08:05 / 22.01.2018
6 269

Og‘ir damlardan o‘tishga yordam beruvchi oddiy tavsiyalar

Og‘ir damlardan o‘tishga yordam beruvchi oddiy tavsiyalar
Hayot — oq va qora chiziqlardan iborat, shunday ekan, har bir inson o‘z hayotining muayyan bosqichida og‘ir damlarni boshdan kechiradi. Agar ayni damda sinovlar davridan o‘tayotgan bo‘lsangiz, u holda "Layfxaker"ning quyidagi oddiy psixologik qoidalari - siz uchun.

1. Ijobiy yondashuvni saqlab qoling
Hayot bizga ayni damda diqqat doiramizda bo‘lgan narsalarni yaqinlashtiradi. Homilador ayollar yon-atrofda o‘zlari kabi homiladorlarning ko‘pligidan ajablanishadi, biror mashina rusumi haqida orzu qilayotganlar kun sayin ko‘chada aynan shu rusumdagi mashinalarni ko‘poq uchrata boshlashadi.

Aslida esa, albatta, homiladorlar ham, avtomobillar ham ko‘paymagan bo‘ladi. Shunchaki miyamiz o‘z xayollaridagi mavzuga monand ob’ektni ko‘rganda "Ana, qara, e’tibor ber!" deya signal chirog‘ini yoqadi. Psixologlar buni Baader-Maynxof fenomeni deb atashadi.

Xulosa oddiy: Qancha ko‘p yomonlik kutsangiz, shuncha ko‘p olasiz.

Yomonlik hamma joydan chiqib kelaveradi. Tobora depressiyaga tushib boramiz va aksincha: ijobiy fikrlab, ezgulikka ishonib, o‘z miyangiz sozlamalarini o‘zgartirsangiz, aynan yaxshiliklarni ko‘ra boshlaysiz. To‘g‘ri, ijobiy yondashuv barcha muammolaringizni hal qilmasligi mumkin, lekin atrofingizdagi olam yorqin ranglarga kira boshlaydi.

2. Ijodkorlikni yoqing
Bu kabi gaplarni ko‘p eshitgan bo‘lishingiz mumkin, biroq shunga qaramay bunday yondashuv ko‘p holatlarda ish beradi. Ha, shunday vaziyatlar bo‘ladiki, ularni o‘zgartirishning iloji yo‘q. Biroq muammoga yangicha nigoh bilan qarash uchun orqaga yoki yon tomonga bir qadam tashlash va ijodkorlik bilan yonlashishning o‘zi kifoya, shunda siz kutmagan joydan samarali yechim topishga muvaffaq bo‘linadi. Bunday yondashuvga klassik misol sifatida Uilyam Rigli tarixini keltirish mumkin.

XIX asrning 90-yillarida u tomonidan asos solingan kompaniyaning xo‘jalik vositalari sotib, bozorga chiqishga bo‘lgan harakatlari muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Ishlar u qadar yaxshi kechmayotgan edi, raqiblar fonida qandaydir ajralib turish uchun Rigli har bir kukun qadog‘iga saqich qo‘shib sotishni o‘ylab topdi.

Afsuski, kompaniya daromadsiz, ba’zan esa kamomad bilan ishlashda davom etardi. Rigli biznesni uddalay olmaganiga ko‘nikishga tayyor turgandi. Biroq bir kuni muvaffaqiyatsiz ishbilarmon odamlar kukunni ba’zan aynan saqich pachkasi bo‘lgani uchun ham sotib olishayotganiga e’tibor qaratdi. Arximed aytmoqchi "Evrika!"

Shundan keyin Rigli o‘z biznesini bunga qadar istiqbolli hisoblanmagan saqich ishlab chiqarish va sotishga yo‘naltirdi. Bunday ijodiy yondashuv muvaffaqiyatni uzoq kuttirib qo‘ymadi.

3. Xatolaringizdan saboq chiqaring
Barcha holatlarni tahlil qilish og‘riqli kechishi mumkin, biroq u juda foydali bo‘ladi. Ishlarning yomonlashuviga olib kelgan hodisalarni yaxshilab tahlil qiling: qayerida xato qildingiz, boshqacha yo‘l tutganingizda nima bo‘lar edi va h.k. Oxir-oqibat siz "qorong‘u kunlarni qanday chetlab o‘tish mumkin bo‘lganligi"ga doir aniq tasavvurga ega bo‘lasiz. Xatolarni takrorlamaslik imkoni nolga teng ekanini bilganingizda og‘ir damlardan o‘tish nisbatan yengilroq kechadi.

4. Imkon doirangizdagi narsalarni o‘zgartiring
Sizni chigal vaziyatga tushirib qo‘ygan xatolarni aniqlab, ularga tuzatish kiritishga harakat qiling. Hozirning o‘zidayoq biror nimani tuzatish imkoni bo‘lmasa, imkon paydo bo‘lishi bilan unga tuzatish kiritish uchun e’tibor qarating.

