19:51 / 24.02.2018
14 649

Munajjimlar bashorati: Aqrab (22 oktyabr – 22 noyabr) burji vakillari uchun 2018 yil qanday kechadi?

Munajjimlar bashorati: Aqrab (22 oktyabr – 22 noyabr) burji vakillari uchun 2018 yil qanday kechadi?
Umumiy bashorat
Aqrab burji vakillari mehnatkash, doim izlanishda va notiq bo‘lishadi. Biroq ta’kidlash joizki, chiroyli gapira olish doim ham ularning foydasiga ishlamagan. Sababi, haqiqatparvar, dilidagi tilida bo‘lgan “Aqrab”lar yaqin insonlarini ham achchiq gaplari bilan xafa qilib qo‘yishlari mumkin. Ammo nima bo‘lganda ham 2018 — “It” yili “Aqrab”lar uchun qiziqarli o‘tishi va’da qilinmoqda.

Kirib kelayotgan yil noxush voqealar bilan boshlanmasligi uchun aqrab burji vakillaridan o‘ta ehtiyotkorlik talab qilinadi. Mashina ulovidan foydalanganda yo‘l qoidalariga amal qilish, nazoratni kuchaytirish lozim. Hatto hordiq chiqarishda ham ekstremallikdan uzoqroq bo‘ling. O‘zingizdagi harakatchanlikni sarflashda “nishon”ni to‘g‘ri ola biling.

Bahor oyida eski ish joyingizni o‘zgartirishga bo‘lgan harakatingiz omadli kechadi. Yangi sohada o‘zingizni tezda topa olasiz. O‘z ishini ochmoqchi bo‘lganlar uchun ham 2018 yil katta imkoniyatlarni hozirlab qo‘ygan. Yuqorida aytganimizdek, notiqlik iqtidori bilan o‘z atrofingizga haqiqiy mutaxassislarni jamlay olasiz. Har bir boshlanayotgan ishda yaqinlarining ko‘magi ham juda muhim. Ya’ni “Aqrab”larning oila a’zolari ularni doim qo‘llab-quvvatlab turishlari lozim. Darvoqe, bu burjdagilar uchun oila va qadriyatlar doim birinchio‘rinda bo‘lgan.

Yilning ikkinchi yarmida “Aqrab”lar o‘zlaridagi la­tofat va maftunkorlik bilan atrofdagilarning e’tiborini tortishadi. Shu o‘rinda shaxsiy hayotda ham o‘zgarishlar boshlanadi. Har qanday vaziyatda avval yaxshilab o‘ylab, toshu tarozini o‘lchab, keyin jiddiy qaror chiqarishni unutmang. Ahdu paymon qilgan sevishganlar 2018 yilda oila qurishlari ehtimoli kuchli.

Kuz kelishi bilan o‘ylamagan voqea-hodisalar “Aqrab”larni biroz tushkunlikka tushirib qo‘yishi mumkin. Tuhmat, quruq gaplarga e’tibor bermaslikka harakat qiling. Har qanday vaziyatda nomingizni oqlab chiqishga shay turing. Bu tavsiya nafaqat ishda, balki oilaviy munosabatlarga ham tegishli. Juftingizning oldida vijdoningiz toza ekaniga uni ishontirish biroz qiyin kechadi. Asosiysi, oilada bo‘ladigan vaziyatlarda samimiylik va sofdillikni unutmasangiz, bas!

“Yaxshi dam – mehnatga hamdam” deb bejizga aytilmagan. Bayram kunlari yoki ishdagi bir xillikdan charchasangiz, hordiq chiqarishni kanda qilmang. Issiq o‘lkalar sayohat qilishga chog‘ingiz kelmasa, shinam uyda o‘zingiz yoqtirgan mashg‘ulot bilan band bo‘lish ham ko‘pgina stress­larning oldini oladi. Shuningdek, kun tartibingizni nazorat qilish vaqti keldi. To‘g‘ri ovqatlanish, vaqtida uxlash, yomon odatlardan xalos bo‘lish ham insonga kuch-g‘ayrat bag‘ishlaydi.

SHAXSIY XAYOT
“Aqrab”lar eng ehtirosli burjlardan biridir. Kundalik hayotdagi har qanday katta-kichik voqealarni nishonlashni ularga qo‘yib bering. Uni haqiqiy bayramga aylantirishadi. “Aqrab”larning shaxsiy hayoti ham bayramlarga to‘la, rang-barang voqealar bilan boyitilgan. Oilali “Aqrab”lar 2018 yilda o‘zlarini yorlariga qaytadan oshiq bo‘lgandek his qilishadi. Oilaviy hayotlari eng yorqin ranglar bilan boyib boradi.

