
Yoz fasli o‘zgacha ilhom bag‘ishlaydi — ayniqsa gullar, tabiat va ranglar bilan bog‘liq mashg‘ulotlarga qiziqish kuchayadi. Bugungi kunda TikTok ijtimoiy tarmog‘ida shunday bir noodatiy, shu bilan birga, juda estetik trend keng tarqalmoqda: qizlar yapon gul san’ati — ikebana bilan shug‘ullanishni boshlashdi.
Ikebana — bu oddiy guldonni to‘ldirish emas. U VI asrda Yaponiyada shakllangan gul kompozitsiyasini yaratish san’ati bo‘lib, unda shakl, chiziqlar, bo‘shliq va o‘simliklar uyg‘unligi asosiy o‘rin tutadi. Bu ishni bajarishda har bir gulning qanday burchakda qo‘yilishi, qaysi rang bilan qanday uyg‘unlikka kirishi muhim hisoblanadi.
TikTok'da faol yoshlar bu an’anaviy san’atdan ilhomlanib, o‘z uylarida shaxsiy ikebanalar yaratmoqda. Yoz fasli — gullarga boy mavsum ekanini inobatga olsak, bunday mashg‘ulot hozirgi kunda nafaqat dam olish, balki ruhiy orom va ijodiy o‘zgarish uchun ham ajoyib imkoniyat bo‘la oladi.
Ikebanada har qanday vazadan foydalanilmaydi. Bu san’at uchun maxsus idish — kendzan talab qilinadi. Uning tubida temir ignalar joylashgan bo‘lib, gullar aynan shu ignalarga o‘rnatiladi. Bu esa gullarni to‘g‘ri, vertikal holda ushlab turish imkonini beradi. Shu sabab, ikebanaga ishtiyoqmandlar maxsus asboblar va uslublardan foydalanishni ham o‘rganmoqdalar.
TikTokda ilgari ham turli go‘zallik yoki ijodkorlikka oid trendlar keng muhokama qilingan. Masalan, yaqinda ayrim lab bo‘yoqlari (pomada) bilan bog‘liq video-trend ijtimoiy tarmoqda bahslarga sabab bo‘lgan edi. Ammo ikebana trendi ko‘proq ijobiy, ilhombaxsh va insonda go‘zal manzara yaratish istagini uyg‘otuvchi holat sifatida qabul qilinmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!