Ba’zida sog‘liqdagi muammolarni bartaraf etish uchun ko‘proq yangi sabzavot va mevalarni iste’mol qilish kerak. Ularni kuniga, taxminan, besh dona qabul qilish tavsiya etiladi. Ammo oz miqdordagi odamlargina bunga rioya qiladi. Ko‘pchilik esa kuniga bir-ikki dona bilan cheklanadi. Demak, salomatlik uchun ratsionni qaytadan ko‘rib chiqish zarur.
Milklarning qonashi
C vitamin yetishmovchiligi tufayli teri shikastlanishi ehtimoli oshadi, ayniqsa, milklarning qonashi ko‘proq kuzatiladi. Ushbu muammoning oldini olish uchun bulg‘or qalampiri, salat bargi, karam, pomidor va sitrus mevalar iste’mol qilish kerak.
Doimo charchoqni his qilish
Ratsionda B vitamini kamligi tufayli tanada energiya va tetiklik yetishmaydi. Buning uchun no‘xat, loviya, yasmiq kabi dukkaklilar hamda ko‘katlar iste’mol qilish tavsiya etiladi.
Tez-tez shamollash
Organizmda C vitaminining yetishmasligi tufayli tez-tez shamollab qolish holati kuzatiladi. Kasallikning oldini olish uchun muntazam ravishda yashil sabzavot va sitrus mevalar qabul qilish kerak.
Xotiraning susayishi
Lyutein – yangi ma’lumotni o‘zlashtirishga yordam beradigan, shuningdek, ularni xotirada uzoq saqlanishini ta’minlaydigan ozuqa moddasi. Bunga sabzi, brokkoli, makkajo‘xori, pomidor, ko‘kat barglari kiradi. Agar xotirada muammolar bo‘lsa, ushbu sabzavotlarni ratsionga qo‘shish tavsiya etiladi.
Stressni yengishda qiyinchilik
Stress inson hayotining ajralmas qismidir, ammo uni yengish choralarini ko‘rish kerak. Buning uchun iste’mol qilinayotgan mahsulotlar antioksidantlar, polifenollar va karotinoidlar kabi yallig‘lanishga qarshi birikmalarga boy bo‘lishi kerak. Ularning barchasi esa meva va sabzavotlarda mavjud.
Tomir tortishishi
Tomir tortishishining oldini oluvchi samarali mikroelement kaliydir. Shuningdek, muntazam sport bilan shug‘ullanuvchi yoki issiq havoda tashqarida bo‘luvchilar uchun ushbu modda juda muhim sanaladi. Ayniqsa, kaliy yurakning me’yorda ishlashiga yordam beradi. Kaliy yetishmovchiligining asosiy yechimi ko‘proq banan iste’mol qilishdir. Bir dona bananda o‘rtacha 420 mg kaliy mavjud.
Ortiqcha vazndan qutula olmaslik
Meva va sabzavotlarning yana bir bebaho xususiyati – ularning tarkibidagi tola uzoq vaqtga yetadigan to‘yinganlik hissini beradi. Shuningdek, ularning aksariyatida kaloriya miqdori kam. Shu sababdan ochlikni his qilmagan holda vazn tashlash ko‘proq samara beradi.
“Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring