15:04 / 06.02.2018
34 330

Muhimi did, moda emas yoxud zamonaviy erkaklarning kiyinishi haqida (foto)

Muhimi did, moda emas yoxud zamonaviy erkaklarning kiyinishi haqida (foto)
Odatda erkaklar, to‘g‘ri kiyinish faqatgina ayollarga taalluqli deb hisoblaydilar. Ammo bunday fikr favqulodda noto‘g‘ri bo‘lib, erkaklar kiyimidagi mutanosiblik ham ma’lum did va malakani talab qiladi.

Bejirim va zamonaviy kiyinishni har birimiz hohlaymiz, biroq bu boradagi bilim, did va madaniyat borasida turlicha saviya va qarashlarimiz bizni har doim ham jamoatchilik orasida o‘zimizni qulay his qilishimizga imkon beravermaydi. Bugungi kunda axborot almashinuv jarayonining keskin sur’atlarda rivojlanishi va dunyo bo‘ylab juda tezkorlik bilan yoyilishi natijasida ijtimoiy, madaniy iqtisodiy globallashuv jarayonlari yuz bermoqda. Bu esa har qanday jamiyatning ijtimoiy-madaniy qadriyatlari tizimida sifat o‘zgarishlarini keltirib chiqaradi. Shunday ekan kiyinish madaniyati xususida chuquriroq o‘ylab ko‘rish, uni ijtimoiy voqelik sifatida qabul qilish zarur deb hisoblayman.

Keling birinchi saboqni kostyum tugmalarini qadashdan boshlaymiz.

Demak kostyum tugmalarini qadashning oddiy qoidalari mavjud bo‘lib, ular quyidagilardan iborat (1-rasm).

Kiyinish masalasida mening shaxsiy fikrim shunday: Muhimi did, moda emas. Did bu avvalo keng tarqalgan va modaga mos kiyimlar orasidan, aynan sizning qaddi-qomatingizga, tashqi ko‘rinishingizga, hayot tarzingizga, an’ana, odatlaringizga va qiziqishlaringizga mos keladiganini tanlay olish qobiliyati, mahoratidir.

Kostyumning o‘lchamlarini to‘g‘ri tanlash bo‘yicha yo‘riqnomalarda asosan yengining uzunligi, yelka kengligi, ko‘krak to‘laligi va kostyumning o‘zining uzunligi haqidagi qat’iy tavsiyalarini topishingiz mumkin. Bu borada shunday mashhur ibora mavjud: “Kostyum yopishib turishi zarur” (ya’ni qaddi-qomatiga mos kelishi zarur).

Demak tavsiyalarga qaytamiz. Xo‘sh kostyumning o‘lchamini qanday tanlash kerak? Rasmga diqqat qiling va o‘zingiz xulosa chiqaring (2-rasm).

Kostyum, galstuk va ko‘ylakning bir-biriga mosligi ham bugungi kun moda olamida muhim jihatlardan biri hisoblanadi. Xo‘sh ularning mutanosibligini qanday qilib to‘g‘ri tanlasa bo‘ladi? Bu borada sizga quyidagi maslahatlarni berishni lozim topdim. Ular sizga kostyum, galstuk va ko‘ylakning ranglari, bezaklarini ham to‘g‘ri tanlashingizda asqotadi.

Dastlab ko‘ylak rangiga mos gulstukni tanlang, so‘ngra esa kostyumga o‘ting. Holbuki ideal holatda ushbu uchtalik bir-biriga mos kelishi zarur bo‘lsada, bu juda ham muhim emas. Bu borada galstuk va ko‘ylakning bir-biriga mos kelishi muhimroq. Nima uchun? Chunki siz kostyumni yechishingiz mumkin, bu holda ko‘rinishda faqat ko‘ylak va galstuk qoladi, shuning uchun kiyimni tanlashda aynan mana shu narsaga e’tiboringizni qarating.

Agar rang tanlashda qiynalsangiz, yaxshisi bir rangdagi ko‘ylakni tanlang. Agar qanday ko‘ylak kiyishni bilmasangiz, oq rangni (och ranglar, ayniqsa och zangori rang ko‘ylaklar) tanlang, chunki u amaliy jihatdan barcha galstuklar va kostyumlarga mos kelaveradi.

Klassik ranglarni tanlang. Aynan ushbu ranglarda kostyumlar yarashiqli bo‘ladi, buning ustiga yorqin rangdagi kostyumlar hammaga ham yarashavermaydi (bu yorqin ranglarni kiymang degani emas – faqat buning uchun mos keladigan tashqi ko‘rinish ham kerak). Bu borada eng muvaffaqiyatli variantlar qora, kul rang, to‘q ko‘k va ba’zida jigar rang hisoblanadi. Bu ranglar ulug‘vorligi tufayli rasmiy tadbirlar uchun ideal darajada mos keladi, ular turli ranglardagi ko‘ylaklar va galstuklar bilan ham mos kelaveradi.

Pastdagi chizmada: kostyum markazda, markaz bilan chetki doira o‘rtasida ko‘ylak va tashqi tomonda ularga mos keladigan galstuk tasvirlangan (3-rasm).

Yaxshi ko‘ylak va galstukni va kostyumni tanlab bo‘ldingiz deylik, biroq bu hali ish oxiriga yetdi degani emas. Endi siz, aynan o‘zingizga mos keladigan shimni topishingiz zarur, bu ham oson ish emas. Xo‘sh shimning o‘lchamini qanday tanlash kerak?

Kostyum bilan kiyiladigan shimlar belda, tos suyagidan yuqorida, kindik tagida turishi kerak. Kiyganingizda shimning orqa tomoni juda ham yopishib turmasligi, shu bilan birga barcha joylari osilib ham turmasligi zarur. Cho‘ntaklari qappayib qolmasligi, dazmol chizig‘i “sinmasligi” zarur. Barchasi tekis va sizning harakatlaringizni cheklamasligi kerak. Rasmga diqqat qiling (4-rasm).

Shimlarni sizning did va ta’bingizning mohiyatini belgilovchi elementlardan biri desam adashmayman. Ammo ko‘plab hollarda yosh yigitlar va ba’zan katta kishilar ham shimni qanday qilib to‘g‘ri tanlash kerakligini bilishmaydi. Mening nazarimda ko‘pchilik erkaklar birinchi, yoxud juda borsa ikkinchi bo‘lib uchragan shimni albatta sotib olishadi, sotuvchi esa tomog‘ini yirtib “Ushbu shimlar aynan sizga mos, boshqa hech kimga emas” deb ishontirishadi. Nima, siz o‘zingizdan ham, ko‘proq begona odamga ishonasizmi? O‘ylaymanki yo‘q. Men aynan shuning uchun ham ushbu maqolani yozishga qaror qildim.

Shimlar qanday mos kelishi zarur degan masalani batafsil qarab chiqishdan oldin sizning e’tiboringizni shimning pastki qismidagi taxiga (qat, buklangan joyi) qaratmoqchiman. Mening fikrimcha bu borada aniq qoida yo‘q. Barchasi shimni tanlashdagi didga, sizning kiygan poyabzalingizga va albatta bo‘y-bastingizga (gavda bichimi, qaddi-qomat, jussa, bichim) bog‘liq. Shimning taxi masalasida quyidagi 4 ta qoida mavjud: to‘liq qatlangan, yarim qatlangan, chorak qat va qatsiz. Bu yerdagi farqni anglash uchun poyafzalning orqa tomoniga qarash zarur bo‘ladi. Agar shim qatsiz bo‘lsa, shimning pochasi poyabzal orqa tomonini ozgina qoplaydi. To‘liq qatlangan holatda esa pochalar poyabzalning orqa qismini to‘liq egallaydi va poyabzal tagining bir qismigina ko‘rinib turadi (5-rasm).

