19:53 / 10.12.2024
32

Tadqiqot: Kunlik qahva iste’moli umrni uzaytirib, hayot sifatini yaxshilashga yordam beradi

Tadqiqot: Kunlik qahva iste’moli umrni uzaytirib, hayot sifatini yaxshilashga yordam beradi
Foto: Amer Kapetanovic/UNFPA
Sayyoramizning 65 va undan katta yoshdagi aholisi ulushi muttasil ortib bormoqda. Ma’lum qilinishicha, keksalar soni 2022 yildagi 10 foizdan 2050 yilga borib 16 foizga ko‘payadi. Qizig‘i shundaki, bu nafaqat tibbiy xizmatlarning yaxshilanishi, balki qahva iste’moli bilan ham bog‘liq. Portugaliyaning Koimbra universiteti olimlari jamoasi tomonidan o‘tkazilgan keng ko‘lamli tadqiqot shundan dalolat bermoqda.

Mutaxassislar Yevropa, Shimoliy va Janubiy Amerika, Avstraliya hamda Osiyo aholisi ishtirok etgan 85 ta tadqiqotni tahlil qilib chiqdi. Maqsad qahvaning sog‘liq va o‘lim ko‘rsatkichlariga ta’sirini aniqlash edi. Natija shuni ko‘rsatdiki, kuniga taxminan 3 finjon tetiklashtiruvchi ichimlik iste’mol qilish umr davomiyligini 1,84 yilga uzaytiradi. Bundan tashqari, agar qahva har kuni ichilsa, hayot sifati ham yaxshilanadi — odamlar jiddiy kasalliklarga kamroq chalinadi.

Neyrobiolog Rodrigo Kunya qahvani me’yorida iste’mol qilish yosh ulg‘aygan sari sekinlashadigan va “ishdan chiqadigan” biologik mexanizmlarga qarshi kurashishga yordam berishini ta’kidladi. Bu mexanizmlar sog‘liq bilan bog‘liq bir qator potensial muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Mutaxassisning ta’kidlashicha, qahva turli yoshdagilar uchun turlicha foyda keltiradi, uning tarkibi ham muhim.

Tahlil qilingan tadqiqotlarning kuchli tomonlaridan biri shundaki, ularda juda ko‘p — yuz minglab odamlar ishtirok etgan. Qahva “mushak, yurak-qon tomir, asab va immun tizimi funksiyalarini” saqlab qolishda muhim rol o‘ynashi ma’lum bo‘lgan. Shuning uchun uni iste’mol qilish yurak va tomirlarning turli kasalliklari, saraton, insult, diabet, demensiya, qarilikda zehn xiralashishi, depressiya va boshqalarga chalinish chastotasini kamaytiradi.

Olimlar hozircha qahva iste’moli bilan uzoq umr ko‘rish yoki hayot sifati o‘rtasida bevosita sabab-oqibat bog‘liqligini aniqlamaganini ta’kidlasa-da, olingan natijalar boshqa tadqiqotlar ma’lumotlariga mos kelmoqda. Mutaxassislar ilgari ham qahva iste’moli yurak-qon tomir kasalliklari xavfini pasaytirishi, kam harakatli turmush tarzining salbiy ta’sirini kamaytirishi va umuman umrni uzaytirishi mumkinligi haqida xulosa qilishgandi. Bu masalada eng muhimi — me’yoridan oshirmaslik. Yevropa oziq-ovqat xavfsizligi agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, kunlik mo‘tadil kofein miqdori 400 milligramm bo‘lib, bu 3-5 finjon qahvaga to‘g‘ri keladi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Tadqiqot: Kunlik qahva iste’moli umrni uzaytirib, hayot sifatini yaxshilashga yordam beradi