Ayol o‘zining nodir fazilatlari bilan biz erkaklarning ko‘nglimizga doim yo‘l topib, quvonchu shodligimizga sherik bo‘lib yashaydi.
Barchamizga yaxshi tanish bo‘lgan erkak ijodkorlarimizni nozik xilqat vakillarining qaysi fazilatlari hayratga soladi? Bayram bahona ularning ko‘nglidagi dil so‘zlariga quloq tutdik.
U — sabr-qanoatli!
Muslimbek YO‘LDOShEV, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, suxandon:
— Sabr-toqatli opa-singillarimizni juda ham hurmat qilaman. Ayol kishi qanchalik go‘zal, xaridori ko‘p bo‘lmasin, iqtisodiy jihatdan «baqquvat» xonadonga kelin bo‘lib tushmasin, uning sabri bo‘lmasa, kun kelib, albatta, qoqilishi tayin. Sabrsiz ayol aslo bag‘rikeng bo‘lolmaydi. Sabrsizlik natijasida esa taassuflar, armonlar va tushkunliklar kelib chiqadi. Bunday fe’l-atvorga ega ayoldan nimani kutish mumkin?
Sabrli ayol, avvalo, o‘zini qo‘lga olishni, boriga ham, yo‘g‘iga ham qanoat qilib yashashni biladi. Yaqinlarining ham ko‘ngliga yo‘l topishga intiladi. Natijada esa hamma uni yangidan-yangi qirralarini kashf etaveradi. Bunday saodatmand ayollarning boriga shukr qilishimiz va ularning qadriga yetishimiz lozim.
U — oilaparvar!
Rustam SA’DULLAYeV, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist:
— Men, avvalo, nozik xilqat vakillarining yaqinlariga bo‘lgan yuksak e’tiborini alohida qadrlayman. Agar ayol kishi turmush o‘rtog‘i va farzandlariga e’tiborli, hamisha ularning kamchiliklarini kechirib va yashirib tursa, bunday oilada albatta baxt va baraka hukmron bo‘ladi, farzandlar ham onasidan o‘rnak oladi.
Sarishta, samimiy va ahil-inoqlikni xush ko‘ruvchi ayollarni yaxshi ko‘raman. Manmanlik, kibr-havoga tezda berilib ketadigan, yolg‘on gapirib, erdan va o‘zidan kattalardan beruxsat, o‘zboshimchalik bilan biror ishni amalga oshiruvchi ayollarni esa ochig‘i, unchalik ham xushlamayman. Ayniqsa, opa-singillarimizdan muqaddas qo‘rg‘onda erdan ustun bo‘lishga intilmasliklarini so‘rardim. Bu o‘zbek ayollariga to‘g‘ri kelmaydigan xunuk odat.
U — mehnatkash!
Avaz OXUN, qiziqchi:
— Men bo‘sh vaqtini behuda narsalarga emas, aksincha, bordan yo‘q qilishga odatlangan, mehnatkash ayollarni yaxshi ko‘raman. Yoshlik chog‘larimda shunday ayollarni ko‘rganmanki, ular umr bo‘yi halol mehnat qilib, farzandlarini birovdan kam qilmay, ulg‘ayishiga astoydil harakat qilishgan. Suyagi mehnatda qotgan bu kabi ayollar kamdan-kam hollarda kasal bo‘lishardi. Shunda ham biror jiddiy kasallikdan aziyat chekishmasdi. Afsuski, zamon shiddat bilan rivojlangani sari bunday ayollarimiz noyob bo‘lib bormoqda. Balki, kunini mazmunsiz narsalar bilan «chog‘» o‘tkazish yuqumli kasallikdir. Istardimki, mehnatkash opa-singillarimiz bu kasallikni o‘ziga yo‘latmasdan yanada ko‘paysa.
U — irodali!
Habibulla NIZOMOV, sportchi va aktyor:
— Aslida o‘zbek ayollarida biz erkaklarni hayratlantiradigan fazilatlar juda ham ko‘p. Men ayollarning irodasi mustahkamligiga har doim tan berib kelganman. Kichik jussasi bilan ne-ne qiyinchiliklarga bardosh berib, ezgu maqsadlarini amalga oshirayotganini ko‘rsam, ularga behad tasannolar aytaman. Sportchi xotin-qizlarimizning jahon sport arenalarida qo‘lga kiritayotgan yutuqlari esa butun xalqimiz ahli qatori meni ham cheksiz xursand qiladi.
U — farosatli!
Behzod MUHAMMADKARIMOV, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist:
— Yoshlik chog‘larimda biror ayb ish qilib qo‘ysam, rahmatli onam «Bolam, nahotki, shu ishni qilishdan oldin unga tushunmagan bo‘lsang. Buning uchun aqlni ishlatish shart emasdi, farosating yetsa bo‘ldi-ku!», deb koyib berardi. Bunday o‘ylab qarasangiz, farosat juda ham keng qamrovli va hammada ham bo‘lavermaydigan tug‘ma xislatlardan biri. Oilada avvalo ayol kishi fahm-farosatliroq bo‘lishi lozim, deb o‘ylayman. Sababi, farosatli ayol qayerda qanday gap aytishni, vaziyatdan qay yo‘l bilan chiqib ketishni, kerak bo‘lsa, turmush o‘rtog‘ini ham ko‘klarga ko‘tarishni uddalay oladi.
U — mehr-oqibatli!
Samandar HAMROQULOV, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist:
— Meni opa-singillarimizning mehr-oqibatga to‘la qalbi har doim hayron qoldiradi. Ularning mana shu fazilati sabab atrofimiz hamisha chiroyli va ko‘rkam, xonadonlarimiz qarindosh-urug‘lar, qo‘ni-qo‘shnilar bilan gavjum. Agar ayolda mehr-shafqat bo‘lmasa, u birga voyaga yetgan jigarlarni yuz ko‘rmas, oqibatsiz qilib yuborishi hech gap emas. Shuning uchun ham ayolning mehri bilan olam munavvar, qalblarimiz esa yorug‘dir.
U — tejamkor!
G‘ayrat USMONOV, xonanda:
— Menimcha, har bir erkak kishi ayolning tejamkorligini judayam yaxshi ko‘rsa kerak. Hazil tariqasida aytilgan bu gapim qaysidir ma’noda haqiqatdir. Chindan, oilaga qut-baraka va farovonlik uy bekasining tejamkorligi sabab paydo bo‘ladi hamda qo‘nim topadi. Agar ro‘zg‘or yumushlari biz erkaklar zimmasida bo‘lganida, sira ham baraka bo‘lmasdi, nazarimda.
Manba: od-press.uz “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Xatolar va mag‘lubiyatlar... ular kechiriladimi?
20 yoshli o‘zbekistonlik qizni qarindoshi Turkiyaga sotib yubordi
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin
Kim Chen In harbiylarni jangovar holatda turishga chaqirdi
O‘zi choy damlaydi va suhbatlashadi: dunyodagi birinchi “aqlli” choynak taqdim etildi (video)
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»