09:53 / 15.09.2021
707

Putin atrofidagi kishilarda COVID-19 aniqlangani sababli yakkalanish rejimiga o‘tdi

Putin atrofidagi kishilarda COVID-19 aniqlangani sababli yakkalanish rejimiga o‘tdi
Foto: «RIA Novosti»
Rossiya prezidenti Vladimir Putin, atrofidagi kishilar orasida COVID-19 aniqlangani sababli, o‘z-o‘zini yakkalash rejimiga o‘tishi zarurligini e’lon qildi, deb yozadi Meduza.

Xabarga ko‘ra, Putin «bir muncha vaqt» o‘zini izolyatsiyada saqlab turadi. Shu munosabat bilan u 15—17 sentabr kunlari Dushanbeda bo‘lib o‘tadigan Shanxay hamkorlik tashkiloti va Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti sammitlarida videoaloqa orqali ishtirok etadi.

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlarga bergan intervyusida, davlat rahbarining atrofidagi kishilardan aynan kim koronavirusga chalinganiga aniqlik kiritmadi, biroq bir necha kishi kasallanganini qayd etdi. Peskovning so‘zlariga ko‘ra, Putinning COVID-19 uchun o‘tkazgan testlari natijasi salbiy chiqqan. «Prezident mutlaqo sog‘lom», — dedi u. Shuningdek, Kreml matbuot kotibi prezidentning 13 sentabrdagi shaxsiy uchrashuvlari chog‘ida «hech kimning sog‘ligi xavf ostida bo‘lmaganini» aytdi.

13 sentabr kuni Paralimpiya sportchilari bilan uchrashuvda Putin «tez orada karantin rejimiga o‘tishi» mumkinligini, chunki «atrofidagi odamlarning ko‘pchiligi kasal ekani»ni aytgan. Prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov keyinroq Putin o‘z fikrini «majoziy» ifoda etganini aytdi.

Putin bilan uchrashmoqchi bo‘lgan odamlarning ko‘pchiligi, undan oldin bir necha kunlik karantindan o‘tishi kerak — masalan, sentabr oyining boshlarida Olimpiada va Paralimpiada medallari sovrindorlari ham karantinda bo‘lgan, ularning ba’zilari uchun bu bo‘lajak musobaqalarga tayyorgarlik davomida salbiy ta’sir ko‘rsatgan.

Shu bilan birga, avvalroq Putin bilan uchrashgan Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko va Suriya prezidenti Bashar Asad karantinga rioya qilmagan.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya prezidenti Vladimir Putin 23 mart kuni koronavirusga qarshi vaksinaning birinchi dozasini, 14 aprel kuni esa ikkinchi dozasini qabul qilgan. Putin Rossiyaning «Sputnik V» vaksinasi bilan emlangan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Dunyo » Putin atrofidagi kishilarda COVID-19 aniqlangani sababli yakkalanish rejimiga o‘tdi
[/banner_pushhouse