Okean yoqasida yashash nafaqat ruhiy xotirjamlik, balki sog‘liq va uzoq umr garovimikan? AQSHda olib borilgan keng qamrovli tadqiqot shu kabi savollarga javob berishga harakat qilmoqda.
Ohayo shtati universiteti olimlari mamlakat bo‘ylab 66 mingdan ziyod hududni tahlil qilib, aholining yashash joyi va umr ko‘rish davomiyligi o‘rtasida bog‘liqlik mavjudligini aniqlashdi.
Tahlil natijalariga ko‘ra, okean, ko‘rfaz yoki Atlantika va Tinch okeani qirg‘oqlariga 50 km masofada joylashgan aholi punktlarida yashovchi amerikaliklarning kutilayotgan umr davomiyligi mamlakat o‘rtacha ko‘rsatkichiga nisbatan kamida bir yilga uzoq ekan. Ma’lumki, AQSHda o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 79 yosh deb hisoblanadi.
Qizig‘i shundaki, daryolar va ko‘llar yaqinida yashovchilarda bunday ijobiy holat kuzatilmagan. Aksincha, ushbu hududlarda yashovchilarning o‘rtacha umri 78 yosh atrofida bo‘lib, okeanbo‘yi aholiga nisbatan qisqarak ekan.
Professor Jeymi Vu boshchiligidagi tadqiqotchilar guruhi bu farqning sabablarini izlar ekan, bir necha omillarga e’tibor qaratdi:
– Qirg‘oqbo‘yi hududlardagi yumshoq iqlim va toza havo;
– Dengiz bo‘ylab sayohat qilish, dam olish va jismoniy faollik uchun imkoniyatlarning kengligi;
– Yaxshi rivojlangan infratuzilma va transport tizimi;
– Odatda, yuqori daromadli aholi qatlamlari bunday hududlarda yashashi.
Aksincha, daryo va ko‘llar yaqinida joylashgan shaharlarda esa bu afzalliklar yetishmaydi. Bunday hududlarda ifloslanish darajasi yuqori, qashshoqlik darajasi baland, suv toshqini xavfi doimiy, shuningdek, jismoniy mashg‘ulotlar uchun xavfsiz joylar ham kam.
Tadqiqot mualliflari bu ishni AQSH miqyosida turli xil “moviy makonlar” — ya’ni suv manbalari, daryolar, ko‘llar va okean qirg‘oqlarining hayot davomiyligiga ta’sirini qiyosiy o‘rgangan birinchi keng ko‘lamli tahlil sifatida baholamoqda.
E’tiborlisi, bu xulosalar AQSHda so‘nggi yillarda o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi pasayib borayotgan bir paytda e’lon qilindi. Ya’ni, bu kabi omillar — iqlim, atrof muhit va jismoniy imkoniyatlar — inson hayotida qanchalik muhim rol o‘ynashi mumkinligini ko‘rsatmoqda.
Okean bo‘yida yashash orzusi endi faqat suratlar uchun fon emas — balki hayot sifati va uning uzunligi uchun ham asosiy omilga aylanayotgandek.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!