23:38 / 21.06.2017
7 964

Anvar qori Tursunov: “Laylatul Qadrni ziyofat qilib emas, yaxshilik ila o‘tkazish kerak”

Anvar qori Tursunov: “Laylatul Qadrni ziyofat qilib emas, yaxshilik ila o‘tkazish kerak”
Kun.uz’ nashri Toshkent shahri bosh imom-xatibi Anvar qori Tursunov bilan suhbatni taqdim etdi. Mazkur suhbat Ramazon oyining eng muborak kuni bo‘lmish Laylatul Qadr kechasi va uning fazilatlari haqida. Marhamat, siz ham bahramand bo‘ling.
“Bismillahir rohmanir rohiym. O‘zbekistonda moddiy holat qanchalik yuksak darajaga ko‘tarilayotgan bo‘lsa, ma’naviy holat ham ana shunday sur’atda yuqorilab bormoqda. Ma’naviyatimizning javhari Islom dini, Qur’oni karimdir. O‘zbek xalqining butun hayoti, urf-odatlari mana shu din bilan chambarchas bog‘liq.

Prezidentimiz tomonidan bu yilgi Ramazon oyini chiroyli o‘tkazish borasida qabul qilingan qaror o‘zining amaliy ifodasini topdi. O‘zbekistonning mingga yaqin, jumladan, Toshkentning 105 ta masjidida Qur’on xatmi bo‘lib o‘tdi. Juda katta ulamolarimizning aytishicha, xatmonalar qilishda jahonda, birinchi o‘rin, Makkai mukarramaga nasib etsa, undan keyingi o‘rinda O‘zbekiston turadi. Mamlakatdagi fayz, baraka, odob-axloq – barchasi yaxshilikdan dalolatdir.

Ramazonning eng oliy cho‘qqisi bu – Laylatul Qadr kechasidir. Payg‘ambarimiz (s.a.v) shunday marhamat qiladilar: “Kim Laylatul Qadr kechasida bedor bo‘lib, duo qilsa, uning avvalgi gunohlari mag‘firat qilinadi”. Bu biz ummatlarga bashorat. Kimki shu kechada ixlos bilan, yolvorib Allohga duo qilib chiqsa, onadan yangi tug‘ilgan kabi gunohlardan forig‘ bo‘ladi. Bu, albatta, biz uchun katta saodat.

Bu kechani ziyofat qilib emas, yaxshilik qilib o‘tkazish kerak. Afsuski, ko‘pchilik turli taomlar hozirlab olib, dasturxonlarni bezab, turli xil gaplarni sotib, biz Qadr kechasida o‘tirdik, deyishlari mutlaqo noto‘g‘ri amaldir. Xo‘sh, bu kechada nimalar bilan band bo‘lish lozim bo‘ladi? Avvalo, qalbni mana shu kunga sozlab olish kerak. Hufton namozidan keyin, tahoratni yangilab, poklanib, duo-yu zikrda bo‘lish, tahajjud namozini o‘qish, Qur’on tilovat qilish, istig‘for aytish, takbir va tahlillarga e’tibor qaratish lozim bo‘ladi. Ana shunda inson o‘zidagi o‘zgarishlarni, qalbiga yaxshi narsalar quyilib kelayotganini anglaydi. Bu kechani mana shunday o‘tkazsakkina foyda olamiz, hadisda aytilgan saodatga erishamiz.

Bir narsani yaxshilab idrok etib olmoq kerak. Rasulimiz (s.a.v): “Amallar niyatga bog‘liq”, deb aytganlar. Shu bois har bir kishi yuqorida aytib o‘tilganidek, qalbni poklab olishi kerak. Bu kechada, ayniqsa, qalbda Allohga bo‘lgan muhabbatni yanada oshirish lozimdir. Aytmoqchi bo‘lganimizki, mana shu kechada bedor bo‘ladigan kishining qalbida chirkin illatlar bo‘lmasligi, uni sof holda ushlab turishi juda yaxshi ishdir.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Anvar qori Tursunov: “Laylatul Qadrni ziyofat qilib emas, yaxshilik ila o‘tkazish kerak”