19:22 / 07.02.2018
5 778

Suhbatdoshingizning harakatidan u haqida bilib oling

Suhbatdoshingizning harakatidan u haqida bilib oling
Hayajonlanish hammaga xos holat. Ko‘pchilik bunday paytda asabiylashadi va asabiylashayotganini yashirishga urinadi. Ishga joylashish yoki biror muhim masalada kim bilandir suhbat qurilganda kutilmagan savol, qaltis holatlarda hayajonlanamiz, bu ojizligimizni yashirishga urinamiz.

Ammo biz yashirishga uringan holatni yuz-ko‘zimiz, o‘zimizni tutishimiz oshkor qiladi. Bu holatga ilmiy yondoshadigan bo‘lsak, tanamizdagi asab tolalari biz biror muammoga yo‘liqib asabiylashganimizda yoki hayajonlanganimizda xatti-harakatlarimiz va mimikalarimiz orqali holatimizni aks ettiradi. Quyida psixolog olimlarning ko‘p yillik tadqiqotlari natijasidagi xulosalar asosida suhbatdoshinmizning xatti-harakatlarini kuzatib, u nimadan tashvishlanayotganini bilib olish mumkinligi xususida so‘z yuritiladi.

Ko‘zni yashirishga urinish
Xorijda politsiya xodimlari jinoyat sodir qilganda gumon qilinayotgan kishi chiroq yoki yonib turgan narsaga qarashdan o‘zini olib qochishini ta’kidlashgan. Odatda, suhbatdoshingiz qarshingizda qora ko‘zoynagini yechmay tursa, bilingki, u o‘zining xatosi yo aybini biladi va atrofdagilardan shuning uchun uyaladi.

Sochlarini o‘ynash
Odatda qizlar hamdarlik bildirganda yoki nozlanganda sochlarini o‘ynashadi. Ammo shu bilan birga, bu harakat qiz bolaning qandaydir tashvishi borligiga ham ishora qiladi. Qarshingizdagi qiz qoshlarini chimirib, sochini o‘ynay boshlasa, bilingki, u sizdan qandaydir muammoni yashiryapti.

Lablar pirpirasa
Suhbat davomida qarshingizdagi insonning lablari pirpirasa – u aniq stressni boshdan kechirayapti! Ba’zan yolg‘ondan o‘zini betashvish ko‘rsatish uchun kulmoqchi bo‘ladi yoki lablarini qattiq tishlab oladi. Bu esa uning boshqa bir shaxs bosimi ostida qolganligidan darak beradi.

Barmoqlar mimikasi
Barmoq harakatlarining bir necha turi bo‘lishi mumkin. Shuningdek, barmoqlar mimikasi egasining muammolari ko‘pligidan dalolat beradi. Agar suhbatdoshingiz dam barmoqlarini qisib, dam qo‘llarini musht qilib tugsa, bilingki, uning qattiq jahlini chiqarishgan va shuning uchun u siz bilan muloqotga kirishishdan cho‘chiyapti.

Esnash
Albatta, qarshingizdagi odam ketma-ket esnasa siz uni yo qattiq charchagan, uyqusi kelyapti deb o‘ylasiz yoki suhbatni mensimayapti, degan xayolga borasiz. Vaholanki, u yechimsiz muammolar qarshisida qolib ketgan va nizoli vaziyatdan qanday qutulish yo‘llarini izlayapti.

Yuzni siypalash
Agar qarshingizdagi inson tinmay yuziga teginaversa, demak, u hayajonlanayotgani va yoki muammolaridan tashvishga tushayotganini suhbatdoshi sezib qolishidan cho‘chiyapti. Ko‘p hollarda asabiylik yuz ifodasida namoyon bo‘ladi. Yuziga tinmay teginayotgan suhbatdoshingiz esa go‘yoki yuzidagi ifodani qo‘li bilan o‘zgartirishga urinadi.

Har qanday holatda ham asabiylikdan saqlanish kerak. Unutmang, asab tolalari qaytib tiklanmaydi va dunyodagi hech bir narsa asabiylashishingizga arzimaydi. Shuningdek, qarshingizdagi inson kim, qanday holatda bo‘lishidan qat’i nazar siz unga samimiy munosabatda bo‘ling, so‘zlarini jon qulog‘ingiz bilan tinglashga harakat qiling. Balki asabiy holatdagi suhbatdoshingiz sizning mulo-yim tabassumingiz sababli hayajonini yengib, muammolariga yechim topar? Xushchaqchaqlik va muloyimlik – komil insonning asosiy fazilatlaridan biri ekanini unutmang!
Psixolog Muqaddas DADAXO‘JAYeVA tayyorladi.

Manba: mulohaza.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Suhbatdoshingizning harakatidan u haqida bilib oling