5. Minnatdor bo‘ling
Hayotdan va atrofingizdagi odamlardan sizga taqdim etilgan tajriba uchun minnatdor bo‘ling. U yoki bu yaqin kishingiz haqida o‘ylang: u sizning hayotingizga nima olib kelmoqda, nimalarga o‘rgatmoqda, qanday holatlarda ishonchli yelka bo‘lib xizmat qilmoqda, uning qo‘llab-quvvatlashisiz qanday yashardingiz va h.k.

Nima uchun hayotingizda shu inson borligidan minnatdorsiz - shu haqida qisqa (yoki kayfiyatingizga qarab uzun) xat yozing. Shundan so‘ng unga qo‘ng‘iroq qiling va o‘z ijod mahsulingizni o‘qib bering. Ayni damda boshingizdan o‘tayotgan qiyinchiliklar hayotingizdagi haqiqiy qadriyatlar bilan taqqoslaganda u qadar ahamiyatsizdek ko‘rina boshlaydi.

6. O‘zingiz nazorat qila oladigan narsalarga e’tibor qarating
Ehtimol, vaziyatni o‘zgartirish uchun ko‘p muvaffaqiyatsiz urinishlar qilgandirsiz. Urinishlar shu qadar ko‘p bo‘lganki, boshqa harakat qilgingiz kelmay qolgan va siz biror narsani o‘zgartira olishingizga boshqa ishonmaysiz.

O‘zingizning nazoratingiz ostidagi narsalarni izlash va shunga e’tibor qaratish - nochorlikka qarshi eng samarali kurash usullaridan biri.

Ha, siz ishlaringizni global yaxshilay olmaysiz, lekin tishlaringizni yuva olasiz-ku! O‘rningizdan turing-da, tozalang. Ertalablari yugura olasizmi? Yuguring.

Hayotingizda o‘zingiz boshqarishingiz mumkin bo‘lgan narsalar qancha ko‘p bo‘lsa, o‘z kuchingizga bo‘lgan ishonchingiz shuncha tez qaytadi. U bilan birga esa - qiyinchiliklarni yengib o‘tish uchun zarur bo‘lgan iroda ham.

7. Bosib o‘tilgan yo‘l uchun o‘zingizni maqtang

Ba’zan diqqatimizni faqat ayni damdagi voqealarga jamlaymiz va orqaga qaramaymiz. Biroq gohida naqadar uzoq yo‘l bosib o‘tganingiz, qanchalik o‘zgarganingiz, nimalarni qo‘lga kiritdingizu, nimalarni orqada qoldirganingizga baho berish uchun orqaga qarash ham muhim. Aynan qanday yo‘l bosib o‘tganingizni anglab yetganingizda tunnel oxiridagi yorug‘lik yanada yorqinroq ko‘rinadi.

8. Sizni tushunuvchi insonlar qurshovida bo‘ling
Atrofingizda o‘zingizga yaqin odamlarni yig‘ish — siz murakkab vaziyatda qolganda qilishingiz mumkin bo‘lgan eng muhim narslardan biri. Sizga ularning mehr-muhabbati zarur. O‘zingizni ahamiyatli his qilishingiz uchun ular haqida qayg‘urishingiz kerak. O‘zingiz ishongan odamlardan haqiqat va maslahat tinglashingiz uchun sizga ularning haqqoniyligi zarur. Ularning sizni tushunishi, qanday bo‘lsangiz, shundayligingizcha qabul qilishlari muhim.

Agar qandaydir sabablarga ko‘ra, bunday odamlar yo‘q bo‘lsa, hozir boshingizdan o‘tayotgan qiyinchiliklarga duch kelgan kishilar jamiyatini toping. Ular qiyinchilikni yengib o‘tishga yordam beruvchi zarur tavsiyalar berishadi.

9. Kechirimli bo‘ling
Shunday bo‘ladiki, murakkab davrning muayyan bir aybdori bo‘ladi. "Agar u bo‘lmaganida, hammasi rejadagidek ketayotgan bo‘lardi!", - deb o‘ylaysiz va shu insonga nisbatan nafratingiz oshadi. Bu tabiiy, biroq buzg‘unchi reaksiya: siz vaziyatdan chiqish yo‘lini o‘ylash o‘rniga salbiy jihatlarga diqqatingizni qaratyapsiz.

Mayli, inson haqiqatda aybdor bo‘lsin, biroq... Egningiz jiqqa xo‘l bo‘lgani sabab yomg‘irga jahl qilmaysiz-ku! Yoki soyaboningizni sindirgan shiddatli shamoldan qasd olasizmi? Yo‘q, siz imkon qadar tezroq uyga yetib olishga harakat qilasiz, keyin issiq choy ichib, singan soyabonni to‘g‘irlaysiz yoki yangisini sotib olasiz. Bu yerda ham shunday. Aybdor — imkon qadar tezroq ortda qoldirish kerak bo‘lgan "tabiiy ofat".

