date

Ijtimoiy tarmoqlarsiz hayot nega ruhni sog‘lom qiladi?

Ijtimoiy tarmoqlarsiz hayot nega ruhni sog‘lom qiladi?

Ijtimoiy tarmoqlar — zamonaviy hayotning ajralmas qismiga aylangan. Biroq olimlar ogohlantirmoqda: bu platformalarning ortida insonning ruhiy salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan murakkab psixologiya bor. UnHerd nashri yozganidek, ijtimoiy tarmoqlar kazino tamoyili asosida ishlaydi — cheksiz yangiliklar tasmasi, turli xil videolar va non-stop kontent orqali inson miyasini “huzurli illyuziya”da ushlab turadi.

Bu illyuziyaning eng xavfli jihati shundaki, biz vaqtni to‘g‘ri his qilish qobiliyatini yo‘qotamiz. Bir soatlik skroll bizga bir necha daqiqa bo‘lib tuyuladi, ammo real hayotda o‘sha soat qayta tiklanmaydi. Olimlar fikricha, bu holat insonning zamonni idrok etish qobiliyatini izdan chiqaradi — hozirgi voqelik yo‘qoladi, o‘tmish esa xotirada noaniq qoladi.

Ko‘pchilik o‘zining ijtimoiy tarmoqda qancha vaqt o‘tkazganini aniq eslay olmaydi. Bu beixtiyor holat emas. Ilmiy tadqiqotlar shundan dalolat beradiki, ijtimoiy tarmoqlar qisqa va uzoq muddatli xotira faoliyatini susaytiradi. Oqibatda inson ko‘rgan kontentni emas, faqat uning hayajonini eslab qoladi.

Olimlar buni "vaqt illyuziyasi" deb ataydi. Ya’ni inson virtual hayotda yashab, voqelikni yangiliklar tasmasining tez aylanishi orqali qabul qiladi. Lekin bu tasma hech qachon tugamaydi — uning boshi ham, oxiri ham yo‘q. Shu sababli miya izchil voqealar zanjirini yo‘qotadi, faqat parokanda ma’lumotlar oqimini qabul qila boshlaydi.

Bunday sharoitda ruhiy charchoq va diqqat yetishmovchiligi tabiiy oqibatdir. Psixologlar ta’kidlaydi: insonning diqqatini bir joyda jamlay olmasligi, bezovtalik va ichki bo‘shliq hissi — bu ijtimoiy tarmoqlarga ortiqcha bog‘liqlikning belgisidir.

Nima qilish mumkin? Mutaxassislar bir nechta amaliy tavsiya beradi. Avvalo, ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkaziladigan vaqtni chegaralash kerak. Buni telefondagi “Screen Time” funksiyasi orqali nazorat qilish mumkin. Kunlik limitni belgilab, miyani “majburiy dam”ga chiqarish foyda beradi.

Ikkinchisi — ma’lum muddatga ijtimoiy tarmoqlardan to‘liq voz kechish. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, bir necha hafta davomida internetsiz hayot kechirgan odamlarda ruhiy sog‘lomlik yaxshilanadi, uyqusi tuzatiladi va xayol tarqoqligi kamayadi. Inson vaqtni yana real ritmda his qila boshlaydi.

Psixologlar yana bir jihatga e’tibor qaratishni tavsiya etadi: umrni uzunroq his qilish uchun shunchaki skroll emas, balki anglangan harakatlar bilan yashash kerak. Masalan, telefonni yopib, atrofga boqish, tabiat bilan muloqot qilish, kitob o‘qish yoki yaqinlar bilan suhbatlashish — bular insonni real hayotga qaytarib, miyani qayta tiklaydi.

Hozirgi zamonning eng katta muammosi — vaqtni his qilmaslik. Shuning uchun ham ijtimoiy tarmoqlardan vaqtincha uzilish, hayotga qayta "ulanish" demakdir.

Shunday qilib, virtual dunyodan qisqa muddatli tanlov — real hayotda katta o‘zgarishlarga sabab bo‘lishi mumkin. Bu nafaqat miya uchun dam, balki ruh uchun ham haqiqiy ozodlikdir.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Foydali » Ijtimoiy tarmoqlarsiz hayot nega ruhni sog‘lom qiladi?