date
views 369

Qahva sog‘lom keksayishga yordam beradimi? Tadqiqot javob berdi

Qahva sog‘lom keksayishga yordam beradimi? Tadqiqot javob berdi
Qahvani kundalik ratsionga qo‘shish nafaqat kun boshida serg‘ayratlik baxshida etishi, balki ayollar uchun keksayish davridagi umumiy salomatlik holatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bu haqda AQSHda o‘tkazilgan yirik va ko‘p yillik tadqiqot — Nurses' Health Study ma’lumotlari asosida xulosa chiqarildi, deb xabar berdi CNN. Ushbu tadqiqot natijalari Orlando shahrida bo‘lib o‘tgan Amerika oziq-ovqat jamiyati anjumanida e’lon qilindi.

30 yillik tahlillar nima ko‘rsatdi?
Toronto universiteti dots.nti, tadqiqot mualliflaridan biri Sara Mahdavi ma’lum qilishicha, kuniga 1 dan 3 chashkagacha kofeinli qahva iste’mol qiluvchi 50 yoshlar atrofidagi ayollarda surunkali kasalliklar kamroq qayd etilgan. Bundan tashqari, ularda jismoniy faollik, ruhiy barqarorlik va aqliy salomatlik boshqalarga nisbatan yaxshiroq saqlanib qolgan.

Ushbu xulosalar 47 mingdan ortiq ayollarni qamrab olgan tadqiqot asosida berilgan. Ishtirokchilar ovqatlanishga oid anketalarni to‘ldirishgan va 30 yil davomida shifokorlar ularning umumiy salomatligidagi o‘zgarishlarni qayd etib borishgan. Kofeinli qahva mo‘tadil iste’moli sog‘lom keksalik bilan yaqindan bog‘liq ekani aniqlangan.

Choy va kofeinsiz qahvada bunday ta’sir qayd etilmadi
Qizig‘i shundaki, tadqiqot davomida choy yoki kofeinsiz qahva iste’mol qilgan ayollar orasida bunday ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmadi. Shuningdek, gazlangan shirin ichimliklarni doimiy iste’mol qiluvchi ayollarda sog‘lom keksayish ehtimoli ancha past bo‘lgan.

Hammaga qahva ichasiz degani emas
Sara Mahdavining ta’kidlashicha, bu tadqiqot barcha ayollarga majburiy ravishda qahva ichishni tavsiya qilmaydi. Agar ayol avval qahvani iste’mol qilmagan bo‘lsa, endi keskin tarzda buni odat qilish shart emas. Har bir insonning organizmi individual va kofeinga reaksiya shaxsiy holatlarga bog‘liq.

Gormonal holat va kofein
Maxsus qayd etilishicha, ayollar organizmidagi gormonlar, xususan estrogen miqdori, kofeinning jigarda parchalanish jarayoniga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Homiladorlik, gormonal terapiya yoki boshqa alohida holatlarda kofein organizmda ancha uzoq saqlanib qolishi mumkin. Shu bois bunday vaziyatlarda qahva iste’moli alohida tibbiy maslahat asosida tartibga solinishi lozim.

Xulosa: me’yordagi qahva – keksayishda barqarorlik manbai bo‘lishi mumkin
Kuniga bir yoki ikki chashka kofeinli qahva ichish ayrim ayollar uchun keksalikda salomatlikni saqlash, energiyani ushlash va aqliy faollikni qo‘llab-quvvatlashda foydali omillardan biri bo‘lishi mumkin. Biroq bu har bir insonda alohida kuzatilishi lozim bo‘lgan jarayon ekanini unutmaslik kerak.

Demak, qahvani sog‘lom hayot tarziga kiritish mumkin, lekin bu mo‘tadillik va individual yondashuv bilan amalga oshirilmog‘i shart.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Foydali » Qahva sog‘lom keksayishga yordam beradimi? Tadqiqot javob berdi