Misrda 22 kilometrlik suv yo‘llariga ega shahar quriladi

Misrda 22 kilometrlik suv yo‘llariga ega shahar quriladi

Misrning O‘rta Yer dengizi sohilida, Marsa-Matruh shahri yaqinida «Alam al-Roum» nomli yangi shahar barpo etilishi rejalashtirilmoqda. 20,6 kvadrat kilometr maydonni egallaydigan loyiha doirasida 22 kilometrlik suv yo‘llari, zamonaviy turar joylar va sayyohlik majmualari quriladi. Bu haqda «Naked Science» xabar berdi.

Loyihaga ko‘ra, shaharda dengiz bilan tutashgan lagunalar va suv yo‘llari tashkil etiladi. Ular turar joylar hamda jamoat binolari orasidan o‘tib, nafaqat manzaraviy vazifani bajaradi, balki kuchli yomg‘ir paytida to‘planadigan suvlarni yig‘ish va oqizishga ham xizmat qiladi.

Shaharni loyihalashda Misrning shimoliy sohiliga xos iqlim va tabiiy sharoitlar hisobga olingan. Binolar dengizdan esadigan salqin shamol va quyosh nuridan samarali foydalanish imkonini beradigan tarzda quriladi. Shuningdek, dengiz sathining ko‘tarilishi ehtimoli inobatga olinib, shahar hududini dengiz sathidan balandroq joylashtirish rejalashtirilgan.

Qirg‘oqni himoya qilish uchun tabiiy usullardan ham foydalaniladi. Sohil bo‘ylab o‘simliklar ekiladi, yomg‘ir suvlarini yig‘ish va tozalash uchun botqoqlik hududlari tashkil etiladi. Bundan tashqari, qum tepaliklari mustahkamlanib, tabiiy ekotizimlar tiklanadi.

«Qatari Diar» kompaniyasi buyurtmasi asosida ishlab chiqilgan loyihada plyajlar, lagunalar bo‘yidagi turar joylar, mehmonxonalar, dam olish majmualari, golf maydonlari, ta’lim muassasalari va biznes markazi qurilishi ko‘zda tutilgan.

Shaharning asosiy yo‘li keng bulvar bo‘lib, u O‘rta Yer dengizi sohilidagi xalqaro yaxtalar portini shahar ichki qismidagi transport markazi bilan bog‘laydi. Shuningdek, sohil hududida madaniy tadbirlar maydoni, amfiteatr, yaxta klubi, masjid va bozorlar barpo etiladi. Loyiha mualliflari shaharni yil davomida sayyohlar tashrif buyuradigan madaniyat va turizm markaziga aylantirishni maqsad qilgan.

Qurilishning birinchi bosqichi 2030 yilda boshlanishi kutilmoqda. Dastlab to‘rt kvadrat kilometr maydon o‘zlashtirilib, plyajlar, ochiq dengiz bilan tutashgan lagunalar va shahar markazida yaxtalar porti quriladi.

Ma’lumot uchun, Misr so‘nggi yillarda yangi shaharlar barpo etishga ham alohida e’tibor qaratmoqda. Jumladan, Qohiraning sharqiy qismida yangi ma’muriy poytaxt qurilishi boshlangan. Uning dastlabki loyihasi «SOM» me’morlik byurosi tomonidan ishlab chiqilgan, keyinchalik esa «Dar al-Handasah Shair & Partners» xalqaro konsalting kompaniyasi tomonidan takomillashtirilgan.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar