12:30 / 11.11.2018
4 447

Kim aldandi?

Kim aldandi?
Bir odam yo‘lda ketarkan, dehqonga duch kelibdi va salom beribdi:

– Assalomu alaykum!
– Vaalaykum assalom! Yo‘l bo‘lsin, birodar?

– Sigirimga yem olmoqchiman, shu tarafda bir baqqol bor ekan, shuning do‘koniga ketyapman.
– Shunaqami... unday bo‘lsa, ehtiyot bo‘l, aldanib qolma!

– Meni hech kim alday olmaydi!
– Men aytdim-qo‘ydimda...

U odam baqqolning do‘koniga yetib kelibdi. Salom-alikdan so‘ng, yemning narxini so‘rabdi. «Falon narx», – debdi baqqol.

– Yaxshi, menga o‘n kilo bersangiz.

Baqqol o‘tirgan joyidan qo‘zg‘almabdi. Qo‘li bilan do‘konning orqa tomoniga erinibgina ishora qilib:
– O‘sha yoqqa o‘tib, yemdan keragini olgin-da, menga pulini to‘lab ketaver. Yem to‘kib qo‘yilgan joyda tarozi ham bor, – debdi.

Xaridor ko‘rsatilgan tarafga o‘tib, xaltasini taroziga qo‘yib, yem sola boshlabdi, o‘n kilo bo‘lgandan keyin qarasa, atrofda hech kim yo‘q, baqqol o‘tirgan joydan bu taraf ko‘rinmaydi ham. Odam xaltasiga to‘rt-besh kilo ortiqcha yem solibdi va baqqolga o‘n kilo yem uchun pul to‘lab, uni aldabdi. Chiqib, o‘z yo‘liga ketibdi. Yo‘lda yana boyagi dehqonni uchratibdi.

– Yem oldingmi? – so‘rabdi dehqon.
– Ha oldim. Siz aldanib qolma, degandingiz. Baqqolingiz aldashni eplaydigan odam emas-ku, bir joyda mudrab o‘tiribdi. Qaytaga men uni bopladim, to‘rt-besh kilo ortiqcha yem oldim, sezgani ham yo‘q...

Dehqon bu odamning yuziga achinish bilan boqib, boshini sarak-sarak qilibdi:
– Men senga aytgandim-a, aldanib qolishdan ehtiyot bo‘l, degandim-a! Afsus...

Aslida sen aldanding! Arzimagan 4-5 kilo yem uchun xayr-barakangni qo‘ldan boy berding, baqqolning gunohlarini o‘z yelkangga olib, do‘zaxni o‘zingga tayin qilib qo‘yding!

Xulosa: Bugun Sizni kimdir aldagan bo‘lsa, kuyunmang, g‘am chekmang, zotan bugun Sizning emas, balki aldagan kimsaning aldanish kuni bo‘libdi.

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Kim aldandi?