
Foto: The Voice
Ba'zida oddiy belgilar orqali ham tana qandaydir yordamga muhtoj ekanini taxmin qilish mumkin. Masalan, yurishdagi kichik noqulayliklar, terining koʻrinishi, soch rangida oʻzgarishlar yuz berganda, albatta, shifokorga murojaat qilish kerakligi koʻpchilikka ma'lum. Inson umrining uchdan bir qismi uyquda oʻtadi. Shuning uchun ham yopinchiq va yostiq yordamida bir qancha muammolarni oldindan bilib olish mumkin, deb yozadi Daryo nashri.
Yostiqdagi dogʻlar
Vaqti-vaqti bilan har bir kishi ertalab uygʻonganida yostigʻida soʻlak dogʻlarini koʻrishi mumkin. Tunda soʻlak oqishi mushaklar boʻshashganida roʻy beradigan normal holat hisoblanadi. Agar u tez-tez kuzatilayotgan boʻlsa, demak, bu yaxshi emas. Bunday vaqtda shifokor bilan maslahatlashishni ortga surmaslik kerak. Bu nevrologik, yuqumli va autoimmun kasallikning dastlabki belgisi boʻlishi ham mumkin.
Nam yostiq
Ertalab uygʻonganda yostiq namligi sezilarli darajada boʻlsa, ayol kishida menopauza davri boshlanayotganidan darak beradi. Uning eng keng tarqalgan alomatlaridan biri — bu tunda qizib ketishdir. Ayol gormonlari — estrogen darajasining pasayib ketishi tufayli organizmning termoregulyatsiyasi oʻzgaradi, tana yangi sharoitga moslashishga harakat qiladi. Issiqlik toʻlqinlari esa kecha-yu kunduz insonni tinchlantirmaydi. Buning davomiyligi hammada turlicha boʻlib, haftada bir yoki ikki marta bezovta qilishi mumkin. Mazkur holat muntazam kuzatilsa, ginekolog-endokrinolog bilan bogʻlanish zarur.
Yostiqdagi sochlar
Odatda inson kuniga saksonga yaqin soch tolasini yoʻqotadi. Bu miqdor mavsum va umumiy holatga qarab oʻzgarishi mumkin. Soch toʻkilishining keskin koʻpayishi ogʻir stressga, parhezning oʻzgarishiga, tanadagi gormonal oʻzgarishlarga javob boʻlishi mumkin. Ammo yostiqda tobora soch tolalari ortayotgan boʻlsa, albatta, qalqonsimon bezni tekshiruvdan oʻtkazish kerak. Chunki gipotireoz holatida qalqonsimon bez juda oz miqdorda oʻziga xos gormonlarni ishlab chiqaradi, natijada kechalari soch toʻkilish holati faollashadi.
Yostiq balandligi me'yorda boʻlmasa
Aniqrogʻi, juda baland. Yostigʻini baland qilib uxlaydiganlar endokrinologga murojaat qilishlari mumkin. Gastroezofagial reflyuks kasalligi rivojlanganda oshqozon kislotasi qiziloʻngachga koʻtarilib, shilliq qavatni bezovta qiladi. Natijada jigʻildon qaynashi kuzatiladi, yostiqni balandroq qilish va yarim oʻtirgan holatda qulaylikka erishishga harakat boshlanadi. Agar baland yostiqda uxlaydiganlar boʻlsa, oshqozon-ichak traktini tekshirtirishi lozim.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar