"Ba'zida biz kechirishga muvaffaq boʻlganlarni koʻrishni xohlamaymiz". Bu jumla kechirishning emotsional jihatdan murakkab va koʻp qirrali jarayon ekanligini ta'kidlaydi. Kechirish faqatgina jabr koʻrgan shaxsning afv etishidan iborat emas, balki u oʻziga va jabrlovchiga boʻlgan munosabatni tubdan oʻzgartirishga olib keladigan chuqur psixologik holatdir.
Ba'zan kechirishga erishgan boʻlsak ham, jabrlovchi bilan muloqot qilish istagi yoʻqolishi mumkin. Buning bir necha psixologik sabablari mavjud:
1. Travmadan keyingi himoya mexanizmlari
Kechirish jarayonida odam chuqur emotsional oʻzgarishlarni boshdan kechiradi va yaralangan jonini tiklash uchun koʻp vaqt va kuch sarflaydi. Kechirishga erishgandan keyin ham, jabrlovchi bilan yana uchrashish yoki uni koʻrish eski travmaning hissiyotlarini qayta tiklashi mumkin. Bu esa, oʻz ruhiy sogʻligʻini saqlash maqsadida undan uzoqlashishga olib keladi. Bu psixologik himoya mexanizmlaridan biri, masalan, inkor etish yoki siqib chiqarish boʻlishi mumkin. Koʻpchilikda "haliyam kechira olmadim" degan shubha paydo boʻlishi mumkin, holbuki bu aslida emotsional regulyatsiyaning muvaffaqiyatli natijasi boʻlishi ham mumkin.
Boʻlib oʻtgan voqealar xotirasi saqlanib qoladi, lekin ularning ogʻriqli emotsional ta'siri kamayadi.
2. Sogʻlom chegaralarni oʻrnatish
Kechirish munosabatlarning avvalgidek davom etishini anglatmaydi. Kechirish bu - oʻtmishni qoʻyib yuborish, ammo bu degani, munosabatlarni tiklash zarur degani emas. Jabr koʻrgan odam oʻzi uchun sogʻlom chegaralarni belgilab, jabrlovchi bilan muloqotni cheklash yoki undan butunlay voz kechishi mumkin. Bu ruhiy salomatlik va yanada psixologik travmalardan saqlanish uchun muhimdir.
3. Aqliy qaror va emotsional regulyatsiya
Kechirish faqat emotsional jarayon emas, balki aqliy qaror ham boʻlishi mumkin. Aql jabr koʻrish faktini inkor etmaydi, lekin hissiyotlarga boshqacha munosabatda boʻlishga yordam bera oladi. Kechirish jarayonida emotsional regulyatsiyaning roli juda muhim, ya'ni odam oʻzining hissiyotlarini boshqarishni va ularga asta-sekinlik bilan moslashishni oʻrganadi. Oʻtmishning ogʻriqli ta'siri kamayadi, ammo xotirada saqlanib qoladi. Shunday boʻlsa ham, jabrlovchi bilan yana uchrashish ruhiy tinchlikka xavf solishi mumkin.
Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, kechirish bu - murakkab va individual jarayon boʻlib, u faqat afv etishdangina iborat emas. U emotsional regulyatsiya, sogʻlom chegaralarni oʻrnatish va oʻtmish bilan yashashni oʻrganishni oʻz ichiga oladi.
Kechirish jabrlovchi bilan munosabatlarni tiklashga majbur qilmaydi, lekin bu ruhiy salomatlik va kelajakka ishonch uchun juda muhimdir.
Agar kechirish jarayonida qiyinchiliklar yuzaga kelsa, professional psixologik yordam olish maqsadga muvofiq hisoblanadi.
Madina Miytan, psixolog
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar