Nonushta ko‘pincha kunning eng muhim taomi hisoblanadi. Tungi uyqudan keyin u organizmni yaxshi va sog‘lom his qilish uchun zarur bo‘lgan energiya va ozuqa moddalari bilan ta’minlaydi. Diyetolog mutaxassis Marina Melnikova nonushta metabolizmni boshlash, konsentratsiyani oshirish, immunitetni mustahkamlash va hatto, vaznni nazorat qilish uchun qanday yordam berishi haqida so‘z yuritadi.
Yormalar
Tezroq uyg‘onish va energiya olishning eng yaxshi usullaridan biri — bu to‘liq donli mahsulotlarni iste’mol qilishdir. Bu oziq-ovqat guruhi tarkibida kun davomida o‘zingizni tetik his qilishingizga yordam beradigan ozuqaviy moddalar mavjud.
Yormalar qondagi qand miqdorini tartibga solishga yordam beradi va sizni uzoqroq to‘q saqlaydi. Bundan tashqari, ularning kaloriyasi past bo‘lishi bilan birga B vitaminlari, temir, magniy, sink va E vitamini kabi vitamin va minerallarga boy.
Nonushta uchun qanday yormalarni tanlash kerak?
Ovsyanka, kinoa va bug‘doy yormasidan tayyorlangan bo‘tqalar. Qo‘shimcha sifatida bo‘tqaga zig‘ir yoki chia urug‘idan sepib, iste’mol qilsa bo‘ladi.
Agar ertalab nonushta uchun vaqtingiz kam bo‘lsa, to‘liq donli tost ham juda yaxshi tanlovdir — qo‘shimcha protein olish uchun ustiga biroz yong‘oq yog‘idan surting. Smuzilarni ham unutmang: kuningizni boshlash vaqtida ovsyanka, banan va bodom suti aralashtirilgan to‘yimli ichimlikdan bahramand bo‘ling!
Proteinga boy ovqatlar
Oqsil nafaqat energiya darajasini saqlab qolishga yordam beradi, balki uzoq muddatga to‘qlik hissini beradi. Proteinga boy nonushta kun davomida diqqatni jamlab, hushyor turishga sababdir. Proteinni o‘z ichiga olgan mazali nonushta tetiklashtiradi.
Nonushta uchun oqsilga boy mahsulotlar:
- tuxum ajoyib tanlovdir, chunki u to‘qqizta muhim aminokislotalardan iborat, qolaversa, proteinning to‘liq manbai hamdir;
- boshqa yuqori proteinli variantlar — yunon yogurti, pista, urug‘lar va yong‘oq moylari;
- smuzi ham ertalab qo‘shimcha protein olishning oson usuli hisoblanadi. Unga yunon yogurti yoki yong‘oq yog‘ini qo‘shing va bu oqsil energiyasini beradi;
- chia urug‘lari yana bir ajoyib qo‘shimcha hisoblanadi, chunki u kletchatka va omega-3 yog‘ kislotalarini o‘z ichiga oladi, bu sizni tushlikgacha to‘q tutadi.
Nonushtaga ko‘proq oqsilli oziq-ovqat iste’mol qilish, o‘zingizga qo‘shimcha energiya berish va tezroq uyg‘onishingizga yordam berishning oson yo‘lidir.
Mevalar
Ularda tabiiy shakar mavjud bo‘lib, tezda energiya portlashini ta’minlaydi, tezroq uyg‘onishingizga va o‘zingizni yanada tetik his qilishingizga yordam beradi. Yangi uzilgan mevalar energiya berishdan tashqari, tushlikdan oldin ovqatga bo‘lgan yuqori talabni bostiradi. Shuningdek, ular sizni kun davomida organizmni sog‘lom saqlashingiz uchun zarur bo‘lgan vitamin va minerallar bilan ta’minlaydi.
Nonushta uchun qaysi meva va rezavorlar foydali?
Banan nonushta uchun ajoyib tanlovdir, chunki u kaliyga boy, bu modda qon bosimini tartibga soladi va kun davomida energiya beradi.
Olma, apelsin va greyfrut ham ajoyib nonushta variantidir. Ular miya faoliyatini oshiradigan vitaminlarni o‘z ichiga oladi.
Organizmdagi yallig‘lanishni kamaytiradigan, diabet, yurak xastaligi kabi surunkali kasalliklardan himoya qiluvchi antioksidantlar — ovsyanka yoki yogurtga chernika, malina rezavorlarini qo‘shing.
Darvoqe, mevani alohida taom sifatida iste’mol qilish shart emas: ularni boshqa to‘yimli ingrediyentlar — yong‘oqlar, urug‘lar, hatto oqsil kukuni bilan birlashtiradigan juda ko‘p mazali retseptlar mavjud. Misol uchun, banan bo‘laklari, olma yoki nok bo‘laklari bilan turli smuzilarni sinab ko‘ring.
Kofe
Bu ichimlik ko‘pchilik uchun ertalabki tartibning ajralmas qismidir. Bu nafaqat energiya va hayotiylikni oshiradi, balki saratonning ayrim turlari xavfini kamaytiradi va vazn yo‘qotishga yordam beradi. Bundan tashqari, qahva juda xushta’m! Ertalabki vaqtlarda qo‘shimcha quvvat qidirayotgan bo‘lsangiz, mazali ta’mga ega bo‘lish uchun bir chashka qahvangizga muskat yong‘og‘i yoki dolchin qo‘shib ko‘ring.
Achchiq shokolad
Kofein va teobrominning yuqori miqdori tufayli tiklovchi xususiyati bilan mashhur. Teobromin — kakao loviyalarida topilgan alkaloid bo‘lib, hushyorlikni oshiradi, diqqatni jamlaydi, charchoqni kamaytiradi va kayfiyatni yaxshilaydi. Kofein bilan birgalikda kuchli kombinatsiya bo‘lib, ertalab sizga qo‘shimcha quvvat beradi.
Har kuni to‘yimli nonushtaning ko‘plab afzalliklari bor. Shuningdek, u kun davomida konsentratsiya darajasini yaxshilashga yordam beradi, organizm optimal salomatligi uchun zarur bo‘lgan vitamin va minerallar bilan ta’minlaydi. Nonushta, shuningdek, kun davomida oziq-ovqatga bo‘lgan ishtiyoqni kamaytiradi, umumiy ovqatlanish odatlarini yaxshilashga olib keladi, chunki muntazam ravishda ovqatlanish qondagi qand miqdorini barqaror ushlab turadi. Bu esa kun davomida ochlik vaqtida ishtaha ochilganda ortiqcha ovqatlanishning oldini oladi.
“Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring