20:30 / 19.07.2021
1 560

Qo‘ziqorinning teri salomatligi, miya va suyaklar uchun 6 foydasi

Qo‘ziqorinning teri salomatligi, miya va suyaklar uchun 6 foydasi

Parhezshunos Mitsi Dulanning aytishicha, oq mahsulotlarda ozuqa moddalari zaxirasi u qadar ko‘p bo‘lmaydi, biroq qo‘ziqorinlar bundan mustasno sanaladi. Selen, kaliy, mis, temir va fosfor singari minerallar bisyor bo‘lgan ushbu mahsulotni nima uchun ratsionga kiritish kerakligi haqidagi ma’lumotlarni e’tiboringizga havola qilamiz.

Yoshlikni saqlashga yordam beradi
Pensilvaniya universitetida o‘tkazilgan tadqiqotlarda qo‘ziqorin tarkibida ergotionen va glutation antioksidantlari juda ham yuqori konsentratsiyada mavjud ekanligi aniqlangan. Ushbu antioksidantlar birgalikda organizmni qarish belgilari, masalan, ajin tushishiga olib keladigan fiziologik stressdan himoya qilish uchun jadal ishlaydi.

Miyaning yosh bilan bog‘liq o‘zgarishlarini sekinlashtiradi
Pensilvaniya universiteti tadqiqotchilarining ma’lum qilishicha, yuqorida ta’kidlangan antioksidantlar — ergotionen va glutation Parkinson, Alsgeymer kasalliklarining oldini olishga yordam beradi. Aynan shu sabab ham mutaxassislar kelajakda nevrologik kasalliklarning xavfini oldini olish uchun kuniga kamida beshta shampinyon yeyishni tavsiya qiladi. Ozuqaviy xususiyatlarini saqlab qolish uchun uni mikroto‘lqinli pech yoki grilda pishirgan yaxshi.

Xotirani yaxshilaydi
Bu qo‘ziqorinning psixologik salomatlik bilan bog‘liq yana bir afzalligi sanaladi. 2019-yilda Singapur Milliy universiteti tadqiqotchilari hafta davomida ikkita qo‘ziqorin porsiyasini iste’mol qilish kognitiv qobiliyatning susayishini kamaytiradi, degan xulosaga kelgan.

Yurak salomatligini mustahkamlaydi
Tarkibida glutamate ribonukleotidlar borligi hisobiga qo‘ziqorin taomning mazali bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Ushbu birikmalar qon bosimi va yurak kasalliklarini keltirib chiqarmasdan, xushbo‘y ifor va ta’m bag‘ishlaydi. Qo‘ziqorinning to‘liq bir porsiyasida natriy atigi 5 mg miqdorda bo‘ladi. Ushbu mahsulot, shuningdek, istalgan ovqatda qizil go‘shtning o‘rniga alternativ bo‘lishi mumkin va undan tayyorlangan taom yog‘ hamda xolesterindan holi hisoblanadi.

Suyaklar mustahkamlanishiga hissa qo‘shadi
Do‘konlardagi o‘ramiga UVB deb yozib qo‘yilgan qo‘ziqorin qorong‘ida o‘sadigan navlardan farqli ravishda quyosh nurlari ostida yetishtirilgan bo‘lib, unda ergosterol va D vitamini bisyor bo‘ladi. Bu kabi mahsulot bir kiloga yaqin miqdorda iste’mol qilinganda D vitaminiga bo‘lgan kunlik ehtiyoj qoplanadi va suyaklar salomatligi mustahkamlanadi.

Energiya bilan ta’minlaydi
Qo‘ziqorin B guruhi vitaminlari: riboflavin (B2), foli kislotasi (B9), tiamin (В1), pantoten kislotasi (В5) va niatsin (В3)ning koni sanaladi. Ushbu vitaminlar organizmni energiya bilan ta’minlashga va kislorod bilan ta’minlaydigan eritrotsitlar ishlab chiqarilishiga yordam beradi.

Kundalik ratsion xilma-xil bo‘lishi uchun quyidagilarga amal qilish tavsiya qilinadi:
  1. Bo‘laklangan qo‘ziqorinni tushlik yoki kechki ovqatga iste’mol qilishga mo‘ljallangan go‘sht bilan aralashtiring. Qiyma holiga keltirib, kotletlar tayyorlab qo‘yishingiz va xohishga qarab burgerga qo‘shib yeyishingiz mumkin.
  2. Nonushta yoki tushlikka qo‘ziqorin va tuxumdan omlet tayyorlang.
  3. Pasta uchun sousga qo‘ziqorin qo‘shing.
  4. Qolaversa, qo‘ziqorinni istalgan garnirga qo‘shsa bo‘ladi.
Ammo yeb bo‘ladigan va yeb bo‘lmaydigan qo‘ziqorinning farqiga borish hamda ehtiyot bo‘lishni unutmang. Yovvoyi tabiatda o‘sib-yetilgan qo‘ziqorinni iste’mol qilmang. Ular zaharli bo‘lishi va jiddiy kasalliklar, ayrim hollarda esa o‘limga ham olib kelishi mumkin. Qo‘ziqorinni oziq-ovqat mahsulotlari sotiladigan ishonchli do‘kondan xarid qilish tavsiya qilinadi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Hayot tarzi » Qo‘ziqorinning teri salomatligi, miya va suyaklar uchun 6 foydasi
[/banner_pushhouse