16:42 / 14.10.2021
1 593

KXDR rahbari «yengilmas armiya» tuzishni va’da qildi

KXDR rahbari «yengilmas armiya» tuzishni va’da qildi
Foto: Reuters
Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In Qo‘shma Shtatlarning dushmanona siyosatiga qarshi kurash uchun yengilmas armiya tuzishni va’da qildi. U shuningdek KXDR yangi qurol turlarini urush boshlash uchun emas, faqat mudofaa uchun ishlab chiqarayotganini qo‘shimcha qilgan.

Kim Chen Inning bu bayonoti Shimoliy Koreya uchun yangilik bo‘lgan mudofaa sanoati ko‘rgazmasida, turli raketalar fonida turgan holda berildi.

Shimoliy Koreya maxsus kuchlari Pxenyandagi harbiy ko‘rgazmada mushti bilan g‘isht sindirish va temir panjaralarni bukish mahoratini namoyish etdi. Tegishli video mamlakat markaziy televideniyesi tomonidan namoyish etilgan.

Sentabr oyi oxirida Shimoliy Koreya mamlakat tarixida ilk marta gipertovushli raketa uchirgandi. Hukumatning ma’lum qilishicha, «Hvason-8» deb nomlangan ushbu turdagi raketa sinovlari muvaffaqiyatli o‘tgan. Shuningdek, KXDR Mudofaa fanlari akademiyasi tomonidan yangi turdagi boshqariluvchi zenit raketasi muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazilgan.

Yangi raketalar uchirilishi jarayoni televizor orqali namoyish etilgan. Bu nafaqat mudofaa uchun, balki qashshoqlashgan aholida vatanparvarlik ruhini ko‘tarish uchun ham qilinmoqda / GETTY IMAGES
Bu vaqtda Janubiy Koreya ham suvosti kemalaridan yangi qanotli raketalarini uchirib sinov o‘tkazgandi.

Janubdagilarning harbiy tayyorgarligi kuchaytirilishiga javoban Shimol yetakchisi KXDR qo‘shnilar bilan urush qilishni istamasligini aytib o‘tdi. «Biz urush boshlashni istamaymiz, ammo urushning oldini olishni istaymiz, shu tufayli o‘z suverenitetimizni himoyalash uchun mudofaa salohiyatimizni oshiramiz», dedi Kim Chen In.

Turli-tuman harbiy texnikalar qurshovida turgancha u AQSHni Shimol va Janub o‘rtasidagi ziddiyatga olov qalashda aybladi va shu paytgacha Qo‘shma Shtatlar KXDRga dushman ko‘zi bilan qaramayotganining belgilarini ko‘rmayotganini qayd etdi.

Jo Bayden ma’muriyati bir necha marta Shimoliy Koreya bilan muzokaralar o‘tkazish hamda sanksiyalarni yumshatishga tayyorligini aytgan, ammo buning uchun Pxenyan yadro quroli ishlab chiqarish bo‘yicha harakatlarini to‘xtatishi talab etiladi. Hozircha KXDR bunday shartga rozi emas.

O‘z vaqtida BMT Shimoliy Koreyaga ballistik raketalari va yadro quroli sinovini o‘tkazishni taqiqlagandi. KXDR esa bu taqiqlarni e’tiborsiz qoldirdi, natijada bu davlatga nisbatan qat’iy sanksiyalar joriy etildi .

Sentabr oyida Atom energiyasi xalqaro agentligi (MAGATE)Shimoliy Koreya Yonbendagi 2018 yil dekabr oyida to‘xtab qolgan qurol uchun plutoniy ishlab chiqaradigan atom reaktori loyihasini qayta ishga tushirgani haqida xabar qildi. Mazkur voqea Kim Chen Inning AQSH sobiq prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuvidan olti oy o‘tgach to‘xtatib qo‘yilgandi.

KXDR 2009 yilda inspektorlarini haydab chiqargan MAGATE ushbu hodisalar o‘ta xavotirliligi va BMT xavfsizlik kengashining rezolyutsiyasiga zid ekanligini bildirgan.

Shimoliy Koreya hamisha o‘z mudofaasi uchun yangi qurol turlarini ishlab chiqarishda davom etishi zarurligini aytib keladi.

Shimoliy Koreyadagi haqiqiy vaziyat haqida gapirish qiyin. Tashviqot plakatlariga qaralsa, barchasi joyida.
​​​​ERIC LAFFORGUE/ART IN ALL OF US/CORBIS VIA GETTY

Ammo kuzatuvchilarning tasdiqlashicha, harbiy dasturlardan aslida qashshoq aholining ruhini ko‘tarishda foydalaniladi. Hukumat Covid-19 pandemiyasi tufayli mamlakat chegaralarini butunlay yopib olgach, ayni vaqtda KXDRda o‘ta og‘ir iqtisodiy vaziyat yuzaga kelgan deb aytishga asoslar bor.

