06:53 / 20.07.2021
2 550

Tojikistonda afg‘on qochqinlari uchun vaqtinchalik baza quriladi


Foto: Foto: Getty Images
Tojikistonning Xatlon viloyati hududida afg‘on qochqinlari uchun vaqtinchalik baza barpo etiladi. Baza qurilishi uchun viloyatning Jayhun tumani hududidan maxsus joy va hududiy budjetdan kerakli summa ham ajratilgan.
Bu haqda viloyat rahbari Qurbon Hakimzoda 19 iyul kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi, deb xabar bermoqda Asiaplustj.info.

Mulozim vaqtinchalik baza qurilishiga oid boshqa tafsilotlarga to‘xtalmagan. Faqatgina qurilish ishlarini Tojikiston IIV xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshirishini ochiqlagan xolos.

Qurbon Hakimzoda, shuningdek, 113 nafar afg‘on harbiylari qurol-yarog‘lar va harbiy texnikalari bilan birga davlat chegarasini buzib, Quyi Panj ko‘prigi orqali Xatlon viloyati hududiga o‘tganiga ham to‘xtalgan.

“Biz ularni qabul qildik, chodirlar va issiq ovqat bilan ta’minladik. 94 kishi Shamsiddin Shohin tumani hududidan chegarani kesib o‘tgan. Chegara hududidagi bozorda ular uchun chodirlar lageri tashkil etildi. Xuddi shunday markazlashgan lager Mo‘minobod viloyati hududida ham tashkil etilgan”, – deya ta’kidlagan viloyat rahbari.

Qurbon Hakimzodaning aytishicha, chegaradan Xatlon va Tog‘li Badaxshon avtonom viloyati hududiga o‘tgan barcha qochqinlar Ko‘lob aeroporti orqali Kobulga qaytishgan.

“Bitta narsani unutmaslik kerak, mamlakatimizda fuqarolik urushi bo‘lgan vaqtlarda afg‘onlar bizning fuqarolarimizni qabul qilishgan, oylar mobaynida ovqat va joy bilan ta’minlashgan. Bugun esa ularning o‘zi musibatda va biz shunchaki insoniylik nuqtayi nazaridan ularga yordam berishimiz shart. Albatta, xavfsizlik va sanitariya normalarini hisobga olgan holda”, – deya Hakimzodaning so‘zlarini keltirmoqda OAV.

Eslatib o‘tamiz, AQSH Afg‘onistondan qo‘shinlarini olib chiqishi ortidan toliblar mamlakat hududlarini birin-ketin egallab olmoqda. Ko‘plab to‘qnashuvlarda afg‘on hukumat qo‘shinlari “Tolibon”ga mag‘lub bo‘lmoqda va jon saqlab qolish uchun hududdagi tinch aholi bilan birgalikda qo‘shni davlatlar hududiga chekinishga majbur bo‘lmoqda.

Afg‘oniston bilan eng katta chegara chizig‘iga ega Tojikiston hududiga qariyb bir oydan beri afg‘on qochqinlarining o‘tishi davom etmoqda. Ma’lum qilinishicha, tojik chegarachilari insonparvarlik va yaxshi qo‘shnichilik tamoyillariga amal qilib, afg‘on harbiylariga o‘z hududiga o‘tishga ruxsat berib kelishyapti. Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon tojik-afg‘on chegarasini mustahkamlash uchun 20 ming harbiy xizmatchini safarbar qilgan.

Afg‘on qochqinlari Tojikistondan tashqari O‘zbekiston, Pokiston hududiga ham qochib o‘tishgan. 16 iyul kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro konferensiyada Pokiston bosh vaziri Imron Xon ayni paytda 3 milliondan ortiq afg‘on qochqinlari Pokistonda jon saqlayotganini ma’lum qilgan.

Mamlakatning qochqinlar bilan bog‘liq manzarasi hanuz og‘ir. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 5,7 million qochqin “Tolibon” qulaganidan keyin mamlakatga qaytib kelgan, 2,7 million qochqin esa Pokiston va Eron kabi davlatlarda qolmoqda. 4 million ichki muhojir hamon o‘z uylaridan uzoqda.

Bloomberg agentligi prezident Jo Bayden ma’muriyati Qozog‘iston, O‘zbekiston va Tojikistondan Amerika qurolli kuchlari bilan hamkorlik qilgan 9 ming nafar afg‘onistonlikni o‘z hududlarida vaqtincha joylashtirishni so‘rab murojaat qilgani to‘g‘risida xabar bergandi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Tojikistonda afg‘on qochqinlari uchun vaqtinchalik baza quriladi