov tomon kumush patnisda shokolad va gullar bilan qiznikiga sovchilikka keladi. Qiznikida shirinlik va choylar berilganidan keyin qiz mehmonlar uchun turk qahvasi damlaydi, yigitning finjoniga tuz solingan bo‘ladi. Bo‘lajak kuyov bemaza va sho‘r ekaniga qaramay, bildirmasdan tuzli qahvasini ichishi kerak bo‘ladi. Bu uning turli qiyinchiliklarga qaramay, kelin bilan uzoq vaqt birga yashashga tayyorligini bildiradi.

Foto: Cosmopolitan
Hammasi kelishib aniq bo‘lgach, ota-ona ruxsat berganidan keyin kuyov qizga uzuk hamda tilla va kumushdan kashta tikilgan ro‘mol beradi. Turmush qurish arafasidagi juftlik qirqqa yaqinlashib qolgan bo‘lsa ham, ota-onaning rizoligiga Turkiyada juda ham jiddiy qaraladi.

Unashtiruv — kichik to‘y demak
Unashtiruvdan asosiy maqsad — yoshlar juft bo‘layotgani va to‘yga taraddudlanayotganini hammaga ma’lum qilishdan iborat. Turkiyada “nişan” deb ataladigan unashtiruv aksariyat hollarda to‘yga kichik tayyorgarlik hisoblanadi. An’anaga ko‘ra unashtiruv qizning uyida bo‘lgan, ammo bugungi kunda yoshlar ushbu marosimni to‘y salonlari, ochiq maydon hamda mehmonxonalarning qabul zallarida o‘tkazadi. Jonli musiqa navolari ostida mehmonlar ichimlik va shirinliklar bilan siylanadi. Hammasi go‘yo to‘ydagidek kechadi. Unashtiruvda ham to‘ydagi singari kelinga tilla beriladi. Qizning uyida bo‘ladigan bo‘lsa, kelinga kuyov tomon tilla taqinchoqlar taqadi, lekin marosim salon yoki maydonlarda bo‘lsa, tashrif buyurganlar ham tilla taqishda ishtirok etishi mumkin bo‘ladi.

Yana bir o‘ziga xos an’ana
To‘y arafasida kelin dugonalari, yaqinlari va kuyovning qarindoshlari bilan hammomga borishi o‘ziga xos urf-odatlardan biri sanaladi.

Foto: Cosmopolitan
Xina kechasi
Yana bir qizi va o‘ziga xos an’analardan biri, ikki oilaning faqat ayol va qizlari kechki namozdan keyin ishtirok etadigan — Xina kechasi hisoblanadi. Bu oqshom an’anaviy qizil ko‘ylak kiygan kelinning yuzi harir, qizil fata bilan yopiladi. Xina qo‘yilganidan keyin qiz qo‘llarini mahkam yopishi kerak bo‘ladi. Chiroq o‘chiriladi va turmushga chiqmagan qizlar kelinning atrofida qo‘shiq kuylab aylanadi, raqsga tushadi. Bo‘lajak qaynona kelinning oldiga kelib undan kaftlarini ochishini so‘raydi. Qaynona va boshqa qarindoshlar kelinning kaftiga tilla tanga qo‘yadi, bilaguzuk taqadi. Marosim qo‘shiq kuylash, shirinliklardan tatib ko‘rish hamda tunning yarmigacha davom etishi mumkin bo‘lgan suhbatlar bilan davom etadi. Turmushga chiqmagan qizlar yaxshi niyat qilib, qo‘liga xina surtishi, mehmonlarga xina solingan bezatilgan qopchalar tarqatilishi mumkin.

Foto: Cosmopolitan
Nikoh
Nikoh uzun stol, kelin-kuyov uchun taxtni esga soladigan, guvohlar va davlat ishchisi uchun qo‘yilgan stullar bor sahnada bo‘lib o‘tadi. Mehmonlar teatrdagi singari zaldagi o‘rindiqlarda o‘tirib marosimni tomosha qiladi. Nikoh xodimi guvohlar qarshisida juftlikning bir-biri bilan yaxshi-yomon kunlarni birga o‘tkazishga rozi ekanligini so‘raydi. “Evet” (ha) javobini olgandan keyin yoshlarni er-xotin deb e’lon qiladi. Kelin-kuyovga turmush qurganlari haqida guvohnoma beriladi. Kuyov kelinning peshonasidan o‘padi, kelin esa kuyovning oyog‘ini birinchi bo‘lib bosishga urinadi.

Turkcha to‘y
Turk to‘ylaridan ko‘plab milliy raqslar va plastik tortlar o‘rin oladi. Ko‘p sonli tashrif buyuruvchilarni to‘ydirishning o‘zi bo‘lmagani uchun to‘y dasturxoniga faqat shirinliklar, yong‘oq va yaxna ichimliklar qo‘yiladi. Bayramona qo‘shiq va raqslar, baraban va boshqa cholg‘u-asboblari sadosi ostida mehmonlarning kayfiyati ko‘tariladi. Kelin-kuyov, ularning ortidan mehmonlar ham raqsga tushadi.

Tilla yoki pul
Kelin yoki kuyovni tabriklagani kelgan mehmonlar sovg‘a yoki gul o‘rniga tilla, pul beradi. Mehmon qancha ko‘p bo‘lsa, ushbu marosim shuncha uzoqqa cho‘ziladi.
Bugungi kunda Turkiyada, asosan, yevropacha to‘y qilinishiga qaramay, aksariyat yoshlar ota-bobolaridan qolgan an’analarga rioya qiladi. Ushbu umumlashmani “Malikam, menga qara”, “Qulupnay ifori” singari mashhur turk seriallarida ko‘rish mumkin.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Turk to‘ylari qanday o‘tadi?