Vazn tashlashni istaydigan, uyqusida muammo kuzatiladigan insonlar ratsioniga tvorogni kiritishi kerak. Salomatlik bilan bog‘liq muammolarning oldini olish uchun ushbu mahsulotdan 100-200 gr iste’mol qilish kerak bo‘ladi.
Gemoglobin ko‘tariladi
Tvorog gemoglobin uchun ahamiyatli bo‘lgan temir moddasini o‘z ichiga oladi. 1 kg tvorog tayyorlash uchun 8-10 litr sut kerak bo‘lgani uchun ham ushbu mahsulotda temir miqdori sutdagidan ham ko‘proq bo‘ladi.
Jigarni tozalaydi
Yog‘li va tez tayyorlanadigan taom sevuvchi va tez-tez yeyuvchilarning jigar hujayrasida yog‘ to‘planib boradi. Bu esa jigarning yog‘ bosishiga olib keladi. Tvorog tarkibidagi aminokislota — miteonin esa yog‘larni parchalash va qondagi “yomon” xolesterinni kamaytirish xususiyatiga ega.
Ozishga yordam beradi
9 foizli 100 gramm tvorogda, atigi 169 kaloriya hamda tez to‘yishga yordam beruvchi oqsildan 16 foiz bo‘ladi. Shu sababdan ham uning iste’molidan keyin odam o‘zini to‘q his qiladi va odatdagidan kamroq taom yeydi.
Tishlarni mustahkamlaydi
Shuningdek, ushbu mahsulot kalsiy va fosforning koni sanaladi. Uning ratsiondan o‘rin olishi tish bilan bog‘liq muammolardan qutilishga yordam beradi, suyaklar mustahkam, soch va tirnoqlar esa avvalgidan ham baquvvat bo‘ladi.
Uyquga ijobiy ta’sir qiladi
Tvorog uyqusizlik, xavotir va tushkunlikda samara beruvchi aminokislota triptofanni o‘z ichiga oladi. Ushbu aminokislota uyqu garmoni melatoninning ishlab chiqarilishi uchun javob beradi
Mushaklar tonusini oshiradi
Tvorog go‘shtdan ham yaxshi hazm qilish xususiyatiga ega bo‘lib, uni doimiy iste’mol qilish mushaklar hajmini oshirishga yordam beradi. Parhezshunoslar tarkibida uglevod miqdori kam ekani bois ham ushbu mahsulotni har kuni yeyish mumkinligini ta’kidlaydi. Shuningdek, tunda o‘sish garmoni somatotrapin ishlab chiqariladi va shu bois ham tvorogni uyqudan oldingi so‘nggi mahsulot sifatida yeyish samara beradi.
Tvorogni nima bilan qo‘shib iste’mol qilish mumkin?
Ushbu sutli mahsulotni meva, murabbo bilan qo‘shib iste’mol qilish mumkin. Ko‘ngli biron shirinlik istaydigan, lekin semirib ketishni istamaydiganlarga dolchin (koritsa) qo‘shish tavsiya qilinadi. Bundan tashqari, parhezdagilar avokado yoki ko‘katlar qo‘shishi, pishloq bilan birga omlet tayyorlashi ham mumkin.
Sut ichishni yoqtirmaydiganlar uchun
Sut tarkibidagi sut shakari sabab ham ayrimlar uni iste’mol qilishni yoqtirmaydi. Ushbu mahsulotga allergiya bo‘lsa yoki sizda sut shakarini parchalaydigan ferment yetishmagan taqdirda ham barcha nordon sut mahsulotlarida sut shakari bo‘lavermasligini inobatga olib, sut oqsilini qabul qilish kerak ekanini unutmang.