21:30 / 04.08.2021
1 691

Afg‘onistonning Helmand viloyatida bir sutkada 40 nafar tinch fuqaro halok bo‘ldi

Afg‘onistonning Helmand viloyatida bir sutkada 40 nafar tinch fuqaro halok bo‘ldi

Foto: menafn.com /Lashkargoh shahri
Afg‘onistonning Helmand viloyatida o‘tgan bir kunda sodir etilgan to‘qnashuvlar chog‘ida 40 nafar tinch aholi halok bo‘ldi. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Afg‘onistondagi yordam missiyasi (UNAMA)ga tayanib, Anadolu Agency xabar berdi.

UNAMA ma’lum qilishicha, jangovar harakatlar paytida 118 nafar tinch fuqaro yaralangan.
«Agar tomonlar tinch aholi hayotini himoya qilmasa, bu katta fojiaga olib keladi», — deyiladi bayonotda. Missiyaning ta’kidlashicha, davom etayotgan jangovar harakatlar tufayli minglab afg‘onlar o‘z uylarini tashlab ketgan.

Afg‘oniston janubidagi viloyatlar Qandahor, Helmand va g‘arbiy Hirot viloyatida «Tolibon» jangarilari va hukumat qo‘shinlari o‘rtasida to‘qnashuvlar qariyb bir haftadan buyon davom etmoqda. Hukumat qo‘shinlari «Tolibon»ga qarshi keng ko‘lamli operatsiya o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rayotgan paytda Afg‘oniston armiyasi Helmand viloyatining ma’muriy markazi Lashkargoh shahridagi tinch aholidan uylarini tark etishni so‘ragan.

«Tolibon» bayonotiga ko‘ra, harakat viloyat gubernatorligi binolaridan bir necha metr narida joylashgan. Katta yo‘qotishlarga qaramay, «Tolibon» chekinmayapti. Jangarilar Lashkargohning markaziy qismidagi bir necha mudofaalangan majmualarda hukumat kuchlarini qamal qilgan.

Ayni paytda Afg‘oniston armiyasi va AQSH harbiy havo kuchlari bir necha kundan buyon shaharga aviazarbalar yo‘llamoqda. Mahalliy aholining ma’lum qilishicha, hujumlar natijasida ko‘plab binolar vayron bo‘lgan, tinch aholi yaralangan. Xavfsizlik boshqarmasidagi manbaning aytishicha, 2 avgust kuni kechki payt qamal qilingan hukumat kuchlariga yordam berish uchun qo‘shimcha kuchlar — maxsus kuchlar bo‘linmalari yuborilgan.

Ta’kidlash joizki, Helmand viloyatining to‘rtta hududiy telekanali, shuningdek, mahalliy radiostansiyalari o‘z faoliyatini to‘xtatgan, chunki ular joylashgan tumanlar «Tolibon» nazorati ostiga o‘tgan.

Avvalroq BMT Afg‘onistonda 2021 yilning birinchi yarmida tinch aholi orasidagi qurbonlar soni rekord darajaga yetganini xabar qilgandi.

Hukumat va «Tolibon» o‘rtasidagi to‘qnashuvlar tinchlik jarayoni masalasining noaniqligi sharoitida davom etmoqda. Tolibon O‘zbekiston va Tojikiston bilan chegarani deyarli to‘liq nazorat qilmoqda. O‘zbekistonga boradigan asosiy savdo yo‘lida joylashgan «Hayraton» nazorat-o‘tkazish punkti ikki tomondan «Tolibon« qo‘lida. Jangarilar janubi-g‘arbiy G‘azni viloyatida ham hujumlarni kuchaytirgan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Dunyo » Afg‘onistonning Helmand viloyatida bir sutkada 40 nafar tinch fuqaro halok bo‘ldi
[/banner_pushhouse