14:10 / 16.11.2018
5 797

Alloh bandasiga tanlash ixtiyorini bergan

Alloh bandasiga tanlash ixtiyorini bergan
Foto: «Islom.uz»
«Islom.uz» portalida Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning «Iymon» kitobidan olingan parcha keltirildi.

Endi Qur’oni karimda inson ixtiyori masalasi qay tarzda hal qilinganini ko‘rib o‘taylik. Mushriklar o‘zlarining yomon ishlarining sababi Allohning irodasi va xohishi ekanligini bahona qilganlarida, Alloh taolo ularga qarata Qur’oni karimda shunday degan:

«Hali shirk keltirganlar: «Agar Alloh xohlaganida, biz ham, ota-bobolarimiz ham shirk keltirmas edik va biror narsani harom qilmas edik», derlar. Ulardan oldingilari ham azobimizni tatigunlariga qadar shu kabi yolg‘onga chiqarib turganlar. «Huzuringizda bizga chiqarib ko‘rsatadigan biron ilm – hujjat bormi? Gumonga ergashmoqdasiz va sizlar aljiramoqdasiz, xolos», deb ayt. Sen: «Yetuk hujjat Allohning O‘zidadir. Agar xohlasa, hammangizni hidoyatga solar edi», deb ayt» (An’om surasi, 148-149-oyatlar).

Ushbu oyatdan ochiq-oydin ko‘rinib turibdiki, agar Alloh taolo barcha odamlarning bir yo‘lda bo‘lishini xohlasa, ularni to‘g‘ri yo‘lga boshlagan bo‘lar edi. Lekin odamlar muayyan yo‘lga yurishga majbur emaslar. Alloh taolo o‘z xohishi bilan to‘g‘rini noto‘g‘ridan, haqni nohaqdan ajratib, odamlarga tushuntirish uchun payg‘ambarlar yubordi va odamlarga istagan yo‘liga yurish ixtiyorini berdi.

Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
«Sen: «Haq Robbingiz tomonidandir. Bas, kim xohlasa, iymon keltirsin, kim xohlasa, kufr keltirsin», degin», deyiladi (Kahf surasi, 29-oyat).

Allohning xohishi odamlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlash va yomon yo‘ldan qaytarish uchun payg‘ambarlar yuborishda namoyon bo‘lsa, insonning xohishi ikki yo‘ldan birini tanlashda namoyon bo‘ladi. Qur’oni karimning ko‘pchilik oyatlarida insonning ixtiyori o‘zida bo‘lib, u qilgan ishlari uchun javobgar ekanligi bayon etilgan. Agar inson yashayotgan jamiyatda yomonlik tarqasa, maishatida turli kamchiliklar paydo bo‘lsa, bularning barchasiga uning o‘zi sababchidir.

Fussilat surasida Alloh taolo aytadi:
«Kim solih amal qilsa, o‘ziga foyda. Kim yomonlik qilsa, o‘ziga zarar. Robbing bandalarga zulm qiluvchi emas» (46-oyat).

Qur’oni karimda jamiyat ishini yaxshilash uchun, hayotni farovon, turmushni charog‘on qilish uchun har kim o‘zi harakat qilishi zarurligi ta’kidlab o‘tilgan. Alloh taolo Ra’d surasida shunday marhamat qiladi:

«Albatta, Alloh bir qavmdagi narsani, toki ular o‘zlaridagi narsani o‘zgartirmagunlaricha, o‘zgartirmas» (11-oyat).

Qur’oni karimda keltirilgan mazkur iboralardan ochiq-oydin ko‘rinib turibdiki, insonning irodasi va qilgan ishi savobga yoki azobga sabab bo‘lar ekan. Bu Islom dushmanlarining «Islom o‘ziga ergashganlarni taraqqiyotdan qoldiradi va ularning hayotlarini buzadi», degan tuhmatlari g‘irt yolg‘on ekanligini ko‘rsatadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Alloh bandasiga tanlash ixtiyorini bergan