Bokuda 23 yoshli rassom o‘ldirildi: jinoyatda o‘gay ukasi gumonlanmoqda

Ozarbayjon poytaxti Bokuda 23 yoshli rassom Gulara Mehdiyevaning o‘ldirilishi yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda. Jinoyatni sodir etishda uning 18 yoshli o‘gay ukasi Ayxan Mehdiyev gumonlanmoqda.
Ozarbayjon OAVlari xabariga ko‘ra, fojia 16 noyabr kuni soat 14:30 atrofida poytaxtning Binagadi tumani, 9-mikrorayonidagi xonadonda yuz bergan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, opa va uka o‘rtasida ijtimoiy tarmoqqa joylangan suratlar sababli kelishmovchilik chiqqan.
Xabarlarda aytilishicha, Ayxan opasidan ayrim suratlarni o‘chirishni talab qilgan. Gulara esa bunga rozi bo‘lmagan. Natijada ular o‘rtasida janjal kelib chiqqan. Mojaro vaqtida yigit opasiga pichoq bilan uch marta zarba bergan. Og‘ir tan jarohatlari olgan ayol shifoxonaga yetkazilgan, biroq uning hayotini saqlab qolishning imkoni bo‘lmagan.
Politsiya xodimlari tomonidan gumonlanuvchi qo‘lga olingan. Qafqazinfo nashrining yozishicha, Ayxan dastlabki ko‘rsatmasida jinoyatni rashk sababli sodir etganini bildirgan. Biroq bu holat yuzasidan yakuniy xulosa tergov va sud jarayonlari natijasida aniqlanadi.
Ma’lum qilinishicha, Gulara va Ayxan bir otadan, ammo boshqa-boshqa onalardan tug‘ilgan. Ular bir xonadonda yashagan.
Fakt yuzasidan Binagadi tumani prokuraturasida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda hodisaning barcha tafsilotlarini aniqlash bo‘yicha tergov davom etmoqda.

Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar
































Izohlar0
…