Hali o‘z juftini uchratmagan “Aqrab”lar esa 2018 yilda faollashib, hayotini bog‘lash uchun munosib juftlik izlay boshlashadi. Oldindan ogohlantirish kerak, bu yo‘l siz o‘ylaganchalik uzun emas. Ammo shunday bo‘lsa-da, har bir “Aqrab” umr yo‘ldosh tanlash oson ish emasligini his etishadi. Qalbingizga quloq tuting. U sizni aldamay, to‘g‘ri tanlovni amalga oshirishingizda ko‘mak beradi. Yangilanish fasli — bahorga kelib, baxtingizni uchratish ehtimoli oshadi.

Kuz oylarida oilangizga, opa-singil yoki aka-ukangizga sizning mehringiz kerak. Ular bilan ko‘proq muloqotda bo‘lishga intiling.

SALOMATLIK
2018 yilda “Aq­rab”larni jiddiy ka­salliklar “aylanib” o‘tadi. Faqat ruhiy holatingizga e’tiborliroq bo‘­ling. Yon-atrofingizda munosabat bildirayotgan har bir fikrdan qalban zo‘riqish his etishingiz mumkin. Unutmang, to‘g‘ri yo‘lni qalbingizning o‘zi ko‘rsatadi. Hammaga birdek yoqib bo‘lmasligini tan olib, yo‘lingizda davom etsangiz, asabingizni asragan bo‘lasiz. Bahor oylarida allergiyadan ehtiyot bo‘ling. Mavsumiy kasalliklardan uzoqroq bo‘lish tavsiya etilmoqda. Shuningdek, yod tanqis davrda endokrin bezini ham nazorat qilib turishni yodda tuting.

KARYERA
Yil boshlanishi bilan moliyaviy ji­ha­tingizni o‘nglab olish imkoniyati paydo bo‘ladi. Faqat bunda sizdan tavakkal qilishdan qo‘rqmay, ildamroq qadam tashlash talab qilinmoqda. Faoliyatingiz davomida do‘stlaringiz ko‘magidan voz kechmang. Aynan ularning maslahati va qo‘llab-quvvatlashi sizga ancha yordam beradi. Yangi ishga joylashganlar — doimiy o‘z ustida ishlashi lozim. Rahbariyat va xodimlar orasida tajriba va malakangizni namoyon etishingiz shart. Xorijga ishlashga ketishni rejalashtirgan “Aqrab”lar bu fikrdan voz kechganingiz ma’qul. Oylik maoshingiz­dan qoniqmay, xorijda oson hayot kut­yapti, desangiz adashasiz.

AYOL “AQRAB”LAR UCHUN
Ayol “Aqrab”lar uchun Yangi yil shaxsiy hayot va ishdagi fao­liyatida ham omadli bo‘lishi kutilmoqda. Yoz oylarida ishdagi faoliyatingiz yanada rivojlanadi. Rahbariyat va kasbdoshlar tomonidan maqtov gap­lar va rag‘batlarni qabul qilasiz. Hatto uzoq yillar davomida kutilayotgan yangi lavozimga ham tayinlanishingiz mumkin. O‘zlarining shaxsiy ishlarini yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lganlarni ham omad kutmoqda. Ayniqsa, bu yil ijod ahli uchun juda qulay fursat. Ammo ish bilan bo‘lib, yaqinlarni unutish yaramaydi. Oila va farzandlaringiz ham mehr, e’tiboringizga muhtoj.

Turmushga chiqmagan “Aqrab” xonimlarning hayoti ham 2018 yil to‘liq uyg‘unlikda o‘tadi. Ular o‘z shahzodalaridan uzoq kutilgan oila qurish taklifini eshitishlari mumkin. Qanday qarorga kelish esa o‘zingizga bog‘liq.

ERKAK “AQRAB”lar UCHUN
Erkak “Aqrab”larni esa ayollardan farqli o‘laroq biroz qiyinchiliklar kutmoqda. Ammo vahimaga o‘rin yo‘q. Muammoni ijobiy yoki salbiy hal qilish o‘zingizga bog‘liq. Asosiysi, rah­ba­riyat bilan tortishmang. Har qanday qiyin vaziyatda ham ichki xotirjamlik bilan aloqa o‘rnating. Mavjud qiyinchiliklarni yengib o‘tishda hamkasblaringizning roli ham juda katta. Ba’zida biz o‘zimiz yo‘l qo‘yayotgan kamchiliklarni payqamay qolamiz. Shuning uchun berilgan maslahatlarni to‘g‘ri qabul qilib, ularga amal qilishga urinib ko‘ring.

Yilning ikkinchi yarmida esa shaxsiy hayotingizdagi voqealar ko‘proq diqqatingizni tortadi. Juftingizga mehr ko‘rsating, romantik uchrashuv, sababsiz gul yoki oddiy kechki sayr ham munosabatlarni yaxshilaydi. Biroq har bir narsada me’yorni biling. Haddan tashqari berilgan e’tibor ham aks javobni keltirib chiqarishi mumkin. Asosiysi, munosabatda ishonch ustuvor bo‘lishi kerakligini yodda tuting.

Manba: darakchi.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Munajjimlar bashorati: Aqrab (22 oktyabr – 22 noyabr) burji vakillari uchun 2018 yil qanday kechadi?