date

Ishonch va baxt o‘rtasidagi bog‘liqlik: olimlar nega hayratda?

Ishonch va baxt o‘rtasidagi bog‘liqlik: olimlar nega hayratda?
Ishonch va baxt – bu ikki tushuncha odam hayotida alohida ahamiyat kasb etadi. Ammo ular faqat alohida emas, balki o‘zaro bog‘liq holda ishlaydigan kuchli psixologik mexanizmlar ekani aniqlandi. Utrext universiteti va boshqa qator ilmiy markazlar tomonidan olib borilgan yirik tahlil bunga yaqqol isbot bo‘ldi. Tadqiqotchilar 2,5 milliondan ortiq ishtirokchi va qariyb mingta turli ilmiy ishlarni tahlil qilib, muhim xulosaga kelishdi: ishonch insonni baxtliroq qiladi, baxt esa ishonchni mustahkamlaydi.

Mutaxassislar bu holatni "ishonch va baxtning o‘zaro bog‘liq aylanasi" deb atashmoqda. Ya’ni, boshqalarga ishongan insonlar o‘zini xotirjam, tinch va baxtli his qiladi. Shu bilan birga, baxt hissi ortishi odamning ishonuvchanligini oshiradi — u do‘stlarga, oilaga, hatto notanishlarga nisbatan ham ochiqroq bo‘ladi.

Bu ta’sir faqat qisqa muddat emas, balki uzoq muddatli ta’sirga ham ega. Vaqt o‘tishi bilan ishonchli inson yanada baxtliroq bo‘lib boradi. Shu bilan birga, baxtli insonlar ko‘proq ijtimoiy aloqalar o‘rnatishga moyil bo‘ladi, bu esa yangi ishonch muhitini yaratadi.

Tadqiqotda, insonning hissiy holatiga eng kuchli ta’sir qiladigan ishonch turi — bu yaqinlar, ya’ni do‘stlar, oila a’zolari va hamkasblarga bo‘lgan ishonch ekani ta’kidlangan. Keyingi o‘rinda notanishlarga nisbatan umumiy ishonch, so‘nggi o‘rinda esa davlat va hukumat tuzilmalariga ishonch turadi.

Qiziq jihati shundaki, bu bog‘liqlik bolalar, o‘smirlar va keksalar orasida ayniqsa kuchli. Yoshlarda ishonch ijtimoiy do‘stlik va munosabatlar qurishda muhim rol o‘ynasa, keksalarda bu ehtiyoj ortib boraveradi — ular uchun boshqalarning yordami va ko‘magi juda muhim. O‘rta yoshdagi insonlarda esa bu bog‘liqlik bir oz susaygan, chunki bu yoshda mustaqillik va ish bilan bandlik birinchi o‘rinda turadi.

Olimlar shuni ham ta’kidlashmoqdaki, bir-biriga ishongan jamiyatlarda odamlar o‘zini baxtliroq his qiladi. Masalan, Finlyandiya va Daniya singari mamlakatlar aholisi o‘rtasida ishonch darajasi yuqori va bu ularning psixologik salomatligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Bu tadqiqotdan olingan xulosalar ijtimoiy siyosat va ruhiy sog‘lomlashtirish dasturlari uchun katta ahamiyatga ega. Chunki ishonch — bu nafaqat shaxsiy baxt, balki butun jamiyat ruhiyatining poydevori ekani yana bir bor isbotlandi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Foydali » Ishonch va baxt o‘rtasidagi bog‘liqlik: olimlar nega hayratda?