Chirchiqda buyurtma asosida zo‘ravonlik qilgan guruh ushlandi

Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida buyurtma asosida fuqarolarga nisbatan zo‘ravonlik ishlatib, o‘zboshimchalik bilan jazo berib kelgan uyushgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi. Amaliyot Davlat xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi hamda viloyat IIBB xodimlari hamkorligida o‘tkazildi. Tadbir «Xavfsiz va sog‘lom yurt» profilaktik chora-tadbirlarining uchinchi bosqichi doirasida amalga oshirilgan.
Aniqlanishicha, guruhga 2004 yilda tug‘ilgan, Chirchiq shahrida yashovchi va «O‘g‘ri» laqabi bilan tanilgan shaxs rahbarlik qilgan. U avval Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘irlik) bo‘yicha sudlangan.
Guruh rahbari bilan birga uning barcha a’zolari ham qo‘lga olingan. Ular «Bo‘ri», «Saman», «Abu», «Tosh» va «Baklan» laqablari bilan tanilgan. Ushlanganlar orasida 1966 yilda tug‘ilgan, «Baklan» laqabli Chirchiq shahri fuqarosi ham bor. U avval Jinoyat kodeksining 118, 169, 267 va 277-moddalari bo‘yicha sudlangan.
«O‘g‘ri» boshqargan avtomobil ko‘zdan kechirilganda, undan 1,8 gramm gashish giyohvandlik moddasi topib olingan. Gumonlanuvchilarning telefonlari tekshirilganda esa fuqarolarga nisbatan bir necha bor zo‘ravonlik ishlatilgani va o‘zboshimchalik bilan jazo berilganini aks ettiruvchi videolar aniqlangan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 112-moddasi (o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) va 277-moddasi (bezorilik) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Guruh rahbariga nisbatan qo‘shimcha ravishda 276-modda bo‘yicha ham ish ochilgan.
Barcha ushlanganlarga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Keyingi yangilik

Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar

































Izohlar0
…