12:31 / 30.05.2024
197

Qanday hollarda qulupnay yeyish zararli?

Qanday hollarda qulupnay yeyish zararli?
Foto: Getty Images
Qulupnay rezavor va tansiq meva bo‘lib, may iyun oylari qulupnayning ayni pishiqchilik davriga to‘g‘ri keladi. Shunga qaramay, hozirgi zamonda yilning istalgan vaqtida qulupnaylarni supermarketlardan xarid qilish mumkin. Quyida qulupnayning foydali xususiyatlari va bir qancha zararlari haqida so‘zlashamiz.

Qulupnayning foydali tomonlari

Vitaminlar va muhim ozuqa moddalar

Qulupnay immunitetni mustahkamlovchi va terining sog‘lom bo‘lishiga yordam beruvchi C vitaminiga boy. Uning tarkibida homila rivojlanishi uchun muhim bo‘lgan foliy kislotasi, ya’ni B9 vitamini mavjud.

Antioksidantlar
Qulupnayda organizmni oksidlantiruvchi stress va erkin radikallardan himoya qiluvchi ko‘plab birikmalar mavjud. Undagi antioksidant va anotsianlar organizmda yallig‘lanishni bartaraf etadi hamda surunkali kasalliklarning oldini oladi.

Yurak salomatligi uchun
Qulupnay yurak kasalliklari xavfini kamaytiradigan flavonoidlarga boy. Rezavordagi o‘simlik tolalari xolesterin darajasini va yurak kasalliklari xavfini kamaytiradi.

Qon-tomirlar uchun
Qulupnay glikemik indeksi past mahsulot hisoblanadi. Bu ko‘rsatkich qondagi qand darajasining tez ko‘tarilib ketmasligini anglatadi. Qulupnay qand kasalligiga chalinganlar yoki qondagi shakar miqdorini nazorat qilishni istaganlar uchun ajoyib tanlovdir.

Miya to‘liq ishlashi uchun
Qulupnaydagi antioksidantlar miyaning kognitiv funksiyasini yaxshilashga yordam beradi va yosh bilan bog‘liq miyadagi buzilishlar xavfini kamaytiradi. Annals of Neurology jurnalida chop etilgan tadqiqotga ko‘ra, qulupnay va boshqa rezavorlar kognitiv jihatdan qarishni 2,5 yilgacha kechiktirishi mumkin.

Sog‘lom va go‘zal teri uchun
Qulupnay kollagen oqsili ishlab chiqarishda ishtirok etadigan C vitaminiga boy. Undagi antioksidantlar terini quyosh va boshqa ekologik omillar ta’siridan himoya qiladi.

Qulupnayning zararli tomonlari

Pestitsid qoldiqlari
Qulupnay doimiy sug‘orib boriladigan ekin bo‘lib, ko‘pincha uning yuzasida pestitsid kabi kimyoviy moddalar qoldiqlari qolib ketadi. Pestitsidlar bir qator jiddiy muammolarni, jumladan saraton, reproduktiv va nevrologik kasalliklarni keltirib chiqaradi. Pestitsid qoldiqlarini olib tashlash uchun qulupnayni yaxshilab yuvish lozim.

Allergik reaksiyalar
Ba’zilarning qulupnayga kuchli allergiyasi bor. Kuchli allergik reaksiya bir nechta holatlarda tibbiy yordamni talab qilishi mumkin. Ushbu mevani iste’mol qilgach, biror bir noxush alomat, masalan qichishish, shish kabilar kuzatilsa, shifokorga murojaat qilish lozim.

Kariyes
Qulupnay tishlar emalini yemirishi mumkin bo‘lgan tabiiy shakarga boy. Shakar og‘iz bo‘shlig‘ida bakteriyalarning ko‘payishiga va natijada kariyesga olib keladi. Shu sababli qulupnay iste’molidan so‘ng tishlarni yuvish yoki og‘izni chayqash lozim.

Oshqozon-ichak muammolari
Qulupnay yegach ba’zi shaxslarda oshqozon bilan bog‘liq shish, gaz, diareya kabi muammolar kuzatiladi. Bunga ko‘p miqdordagi va hazm qilish murakkab bo‘lgan o‘simlik tolalari sababdir.

Dori vositalari bilan ta’sirlashuvi
Qulupnay qonni suyultiruvchi va yallig‘lanishga qarshi dorilar bilan ta’sirlashishi mumkin. Chunki meva tarkibidagi C vitamini dori vositalarining so‘rilishiga imkon bermaydi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Qanday hollarda qulupnay yeyish zararli?