Agar siz qatlanmaydigan shimni tanlagan bo‘lsangiz, u holda yurgan paytingizda shimingiz bir oz ko‘tariladi va poypoqlaringiz ko‘rinadi. Stulda o‘tirgan paytingizda ham xuddi shunday bo‘ladi. Bunday vaziyatda poypoqlar uzunroq bo‘lishi tavsiya qilinadi, chunki oyoqlarning yalong‘och qismi ko‘rinishi kerak emas.

Agar siz qatlanadigan shim tanlagan bo‘lsangiz. Yurgan paytingizda u to‘g‘irlanadi va o‘tirgan paytingizda poypoqlaringizning ko‘rinadigan qismi ochilmaydi.

An’anaviy shimlarni tanlashda qo‘shimcha ravishda quyidagilarni maslahat berishim mumkin. Shimlarning o‘lchamlari alohida tanladi, faqatgina bir nechta eslatmalarni beraman.

Tugmalari qadalgan shim va kiygan ko‘ylagingiz orasidagi joy ko‘p bo‘lmasligi ma’qul. Ikkita barmoq kirsa yetarli bo‘ladi. Aks holda kamarni tortganingizda shimning belida turli tirishlar va deformatsiyalar yuzaga keladi.
Agar shimning uzunligini tanlashda qiynalsangiz, pastki qismida qatlanish ko‘p bo‘lmaydiganini tanlang va poyafzalingizning orqa qismini yarim yopib tursin.
Agar siz cho‘kkalab o‘tirganingizda ortiqcha torlik/kenglikni his qilsangiz, bilinki bu sizning o‘lchamingiz emas.
Agar o‘z o‘lchamingizni topa olmasangiz, boshqa ishlab chiqaruvchini izlang. Lekalo va bichim (andoza) hammada har xil. Albatta boshqa tikuvchida sizbopi topiladi.
Imkoni boricha beldagi qatlanishlar bo‘lmagani ma’qul.
Mana kostyum va shimning o‘lchamlarini ham tanlab bo‘ldik. Endi navbat poyabzalga. Bu yerda asosiy mohiyat poyabzal va kostyumning ranglarini mos keltirishda. Demak rasmga e’tiboringizni qarating (6-rasm).

Bugungi kunda turli rangdagi fotbolkalar, ko‘ylaklar, sviterlar, jinsilar va turli bichimdagi shimlar yoshlar va katta yoshdagi kishilar orasida ham ommalashib bormoqda. Ammo ularni kiyishda ham o‘ziga xos ko‘rinmas chegaralar mavjud.

Ko‘pchilik orasida axmoqxona ko‘rinmaslik uchun katta yoshdagi kishilar uchun yana bir nechta tavsiyalarim bor. Rasmga e’tiboringizni qarating (7-rasm).

Yuqoridagi maslahatlar asosan tana tuzilishi barvasta (ortiqcha semirmagan) erkaklar uchun qo‘l keladi. Shuni unutmangki, juda ko‘p narsalar har birimizning o‘zimizgagina xos bo‘lgan o‘ta shaxsiy xususiyatlarimizga bog‘liq bo‘lib, qaysidir qoidalar yaxshiroq, qaysi birlari esa kamroq ish berishi mumkin.

So‘ngi so‘z o‘rnida shuni aytishim mumkinki, doimo o‘zingizning o‘lchamngizni tanlashga va o‘zingizning “tikuvchingiz”ni topishga harakat qiling. Chunki kiyim-kechak tikuvchilar turli leklalalar bilan ishlaydilar va odamning tana tuzilishiga nisbatan har birining o‘ziga xos me’yorlari mavjud.

Manba: usm.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Muhimi did, moda emas yoxud zamonaviy erkaklarning kiyinishi haqida (foto)