
Olimlar Quyosh tizimida noodatiy jismlarni – “qorong‘i kometalar”ni o‘rganmoqda. Ular na oddiy asteroid, na klassik kometa bo‘lib, ikkisining o‘ziga xos aralashmasidir. Mutaxassislar ularning kelib chiqishi va xatti-harakatini tushunishga harakat qilmoqda. Bu jismlar qadimda Yerga suv yetib kelishida muhim rol o‘ynagan bo‘lishi mumkin, biroq ular kutilmagan xavf manbai ham bo‘lishi ehtimoldan xoli emas.
Birinchi bunday obyekt 2016-yilda aniqlangan. U kometa kabi harakat qilgan, ammo muz yoki changga ega bo‘lmagan. Keyingi yillarda o‘xshash xususiyatga ega bir nechta obyektlar topildi. 2024-yil oxiriga kelib, ma’lum qorong‘i kometalar soni 14 taga yetdi. Ularning ba’zilari kichik, ba’zilari esa yuzlab metr o‘lchamda.
Olimlar taxminiga ko‘ra, qorong‘i kometalar asteroidlar ichida yashirin muz qatlamlarining ochilishi natijasida yuzaga kelgan bo‘lishi mumkin. Ularning kutilmagan tezlanishi muzning Quyosh nuri ta’sirida bug‘lanishi bilan izohlanadi, biroq hali aniq dalillar yo‘q. Bu jismlar asteroid va kometalar o‘rtasidagi farqni qayta ko‘rib chiqishga undamoqda.
Yaponiyaning Hayabusa2 zondi tasodifan shunday jismlardan biri – 1998 KY26 tomon yo‘l olmoqda. 30 metrli bu obyektga 2031-yilda yetib boriladi. Missiya davomida uning yuzasi, ichki tuzilishi va muz qatlamlari bor-yo‘qligi tekshiriladi. Bu tadqiqot qorong‘i kometalar haqidagi eng muhim ma’lumotlarni berishi kutilmoqda.
Hozircha bunday jismlar kam uchraydi, ammo ularning orbitadagi kutilmagan o‘zgarishlari kelajakda Yerga to‘qnashish xavfini oshirishi mumkin. Shu bois astronomlar ularni muntazam kuzatish va aniq aniqlash usullarini rivojlantirish zarurligini ta’kidlashmoqda. Yaqin yillarda yangi kuzatuvlar bu sirli jismlarning asl mohiyatini ochishga yordam beradi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar