20:00 / 03.02.2021
4 251

Erimning xiyonatini kechira olmayapman...

Erimning xiyonatini kechira olmayapman...
Savol: Oradan bir qancha yillar o‘tganiga qaramay, men sobiq turmush o‘rtog‘imning xiyonatini unuta olmayapman. U to‘yimizdan 1 oy o‘tib-o‘tmay boshqasini topib olgan. Xafagarchilikni olib yurish yaxshi emasligini bilaman, lekin uni hech kechira olmayapman. U mening hayotimni izdan chiqarib yubordi.

Javob: Kechirish lozimligi va yaxshiligini bila turib, uzoq vaqt o‘tganiga qaramasdan, bu azobni yillab ko‘tarib yurishga ichki jiddiy sabab halaqit bermoqda. Bu sabablar bir nechta bo‘lishi mumkin, lekin bularning hammasi qalbda yechilmay qolib ketgan ichki ziddiyatga borib taqaladi.

Keling, aynan nimalar bu og‘riqni qo‘yib yuborishingizga to‘sqinlik qilayotgani haqida fikrlab ko‘ramiz.

Xafalik hissi birontaga rohatlanish tuyg‘usini olib kelishini tasavvur qilish qiyin, aksincha, bu tuyg‘u olamni faqat qora ranglarda ko‘rishga undaydi. Ko‘pincha, kechirolmaslikning sababi, ong ostida o‘sha xiyonat og‘rig‘ini qo‘yib yuborishni xohlamaslikda yashiringan bo‘ladi.

Siz eringiz hayotingizni chilparchin qilganini aytdingiz. Men bunga sal boshqacharoq qarashni va uning harakatini aql bilan baholashni taklif qilaman. Aslida eringizning bu qilgan ishi razillikdan boshqa narsa emas. Lekin u o‘zining bu qabihligi bilan sizning butun hayotingizni barbod qila olmaydi! Sizning hayotingiz o‘zingizning tanlovingiz va xatti-harakatlaringizga bog‘liq. Siz ro‘y bergan bu hodisaga boshqa ko‘z bilan qarashingiz bilanoq muammoning salbiy bo‘lmagan tomonlari namoyon bo‘lishni boshlaydi.

Bundan tashqari eringizning bu harakati qaysidir ma’noda yaxshilikka ekaniga e’tibor qarating. Axir bunday mas’uliyatsiz kishi bilan turmush qurganingizni bir oydayoq bilib, uni tark etganingiz, u bilan yillab ”mening ishonsa bo‘ladigan va doim himoya qiladigan insonim bor“ deb yashaganingizdan ko‘ra yaxshiroq emasmi?! Uning jiddiy ruhiy-axloqiy muolajaga muhtojligi kunday ravshan.

Sizning kechirolmayotganingizning asosiy sababi eringizni baxtsizligingizning sababchisi deb bilayotganingizda. Mana shu ichki holat sizning ichingizni kemirib yotgan og‘riqni qo‘yib yuborishingizga to‘sqinlik qilyapti.

Siz o‘zingizga ishonib, o‘zingizdan “tashlab ketilgan” yoki “ajrashgan” degan tamg‘ani olib tashlashingiz bilanoq, atrofingizdagi vaziyat sezilarli darajada o‘zgarishni boshlaydi.

Hayotingizdagi bu ko‘ngilsizlikning mas’uliyatini zimmangizga olishga qo‘rqmasligingiz va to‘g‘ri qarorlarni qabul qilishingiz, o‘tmishni unutishingiz va bugun bilan yashab, kelajakka rejalar tuzishingiz kerak. Hayotingizni izga tushirishingiz bilanoq sizning oilangiz bo‘lishiga qat’iy ishoning. Siz hali, sobiq eringizning o‘z vaqtida, o‘zining mas’uliyatsizliklari va yengiltakliklari bilan birga hayotingizdan chiqib ketganligi uchun minnatdor bo‘lasiz.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Erimning xiyonatini kechira olmayapman...