Odatda kayfiyatimiz qanday bo‘lishidan qat’i nazar, «yaxshimisan?» degan savolga «yaxshi» deb javob beramiz. Kayfiyat «yaxshi»ligi va «a’lo»ligi o‘rtasida esa anchayin katta farq bor. Hatto ruhshunoslar ham kayfiyat darajasini 100 ta darajaga bo‘lib chiqishgan. Aytishlariga qaraganda, biz quvonganimizda 100 foizga zavqlanishni bilmas ekanmiz. Keling, kundalik hayotimiz, bayramu mashg‘ulotlarimizdan 100 foizga zavqlanishni o‘rganamiz!
1 % Shirinlikxo‘rlik qilamiz!
Bir bo‘lak qora shokolad yoki pishloq, yong‘oq, yarimta olma… Bu mahsulotlar tarkibida triptofan mavjud. U esa baxt gormoni — serotonin ishlab chiqarish uchun lozim bo‘lgan aminokislota hisoblanadi. Ammo shu bilan birga, xalqona maqolni ham unutmang: hamma narsada me’yor bo‘lishi lozim. Zavqlanishni orttirish ortiqcha vazn holida o‘zingizga qaytmasin!
5 % Tabassum qiling!
Tabassum — eng tabiiy, xavfsiz va asosiysi, ma’n qilinmagan doping, ya’ni g‘ayrat beruvchi. Biz qachon jilmayamiz? Albatta nimadandir sevinganimizda. Jismonan esa lablarimiz cheti kulgida ko‘tarilgan on miyadagi zavqlanish markaziga etib borgan signallar uni faollashtiradi. Va qarabsizki, baxtiyorlik charxpalagi aylanib ketadi: biz jilmayamiz, kayfiyatimiz ko‘tariladi va avvalgidan-da quvnoqroq tabassum qila boshlaymiz. Shuning uchun mazza qilib kuling!
10 % Musiqa lazzati
Musiqaning sehrli ohanglari nafaqat quloqqa, balki miyadagi lazzatlanish markaziga ham etib boradi. Uzoq cho‘zilib ketgan jimjitlik esa har qanday lazzatlanishni yo‘qqa chiqaradi. Og‘zingizga biror shirinlik soldingiz, deylik, unchalik ko‘p quvonch his qilmaysiz. Ammo quvnoq musiqa o‘sha shirinlikka ham boshqacha maza bergandek bo‘ladi!
20 % Ozamiz!
Ortiqcha kilogrammlarni yo‘qotganingda his qilgan yengillik ham harakatlarni chaqqonlashtiradi, ham lazzatlanishga yordam beradi. Tanada yig‘ilgan yog‘lar asab tolalarini o‘rab olgan izolentaga o‘xshaydi: ta’sirchanlikni tushirib yuboradi. Bundan tashqari, tanada yig‘ilgan yog‘larda estrogenlar zahirasi bor. Yog‘lar eriydi va gormonlar qonga tushib, zavqlanish markazini faollashtiradi.
30 % Bahra oling!
Suvga bir tomchi atirgul suvi qo‘shing va uning iforidan bahra oling. So‘ng suvning yarmini to‘king va stakanni yana to‘ldiring. Endi ham undagi ifordan bahra olishga, ilg‘ashga harakat qiling. Ovqatni paqqos tushirishdan avval uning hidini his qiling. Bu his qilish markazlarini yanada kuchaytiradi.
40 % Erta uyg‘oning!
Tong endi yorishganda uyg‘onamiz va ertaroq uyquga yotishga harakat qilamiz, ya’ni quyosh bilan birgalikda yashashga odatlanamiz. Shunda tanadagi serotonin gormoni miqdori ortadi. Olimlarning ta’kidlashicha, bu tabiatimizga mos bo‘lgan kun tartibi ekan.
50 % Faol hayot tarzi
Mushaklar ishlay boshlaganda miyadagi zavqlanish markaziga kuchli lazzatlanish to‘lqinlari kela boshlaydi. Bu mushak sevinchi deyiladi. Ammo hamma ham bundan lazzatlana olmasligi mumkin, sport qiyin degan turli o‘y-xayollar halal beradi. Bunda o‘zingizga mos bo‘lgan sport turini tanlash muhim. Kimgadir yugurish, kim uchundir raqs tushish, boshqa birov uchun esa suzish mos.