O‘tgan davr mobaynida Xitoydan birinchi navbatda zarur bo‘lgan mahsulotlar - yonilg‘i hamda oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berilishi ham to‘xtab qolgan.

Kuzatuvchilarning qayd etishicha, Kim Chen In ko‘rgazmaga an’naviy to‘q rangli kostyumda tashrif buyurgan, ammo uning oyog‘ida botinka emas, paypoq va shippak bo‘lgan, bu esa yana bir bor uning sog‘ligi holati to‘g‘risidagi savollarni yuzaga keltirdi.

Podagra odatda bo‘g‘imlar shishi bilan birga kechadi. Bu kasallikning yunonchadan tarjimasi «oyoq uchun qopqon» ma’nosini beradi.
Anig‘ini hech kim bilmaydi, ammo ko‘pchilikning hisoblashicha, uning sog‘ligidagi muammolar ortiqcha vazn to‘plagani, shuningdek, podagra (moddalar almashinuvi tufayli yuz beradigan, bo‘g‘inlarni qizishganday zirqiratib og‘ritadigan kasallik) bilan bog‘liq. Uning tashriflariga oid rasmiy videoyozuvlarda ortiqcha vazndan aziyat chekayotgani bilinib turgan KXDR yetakchisi biroz oqsoqlanib yurganini sezish mumkin. Uning keng shimlari ham yurishning notekisligini bildirmaslik uchun maxsus tikilgani aytiladi.

Seuldagi NK News agentligi tahlilchisi Kolina Zvirkoning so‘zlariga ko‘ra, may oyida shimoliy koreyaliklar yetakchisi juda tezlik bilan ozib ketgan, sentabr oyida o‘ziga xos bo‘lmagan tarzda yumshoq gilam ustida juda uzoq nutq so‘zlagandi.

Harbiy parad muqobili
Lora Bikon, BBC’ning Seuldagi korrespondenti

Pxenyan hamisha paradlarda harbiy texnikalarni namoyish etib keladi. O‘tgan yili parad Seulda ham namoyish etilgandi.
Kim Chen In nafaqat o‘z harbiy qudrati bo‘yicha bayonot berdi, balki uni bizga ko‘rsatdi ham.

Aytish mumkinki, bu ko‘rgazma harbiy paradning muqobili bo‘ldi. Bu Kim Chen In hokimiyatga kelganidan buyon shu kabi birinchi ko‘rgazmadir.

Qit’alararo harakatlanuvchi raketalar hamda o‘zining harbiy formadagi portretlari qurshovida turib u o‘zining «cheksiz mag‘rurligi» haqida gapirdi.

Kim Chen In rafiqasi bilan kursantlar qurshovida. Kimlarning uch avlodi ham armiyaga muhabbatini va hamisha ular bilan birgaligini ochiqchasiga namoyish etib kelgan
U shuningdek mamlakat harbiy arsenalini rivojlantirish davom etishi va bundan maqsad faqat boshqalarni tiyib turish hisoblanishini aytib o‘tgan.

U o‘z armiyasi ixtiyoridagi qurollar ro‘yxatini kengaytirishga va’da qilib, so‘nggi yillarda Janubiy Koreya ham aynan shu ish bilan shug‘ullanayotganini qayd etgan.

Kim Chen In o‘zining harbiy dasturlariga qarshi chiqayotganlarni ikki xil standartlarda aybladi. U Pxenyan ham Seuldagi kabi mudofaani mustahkamlash huquqiga ega bo‘lishni istashini aytib o‘tdi.

Shimoliy Koreya qishlog‘ida olingan noyob kadrlardan biri - turistlarga ko‘rsatish uchun emas. KXDRning mablag‘lari ham mudofaani mustahkamlash uchun, ham aholiga yordam ko‘rsatish uchun yetishi dargumon.
EXITHAMSTER / BARCROFT MEDIA VIA GETTY IMAGES

Ammo bir necha kun muqaddam Kim Chen In Koreya Mehnat partiyasi tuzilganining 76 yilligi munosabati bilan qilgan chiqishida o‘z atrofidagi amaldorlarni «qayg‘uli reallik» qarshisida qolgan KXDR aholisining yashash sharoitlarini yaxshilash bilan shug‘ullanishga chaqirgandi.

KXDRning moliyaviy imkoniyatlari juda chegaralangan, mamlakat qat’iy iqtisodiy sanksiyalar sharoitida yashamoqda, bunday sharoitlarda qanday qilib yengilmas armiya tuzish va shu bilan birga xalqqa ham yordam berish mumkin?

Agar KXDR «armiya yoki xalq» degan qat’iy tanlov qarshisida qoladigan bo‘lsa, qaysi tomon tarozi pallasini bosishi hozircha noma’lum.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » KXDR rahbari «yengilmas armiya» tuzishni va’da qildi