O‘zbekiston Misr bilan islomiy kreditlash masalalarini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmati xabar berdi.
Savdo-sanoat palatasi raisining birinchi o‘rinbosari Islom Jasimov va Misrning Islom savdo-sanoat va qishloq xo‘jaligi palatasi bosh kotibi Yusef Xalavi o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda O‘zbekiston tomoni “Qishloq qurilish banki”ning “Biznesni rivojlantirish banki” bo‘lishi kutilayotgani to‘g‘risida ma’lumot berib, shu sabab, tadbirkorlarni islomiy kreditlash shartlari qiziqtirayotganni bildirdi.
Bu masala bo‘yicha Yusef Xalavi o‘zini “Al Baraka” Islom iqtisodiyoti forumi bosh kotibi ekanini ma’lum qildi va 2023-yil 1-oktabr kuni Qohirada konferensiya o‘tkazilishi, unda islomiy kreditlash masalalari ham muhokama qilinishini aytdi.
Yusef Xalavi Islom Savdo-sanoat va qishloq xo‘jaligi palatasi kuchli tahliliy-axborot bazasiga egaligi va dunyo mamlakatlarining texnik-iqtisodiy tahlillarini olib borishi to‘g‘risida ma’lumot berdi.
Shuningdek, Yusef Xalavi palatalar o‘rtasida tegishli bitim imzolanishi maqsadga muvofiqligini ta’kidladi hamda Islom Savdo-sanoat va qishloq xo‘jaligi palatasiga a’zo bo‘lish taklifini berdi.
Islom savdo-sanoat va qishloq xo‘jaligi palatasi 1976-yilda Islom hamkorlik tashkiloti shafeligida tashkil etilgan. Uning maqsadi tashkilotga a’zo mamlakatlarda xususiy musulmon tadbirkorligini rivojlantirishga ko‘maklashishga qaratilgan.
Palata Kengashi 18 kishidan iborat bo‘lib, Karachi, Qohira va Istanbulda filiallariga ega. Islom Savdo-sanoat va qishloq xo‘jaligi palatasining barcha musulmon mamlakatlari uchun Arbitraj markazi Istanbulda joylashgan.
“O‘zbekiston — 2030” strategiyasi loyihasida kelgusi yetti yilda kamida 3 ta tijorat bankida Islom moliyasi mezon va tartiblari joriy etilishi ko‘zda tutilgan.
“Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring