Messi Tevesning xayrlashuv o‘yinida qatnashadi, Ronaldu ham taklif qilingan

Argentinalik futbolchi Karlos Tevesning xayrlashuv uchrashuvi 20 dekabr kuni Buenos-Ayresdagi «Boka Xuniors» klubining «La Bombonera» stadionida bo‘lib o‘tadi. Unda Lionel Messi ishtirok etishi tasdiqlandi, Krishtianu Ronalduning ishtiroki esa hozircha aniq emas. Bu haqda Infobae xabar berdi.
Teves xayrlashuv uchrashuviga faoliyati davomida birga o‘ynagan sobiq jamoadoshlarini taklif qilgan. U Messi bilan Argentina terma jamoasida, Ronaldu bilan esa «Manchester Yunayted»da birga to‘p surgan.
Teves Infobae nashriga bergan intervyusida Ronalduni ham taklif qilganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, portugaliyalik futbolchining Messi bilan bir uchrashuvda maydonga tushishi ehtimoli bor, ammo bu masala hali yakuniy hal qilinmagan.
Xayrlashuv uchrashuvida Serxio Aguero, Martin Palermo, Leandro Paredes, Rio Ferdinand, Janluiji Buffon, Edvin van der Sar va boshqa futbol yulduzlari ham ishtirok etishi kutilmoqda.
Teves faoliyati davomida «Boka Xuniors», «Korintians», «Vest Xem», «Manchester Yunayted», «Manchester Siti», «Yuventus» va «Shanxay Shenxua» klublarida o‘ynagan. U Argentina terma jamoasi safida 76 ta uchrashuvda maydonga tushib, 13 ta gol urgan. 2004 yilgi Afina Olimpiadasida oltin medalni qo‘lga kiritgan. Futbolchilik faoliyatini 2022 yilda yakunlagan.
Keyingi yangilik

Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar
































Izohlar0
…