date

Smartfon xotirasini tezda bo‘shatishning 5 samarali usuli

Smartfon xotirasini tezda bo‘shatishning 5 samarali usuli
Smartfonlar kundalik hayotimizning ajralmas qismiga aylangan. Bu qurilmalarda muhim ma’lumotlar, eng yorqin xotiralarimiz aks etgan surat va videolar saqlanadi. Ammo ko‘pchilikka yaxshi tanish bo‘lgan bir muammo bor – eng kerakli paytda telefon xotirasi to‘lib qolishi. Bunday holatda muhim surat yoki videolarni o‘chirishga ko‘nglimiz bo‘lmaydi. Shunday vaziyatlarda qurilma xotirasini samarali va xavfsiz tarzda bo‘shatishning bir necha sodda usullari mavjud.

1. Ilovalar va brauzerlarning kesh xotirasini tozalang

Telefondagi dasturlar va internet brauzerlari muntazam ravishda keraksiz ma’lumotlarni to‘plab boradi. Ularni tozalash orqali nafaqat xotirani bo‘shatasiz, balki qurilmangiz tezligini ham oshirib olasiz. Eng asosiysi, bu usulda muhim fayllaringiz zarar ko‘rmaydi.

2. Takroriy fayllar va yuklab olingan hujjatlarni o‘chiring

Ko‘pincha biz bir xil fayllarni bir necha marta yuklab olganimizni payqamay qolamiz. Qurilmangiz sozlamalari yoki maxsus ilovalar yordamida takroriy (dublikat) fayllarni topib, ularni o‘chirish bilan ancha bo‘sh joy ochishingiz mumkin.

3. “O‘chirilgan” fayllar papkasini muntazam tekshiring

Ko‘pchilik fayllar o‘chirildi deb o‘ylaydi, lekin ular qurilmangizdagi “o‘chirilgan” yoki “savat” papkasida ma’lum vaqt saqlanib qoladi. Bu esa telefon xotirasida keraksiz joyni egallaydi. Shu sababli muntazam ravishda bu papkani tozalab turing.

4. Foydalanilmaydigan ilovalarni o‘chiring

Odatda, biz telefonga “balki kerak bo‘lib qolar” deb bir qator ilovalarni o‘rnatamiz. Lekin vaqt o‘tishi bilan ularga deyarli kirmaymiz. Ayniqsa, ko‘p joy egallovchi o‘yinlar yoki sayohat paytida yuklab olingan filmlarni o‘chirib tashlash bilan anchagina xotirani bo‘shatish mumkin.

5. Avtomatik tozalash funksiyasidan foydalaning

Sizda iPhone bo‘lsa, “Xotirani boshqarish”, Android bo‘lsa, “Telefon dispetcheri” bo‘limiga kirib avtomatik tozalashni ishga tushirishingiz mumkin. Bunda dastur avtomatik ravishda keraksiz fayllarni aniqlab beradi. Faqat bu jarayonda muhim ma’lumotlaringizni tasodifan o‘chirib yubormaslik uchun fayllarni tekshirib chiqib, keyin tasdiqlang.

Yuqoridagi usullar bilan siz osonlikcha smartfoningiz xotirasini bo‘shatib, foydali ma’lumotlaringizni xavfsiz saqlash imkoniyatiga ega bo‘lasiz.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Foydali » Smartfon xotirasini tezda bo‘shatishning 5 samarali usuli