60 % Xiltlarni haydaymiz!
Xiltlarga to‘la organizmning reseptorlari o‘tmaslashib qoladi. Reseptorlar orqali miyaning lazzatlanish markaziga signallar borib tushmaydi. Bu esa turli buzilishlarga olib keladi. Ichki ekologiyani normallashtirish uchun: 1 osh qoshiqdan qizilpoycha (zveroboy), moychechak (romashka), yalpiz (myata), pustirnik va na’matak donalarini aralashtirib, 1 osh qoshig‘ini yarim litr qaynagan suvda qaynatiladi. Ustini yopib, tindirib qo‘yiladi. Damlamani dokadan suzib olib, har kuni uyquga yotishdan avval va tongda och qoringa yarim stakandan ichiladi. Muolaja muddati: 2 hafta.
70 % Tasavvur mashqi
Tasavvur qiling: quyoshli kun, yam-yashil dala, siz o‘t-o‘lanlar ustida yotibsiz, erning hidini his qilayapsiz, atrofda esa qushlar sayraydi, osmon ko‘m-ko‘k, xuddi par yostiqday oppoq bulutlar nimalarningdir rasmini «chizadi»... Bunda qancha ko‘p his qiluvchi a’zolar ishlasa, shuncha yaxshi!
80 % Bolakaylar
Bolakaylarni ko‘rishingiz bilan quvonch hissini tuyasiz! Chunki bolani ko‘rgan kattalar qonida oksitosin — ota-onalik hissi uchun javobgar gormon ishlab chiqarila boshlaydi. U esa lazzatlanish markazini yanada faollashtiradi. Aynan shuning uchun ota-onalar o‘z farzandi haqidagi mas’uliyatni nafaqat mashaqqat, balki lazzatlanish deb qabul qilishadi. Bu his sizga go‘yoki qanot beradi va hayotdan zavqlantiradi!
90 % Yangilikka intiling!
Odatda ruhshunoslar insonni stress holatidan chiqarish uchun uning odatiy fikrlash tarzini o‘zgartirishga harakat qilishadi. Har kuni qiladigan ishlarimiz odat turiga kirib, avtomatik tarzda bajariladi va bizga lazzat bag‘ishlamaydi. Chunki miyaning lazzatlanish markazi bu ish borasida o‘z lazzatlanish darajasini o‘chirib qo‘ygan. Uni yoqish uchun esa kundalik ishlaringizda nimalarnidir o‘zgartiring. Masalan, nonushtaga kutilmagan narsa tayyorlang. Ishga har doimgi yo‘lingizdan emas, boshqa yo‘ldan boring. Hadeb kinoga tushavermay, teatrga ham qadam ranjida qiling!
100 % Shirin xotiralarni ishsiz qo‘ymang!
Har qanday kichik lazzatni ham kuchaytirish, maxsus his qilish yoki yangidan yashash mumkin. Asosiysi, bu istakka butun diqqatingizni qarating. Shirin xotiralarni «tiriltiring», ular sizga kuch beradi.
Xulosa
Hayotda baxtli yoki baxtsiz yashash har kimning o‘z tanlovi. Baxtli bo‘lishni o‘rgatib bo‘lmaydi, inson baxtni o‘zi his qila oladi. «Kimningdir noni qattiq, kimningdir esa olmosi kichik», deganlariday, baxt foizingizni faqatgina o‘zingiz oshirishga qodirsiz!
“Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Medvedev: Maxsus harbiy operatsiya uchun qurollarning aksariyati Rossiyada ishlab chiqariladi
Xalqaro jinoyat sudining orderi Isroilni nega qo‘rqityapti?
BAAda isroillik ravvin o‘ldirib ketildi
Husiylar Isroil aviabazasiga gipertovushli raketa bilan zarba berdi
Ukraina Kursk oblastida egallab olgan hududlarining 40 foizdan ortig‘ini yo‘qotdi
Elektrdan foydalanib pulini to‘lamagan fermer xo‘jaligining kombayni xatlab qo‘yildi
Maldiv orollari turistlardan undiriladigan soliqlarni keskin oshiradi
Eron oliy rahnamosi Netanyaxuni qatl qilishga chaqirdi