Suyaklarni obdon qaynatib, ishtahani qitiqlaydigan hidga ega sho‘rva tayyorlash anʼanasi bundan ko‘p asrlar ilgari paydo bo‘lgan. Hozirgi kunga kelib esa suyak sho‘rvani “superfud” deb atay boshlashgan.
Suyak sho‘rvaning foydali xususiyatlari juda ko‘p ekani, u teridagi ajinlarni silliqlashi, tirnoqlarning mustahkam bo‘lishiga yordam berishi, sochlarga quvvat bag‘ishlashi, immunitetni mustahkamlab bo‘g‘imlar salomatligiga ham ijobiy taʼsir ko‘rsatishi haqida eshitgansiz, albatta. Bugungi kunga kelib uni uyda qaynatishga hojat ham qolmagan: suyak sho‘rvani maxsus idishlar ichiga solingan jele yoki suv bilan aralashtirib tayyor holatga keltiriladigan kukun ko‘rinishida xarid qilishingiz mumkin.
Foydali xususiyatlari haqida tinmay gapiriladigan ushbu taomning salomatlik va go‘zallik uchun foydali ekanligi rostmi? Shifokorlar va parhezshunoslarning bu boradagi fikri qanday?
“Foydasi bor”: parhezshunos fikri
Keling, yaxshi yangiliklardan boshlaymiz: agar suyak sho‘rvani uning ozuqaviy qiymati uchun isteʼmol qilmoqchi bo‘lsangiz, sizni qo‘llab-quvvatlaymiz. Parhezshunos Tamara Semyuelsning fikricha, ushbu mahsulot tarkibida organizm uchun kerakli bo‘lgan bir nechta ozuqaviy moddalar mavjud. “Suyak – nafaqat oqsil, balki temir, kalsiy, tiamin va boshqa bir qator vitaminlarning ham ajoyib manbai hisoblanadi”, – deydi u.
Mutaxassisning aytishicha, suyak sho‘rva tovuq yoki mol go‘shti bulonidan ko‘ra foydaliroqdir. “Uni odatda 4 soatdan 18 soatgacha bo‘lgan vaqt mobaynida qaynatishadi, bu esa suyaklardan ozuqaviy moddalarni ko‘proq ajratib olish, foydali va to‘yimli taomni tayyorlashga imkon beradi”, – deydi parhezshunos.
Kollagen haqida ikki og‘iz
Kollagen inson organizmi faoliyatida muhim o‘rin tutadi, u suyaklar va bo‘g‘imlar salomatligi, terining cho‘ziluvchanlik xususiyati uchun javob beradi. Yosh o‘tib borgani sayin organizm kollagenni kamroq ishlab chiqara boshlaydi, shuning uchun ham tarkibida kollagen mavjud bo‘lgan taom yoki ichimlikni isteʼmol qilish salomatlik uchun ham, go‘zallik uchun foydali bo‘ladi.
Biroq, kardiojarroh va parhezlarning inson salomatligiga taʼsirini o‘rganish bilan shug‘ullanuvchi klinika rahbari Stiven Gandri barchasi bir qarashda ko‘ringani kabi oddiy emasligini aytadi. Gap shundaki, oqsil isteʼmol qilayotganimizda organizm uni aminokislotalarga ajratadi, shu boisdan ham kollagendan qabul qilingan aminokislotalar qaytadan kollagen sifatida “birlashishi”ga ham hech kafolat bera olmaydi.
“Albatta, sizda kollagen ishlab chiqarish uchun maxsus bloklar paydo bo‘ladi. Ammo ular taomnomaga tarkibida prolin yoki lizin miqdori ko‘p bo‘lgan istalgan mahsulotni qo‘shish orqali hosil bo‘lishi mumkin”, – deydi Gandri. Boshqacharoq qilib aytganda, suyak sho‘rvani faqatgina kollagen uchun ichishdan foyda yo‘q – organizmingiz undan kollagenni ajratib olishi ehtimoli juda past”.
Mazali suyak sho‘rva qanday tayyorlanadi?
Suyak sho‘rvani shunchaki ajoyib taʼmi uchun isteʼmol qilish ham mumkin, to‘g‘rimi? Issiqqina sho‘rva kuz va qish faslida organizmga xush yoqadi.
Do‘kondan sotib olingan kukun ko‘rinishidagi sho‘rva haqiqiysining o‘rnini bosa olmasligi aniq. Shuning uchun ham suyak sho‘rvani uy sharoitida tayyorlashni tavsiya qilamiz va bu borada sizni professionallardan bir nechta maslahatlar bilan tanishtiramiz.
Suyak sho‘rva haqida butun boshli kitob yozishga ulgurgan taniqli oshpaz Marko Kanorning aytishicha, odamlar suyak sho‘rva tayyorlashda yo‘l qo‘yadigan asosiy xato – suyaklarni to‘g‘ri tanlay bilmaslikdir. “Yaxshilab tozalangan oppoq ko‘rinishdagi suyaklarni xarid qilmang, ulardan qaynatilgan sho‘rva oq rangli suyuqlik ko‘rinishida va bemaza bo‘ladi. Sho‘rva uchun yuzasidagi go‘sht bo‘laklarini butunlay ajratib olish imkonsiz bo‘lgan qismlar, misol uchun molning bo‘yin sohasidagi suyaklarni saralab oling”, – tavsiya qiladi Kanor.
Oshpaz suyak sho‘rva tayyorlashda har doim yangi sabzavotlardan foydalanish va qozon ichiga haddan tashqari ko‘p suv quyib yubormaslikni maslahat beradi. Markoning aytishicha, uning barcha tavsiyalariga amal qilinsa, suyak sho‘rva ishtahaochar va o‘ta mazali bo‘lib pishadi. U organizmga foyda keltirmagan taqdirda ham tanangizni yayratib yuboradi.
“Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring