16:07 / 27.01.2025
441

Pullarni toʻgʻri ishlatishning «Olti xumcha usuli» haqida

Pullarni toʻgʻri ishlatishning «Olti xumcha usuli» haqida
«Olti xumcha usuli» — pullarni oʻz oʻrnida va toʻgʻri ishlatish uchun uchun taklif qilinadigan klassik usullardan biri. Uni T. Xarv Eker oʻzining «Millioner kabi fikrlang» kitobida tavsiflagan.

Bu usulning mohiyati barcha daromadlar, ya'ni pullarni olti toifaga taqsimlashdan iborat va har toifadagi pullar faqat ma'lum maqsadlarga yoʻnaltiriladi.

1-xumcha
Eng muhim yoki joriy xarajatlar uchun — 55 foiz.

Birinchi xumchada kundalik ehtiyoj uchun zarur pullaringizni saqlaysiz: oziq-ovqat, kommunal toʻlovlar, kreditlar, dori-darmon, yoʻl-transport, shifokorga borish va hokazolar. Bular asosan kunda xarajat talab qiluvchi ehtiyojlar.

2-xumcha
Shaxsiy ehtiyojlar uchun — 10 foiz.

Ikkinchi xumchadagi pullarni faqat shaxsiy ehtiyojlaringizga ishlatasiz. Har doim qilinmaydigan xaridlar (kiyim-kechak, yengilroq elektron qurilma va boshqalar). Shu pullarni trenajyor zaliga, kontsertlarga (yoki boʻlmasa ulfatlar bilan choyxonaga) ishlatsangiz ham boʻladi. Faqat shu pullarni ishlatsangiz ortiqcha xarajat qildim deb vijdoningiz qiynalmaydi.

3-xumcha
Moliyaviy erkinlik uchun — 10 foiz.

Uchinchi xumchadagi pullar — moliyaviy erkinlik uchun chiptangiz. Har nima boʻlganda ham bu xumchadagi pullarni sarflamang. Ularni faqat passiv daromad olish uchun investitsiya qiling. Hatto moliyaviy erkinlikka erishgan taqdiringizda ham faqat foydadan qolgan pullarni ishlatishingiz mumkin.

4-xumcha
Ta'lim uchun — 10 foiz.

Bu xumchadagi pullarni faqat ta'lim va shaxsiy rivojlanish uchun sarflashga ruxsat etiladi. Oʻzingiz va farzandlaringizga investitsiya — pullarni ishlatishning eng a'lo usuli. Bu pullar oʻrganish (masalan, ingliz tili, dasturlash yoki haydovchilik guvohnomasi olish), master-klasslar, treninglar, kitoblarga sarflanadi.

5-xumcha
Zaxira jamgʻarmasi va boʻlgʻusi xaridlar uchun — 10 foiz.

Beshinchi xumchadagi pullar ham moliyaviy xavfsizlik yotiqchasi (zaxira jamgʻarmasi), ham yirik xaridlar (avtomobil, ta'til, kir yuvish mashinasi va boshqalar) uchun saqlanadi. Shunda moliyaviy qiyinchiliklar, qarzga botish kabi balolar sizga yaqinlashmaydi, ertangi kuningizdan xavotirlanmaysiz.

6-xumcha
Sovgʻalar va xayriya uchun — 5 foiz.

Oltinchi xumchadagi pullarni yaqinlaringiz, doʻstlaringizga sovgʻa-salom olish yoki xayriya maqsadlariga ishlatasiz. Ularni shunchaki sarflamaysiz, balki odamlarga yaxshilik ulashasiz, shuning uchun ketgani ham bilinmaydi va oʻrni tez qoplanadi. Muhimi, savobli ishlar insonga katta kuch beradi.

Tavsiyalar

Yuqoridagi xumchalardagi foiz koʻrsatmalari nisbiy, ularni siz oʻz imkoniyatingizdan kelib chiqib belgilashingiz mumkin. Ammo raqamlar yuqoridagi kabi boʻlishi — eng maqbul tanlov.

Hech qachon ma'lum xarajatlar uchun moʻljallangan pullarni boshqa maqsadlarga ishlatmang. Faqat eng muhim xarajatlarni amalga oshiring. Xumchalarda qolgan pullar oydan-oyga oʻtib boradi — ehtimol, keyingi safar ular sizga koʻproq kerak boʻlishi mumkin.

Manba: Xabar.uz

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Foydali