10. O‘zingizni ayblamang
Yana bir marta takrorlaymiz: og‘ir damlar hammada bo‘ladi. Siz yomon emassiz, bu shunchaki har bir inson hayotining ajralmas qismi bo‘lgan "qora chiziq". Albatta, har bir inson hayotidagi qiyinchilik o‘ziga xos bo‘ladi. Sizga aynan shunisi to‘g‘ri keldi. Uni sizning naqadar yomonligingizni tasdiqlovchi dalil emas, sharaf bilan yengib o‘tish kerak bo‘lgan sinov sifatida qabul qiling.

Hatto eng razil dushmaningiz ham o‘zingizning poyoni yo‘q fikrlaringiz kabi ziyon yetkaza olmaydi.

11. Oddiy narsalardan zavq oling
Og‘ir damlar yetkazuvchi eng og‘ir sinovlardan biri — qulaylik darajasining pasayishi. Ishlaringiz yaxshi ketayotganida taniqli restoranlarda tushlik qilish, sayohat qilish, uy ishlarida yordamchi yollash, qimmatbaho buyummlar xarid qilishdan zavq olishingiz mumkin. Ishlar yomonlashganda esa, ko‘p narsadan voz kechishga to‘g‘ri keladi va bu ma’yuslik hissini keltirib chiqaradi.

Shunday bo‘lsa-da, hayotdan zavq olish uchun oddiy narsalarning o‘zi yetarli. Restorandagi tushlik o‘rniga qandaydir qiziq retseptni topib, yaqinlaringiz bilan original taom tayyorlang. Yevropa bo‘ylab sayohat qilish o‘rniga shanba kunlari velosipedga o‘tirib, atrofni o‘rganishni odat qiling. Hozir minimalizm urfda. Uni o‘zingizda sinab ko‘ring.

12. Qadriyatlar va asosiy maqsadlarni qayta ko‘rib chiqing
Muvaffaqiyatsizliklar to‘qchilik va xotirjamlikda hatto xayolingizga ham keltirmagan hayotiy qadriyatlarni ko‘zdan kechirib chiqish imkonini beradi. O‘zingizning ichki olamingizga nazar tashlang, atrofga qarang: siz uchun nima haqiqatda muhim ahamiyatga ega? Orzularingiz, umidlaringiz, xatti-harakatlaringiz siz uchun haqiqatda ahamiyatga ega bo‘lgan qadriyatlarga muvofiq keladimi? Nimadan ortiqcha pushaymonlarsiz voz kecha olasiz? Nimani yo‘qotish qalbingizni larzaga keltiradi? Ustuvor maqsadlarni qayta ko‘rib chiqish ko‘pincha muvaffaqiyatsizliklarni yengib o‘tishda hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi.

13. O‘zingizda sabrni tarbiyalang
Bolalik va yoshlik damlarida biryo‘la barchasini qo‘lga kiritish mumkindek tuyuladi. Ulg‘aygan sayin vaqtni nazorat qilib bo‘lmasligini tushunib yetamiz. Bizning taym-menejmentga doir ko‘nikmalarimiz qanchalik kuchli bo‘lmasin, vaqti-soati kelmagan ishlar ham bor. Fevralda gul o‘smaydi, bola osonlikcha tug‘ilmaydi, katta uy bir kunda qurib bitkazilmaydi. Qadrli narsaga ega bo‘lmoqchi bo‘lsangiz, kutib turishingizga to‘g‘ri keladi. Buni tushunish va qabul qilish muhim.

Hammasiga ega bo‘lishingiz mumkin, shunchaki bittada emas.

14. Yodingizda bo‘lsin: doim tanlash huquqiga egasiz
Dunyodagi ko‘p narsalarni nazorat qilib bo‘lmasa-da, tanlashimiz mumkin bo‘lgan narsalar bor. Tanlovning mohiyati unga qanday nuqtai nazardan qarashimizga, ularga qanday munosabatda bo‘lishimiz, qanday xatti-harakatlarni qabul qilishimizga bog‘liq. Siz hozir va shu yerda kimsiz? Tanlang.

15. O‘zingiz haqingizda qayg‘uring
Ko‘pchilik o‘zini aybdor his qilib, holdan toyiguncha mehnat qilib, bu punktni o‘tkazib yuboradi yoki keyinga qoldiradi. Murakkab damlarda omon qolish uchun o‘zingiz haqingizda qayg‘urishingiz zarur. Haddan tashqari charchash yoki klinik depressiya ertaga sizni qulatsa, nima bo‘ladi?

Shunday ekan, hech nimaga qaramay, o‘zingizni xursand qiling.

Shinamgina kafeda qahva iching. Parkda sayr qiling. Yangi kitob mutolaa qiling. Chiroyli kiyim yoki aksessuar xarid qiling - nima bo‘lmasin, u sizga xursandchilik onlarini tuhfa qiladi. To‘yib uxlashga odatlaning. Og‘ir damlarda biz o‘zimiz uchun — eng muhim va eng samarali ko‘makdoshmiz. Uni yo‘qotish mumkin emas.

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Og‘ir damlardan o‘tishga yordam beruvchi oddiy tavsiyalar