19:33 / 15.02.2020
7 095

“Sen xotiningga xiyonat qilsang, u senga xiyonat qilmaydimi?”

“Sen xotiningga xiyonat qilsang, u senga xiyonat qilmaydimi?”
Bu oltmishlar atrofidagi odamni anchadan beri taniyman. Ko‘rsa o‘zini ko‘rmaganga solib oladi. Men bilan salomlashmaydiyam, gaplashmaydiyam, aniqrog‘i gaplasholmaydi.
Chunki...
U odam bilan birinchi marta tanishganimizga yigirma besh yillardan o‘tdi-yov. U vaqtda talaba edim. Soddagina. Shaharlararo avtobusga chiqdim, o‘qishga ketyapman, yonimga qirq yoshlar chamasidagi bitta “aka” joylashdi. Avtobus yo‘lga tushganda salom-alikni yig‘ishtirib birdaniga “tomdan tarasha tushirdi” u “aka”:
- Namoz o‘qiysanmi?, - dedi boshimdagi do‘ppim, jiddiyroq kiyingan kiyimlarimga qarab, ensasi qotib.
- Ha, - dedim qisqa qilib. Shu muomalasining o‘zidayoq “ha, senimi!?” deb qo‘ygandim. Qiliqlari g‘ashimga tega boshladi. Chunki u odam o‘z fahmida “zamondan orqada qolgan” bilan ketardi…
- Senlarda ayollar yetti qavat paxsani ichida o‘ltiradida-a?, - dedi kulib. Javobga hojat yo‘q edi. Masharabozlikni davom ettirdi:
- Yetti qavat paranji ham degin?, - dedi yana ishshayib. Indamadim. Keyin o‘zicha kuyungannamo bo‘lib:
- Menga qaragin, nega shunaqasanlar-a? Yurmaysanmi mazza qilib, hayotdan bahra olmaysanmi!? Ich, kayf qil, mazza qil, o‘yna, kul, qizlar bilan yur, - deb allanimalarni rosa gapirdi. Meni birinchi “tugilgan mushtim” siqilgancha turgandi.
- Aka, qayerda ishlaysiz?, - dedim bir oz sayragandan keyin, mavzuni qayoqqa olib ketayotganligimni sezib qolmasligi uchun.
- Fabrikada.
- Ayolingiz-chi?
- U ham, axir bizda ayollar sizlardagi haligiday, paxsa ichida o‘ltirishmaydi-ku!, - dedi yana iljayib, qo‘llarini girra qilib aylantirib.
- O‘zingiz aytganingizday, qizlar bilan yurarsiz?, - dedim.
- Albatta-da! Nega yurmay!?, - dedi ko‘zlari charaqlab.
- Ayolingiz bilib qolmaydimi? Axir bitta fabrikada ishlarkansiz, - dedim.
- Nimalar deyapsan? Men aqlli odamman, hammasining rejasini tuzib qo‘yganman. Oshqovoqmidim!? Atayi smenamizni boshqa-boshqa olib yuraman, - dedi mamnun bo‘lib, og‘zining tanobi qochib.
- Men unga aytarmidim, yo bildirarmidim? O‘zim bilib ishimni qilib yuraveramanda! Bilib o‘ltiribdimi!?, - dedi davomida kulib.
- U-chi, u?, - dedim.
- Nima “U”?, - dedi tushunmay.
- U ham aytarmidi, yo bildirarmidi? Bilib ishini qilib yuraveradi-da! Bilib o‘ltiribsizmi? Axir smenasini boshqa qilgan o‘zingizku?!, - dedim kulib…

Gap uzilib, hangoma buzildi. Suhbatimizga nuqta qo‘ydik. To manzilimizga yetgunga qadar u odam yuzini men tomonga burolmadi. Shu-shu, hali gaplasholmaymiz…
Meni ko‘rsa, ko‘rmaganday o‘tib ketadi...

Salim AYYUBIY

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » “Sen xotiningga xiyonat qilsang, u senga xiyonat qilmaydimi?”