Kuniga 10 ming marta uxlaydigan pingvinlar: ularning uyqu siri nimada?

Pingvinlarning uyqu odati sizni hayratda qoldirishi mumkin. Ular uzoq vaqt davomida ko‘z yumib uxlash o‘rniga, kun davomida minglab marta bir necha soniyaga mizg‘ib olishadi. Olimlar Antarktidada yashovchi tasmasimon pingvinlarda (chinstrap penguins) shunday noodatiy holatni aniqlashgan.
2023 yilda “Science” ilmiy jurnalida e’lon qilingan tadqiqotga ko‘ra, bu pingvinlar bir sutkada 10 ming martadan ortiq uyquga ketadi. Har bir uyqu epizodi o‘rtacha 4 soniya davom etadi. Shunisi qiziqki, ana shu qisqa tanaffuslar yig‘ilib, ularning har bir miya yarimshari uchun kuniga 11 soatdan ortiq uyquni ta’minlaydi.
Tadqiqotchilar Antarktidadagi Jorj orolida uya qurgan 14 ta pingvinning uyqu jarayonini maxsus qurilmalar yordamida kuzatishgan. Ma’lum bo‘lishicha, qushlar ba’zan miyasining faqat bir yarimshari bilan uxlaydi, ikkinchi yarimshari esa faol holatda qoladi. Bu ularga atrofdagi xavfni sezish imkonini beradi.
Bunday uyqu tartibining asosiy sababi — tuxum va jo‘jalarni himoya qilish zarurati. Pingvinlar uya quradigan hududlarda tuxumlarni o‘g‘irlashi mumkin bo‘lgan yirtqich qushlar, shuningdek, boshqa pingvinlar bilan raqobat va to‘qnashuvlar kuzatiladi. Shu sababli ular uzoq vaqt bexavotir uxlay olmaydi.
Olimlarning fikricha, minglab qisqa uyqu tanaffuslari pingvinlarga hushyorlikni saqlagan holda dam olish imkonini beradi. Demak, ular uchun bir necha soniyalik mizg‘ishlar ham kunlik uyqu ehtiyojini qondirishda muhim ahamiyatga ega.
Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar

































Izohlar0
…