15:23 / 03.01.2021
1 813

Yangi yilda o‘zingizga bergan va’dalaringizni bajarish uchun 5ta muhim tavsiya

Yangi yilda o‘zingizga bergan va’dalaringizni bajarish uchun 5ta muhim tavsiya
Skranton universiteti tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, odamlarning atigi 8 foizigina yangi yil va’dalarini bajara olar ekan. Agar siz ham ushbu 8 foiz ichida bo‘lishni istasangiz, butun yil davomida so‘zingizda turishingizga yordam beruvchi ushbu besh tavsiyani yodda tuting.

Juda ko‘pchilik yangi yilda o‘z hayotini o‘zgartirishga qaror qiladi va o‘ziga o‘zi va’da beradi. Zararli odatlarni tashlash, sport bilan shug‘ullanish, mablag‘ jamg‘arish, yangi bir ishni boshlash kabilar shular jumlasidan.

Yangi yilda – dunyo hamon koronavirus bilan «olishib» yotgan bir pallada o‘zingizga qanday va’da bergan bo‘lishingizdan qat’i nazar, ularni amalga oshirish uchun astoydil harakat qiling!

1. Kichik odimlar oting

O‘z oldiga aniq maqsadlarni qo‘yish muvaffaqiyat qozonish imkoniyatini oshiradi.

Psixoterapevt Raxen Vaynshteynning fikricha, muammoning bir qismi «yangi yilda tamoman boshqacha odam bo‘laman» degan xayol bilan o‘z oldiga ulkan maqsadlar qo‘yishdan kelib chiqadi.

Agar o‘zingiz uchun kichik maqsadlarni belgilab olsangiz, ularga erishgach, keyingi marraga yetish imkonini ham aniq ko‘ra olasiz. Masalan, marafonda g‘olib bo‘lishga va’da bergandan ko‘ra, bu ishning dastlabki odimi sifatida sport poyabzali sotib olish va qisqa masofaga yugurishni boshlash ko‘proq foyda berishi mumkin.

Muvaffaqiyatning eng asosiy siri – katta o‘zgarishlardan qochish emas, balki maqsadga erishish uchun uzoq vaqt davomida real tarzda oldinga siljib borishdir.

«Hayotdagi ulkan o‘zgarishlar kichik qadamlar bilan boshlanadi», deydi Vaynshteyn.

2. Maqsadni aniq qo‘ying

O‘z oldimizga biron maqsadni qo‘yar ekanmiz, bu maqsadga qanday erishish haqida o‘ylab ko‘rmasligimiz eng keng tarqalgan xatolardan biridir.

Unutmang: qadamlarni aniq tarzda rejalashtirish juda muhim.

Oksford universiteti professori Nil Levining fikricha, «Ko‘proq mashq qilaman» degan mavhum va’dadan ko‘ra, «Har seshanba tushdan keyin va shanba kunlari ertalab sport zaliga boraman» deyish ko‘proq muvaffaqiyatga eltishi mumkin.

Shu kabi aniq va erishish mumkin bo‘lgan maqsadlar sizga nafaqat maqsadni, balki unga erishish yo‘llarini ham ko‘rsatadi.

3. Qo‘llab-quvvatlovdan foydalaning

Maqsadingiz yo‘lida hamrohlik qiladigan insonlarni topa olish ham siz uchun ajoyib turtki manbayi bo‘lishi mumkin. Bu biror kursga do‘stingiz bilan birga borish yoki o‘z rejalaringizni boshqalar bilan bo‘lishish shaklida ham bo‘lishi mumkin.

Va’da berish va uni bajarish omillarini tadqiq qilgan Varvik universiteti falsafashunosi, doktor Jon Mayklning aytishicha, agar va’dalarimiz boshqa insonlar uchun ham muhim ekanini anglasak va buni ko‘ra olsak, majburiyatlarni bajarish ehtimolimiz yanada ortadi. Ayniqsa, va’damizni bajarmasligimiz yaqinlarimizga zarar yetkazadigan bo‘lsa. Shu ma’noda, maqsadingizga boshqalarni ham qo‘shishingiz unga erishishingizni osonlashtiradi.

4. Muvaffaqiyatsizlikni yengib o‘ting

Agar maqsadingizga erishish qiyinlashib ketguday bo‘lsa, u holda to‘xtab, vaziyatni baholang: qanday to‘siqlarga duch keldingiz? Qaysi strategiya yaxshi ish berdiyu, qaysi biri foydasiz bo‘lib chiqdi?

Yanada aniqroq ishlashga harakat qiling va eng kichik muvaffaqiyatni ham nishonlashga odatlaning.

Agar maqsadga erishishga qat’iy qaror qilgan bo‘lsangiz, nega irodangizni kuchaytiradigan boshqa yo‘llarni sinab ko‘rmasligingiz kerak?
Kundalik hayotingizdagi oddiy o‘zgarishlar ham to‘g‘ri yo‘ldan borishingizga yordam berishi mumkin.

5. Va’dangizni uzoq muddatli maqsadlar bilan birlashtira oling

Xulq-atvor psixologiyasi bo‘yicha mutaxassis Anne Svinburnning fikricha, o‘zingizga berishingiz mumkin bo‘lgan eng yaxshi va’da – noaniq va o‘tkinchi bo‘lmagan, balki uzoq muddatli maqsadlarga erishish yo‘lida oldinga siljishingizga yordam beruvchi va’dalardir.

Masalan, agar shu kungacha sport bilan shug‘ullanmagan bo‘lsangiz, dabdurustdan buyuk sportchi bo‘lishga ont ichmang. Chunki bu ayni damda siz amalga oshira olmaydigan va’dadir.

«Faqatgina o‘z irodasiga tayanadigan odamlar muvaffaqiyatsizlikka uchraydi», deydi Svinburn.

Shu bois, agar sizni hayajonlantiradigan yoki qiziqtiradigan biror maqsad bo‘lsa, ishni birinchi kundanoq batafsil rejalashtirishdan boshlang va bu yo‘lda duch keladigan har qanday to‘siqni matonat bilan yengib o‘ting!

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Yangi yilda o‘zingizga bergan va’dalaringizni bajarish uchun 5ta muhim tavsiya