O‘zbekistonlik ishbilarmonlar delegatsiyasi Afg‘onistonga tashrif buyurdi

O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov boshchiligidagi 100 ga yaqin o‘zbekistonlik tadbirkorlardan iborat delegatsiya Afg‘onistonga yetib keldi. Mehmonlarni Termiz chegara bojxona posti orqali o‘tganlaridan so‘ng Balx viloyati rahbariyati hamda Afg‘oniston Savdo-sanoat palatasi vakillari kutib olishdi. Bu haqda Uzdaily.uz xabar beradi.
Delegatsiya dastlab O‘zbekiston–Afg‘oniston chegarasi yaqinida joylashgan “Astras” kompaniyasiga qarashli logistika markazida bo‘ldi. Tashrif davomida markaz faoliyati, yuklarni qabul qilish, saqlash hamda eksport-import operatsiyalarini tashkil etish jarayonlari bilan yaqindan tanishildi.
Shundan so‘ng delegatsiya a’zolari Noibobod temir yo‘l stansiyasiga tashrif buyurib, yuk tashish xizmatlari, logistika mexanizmlari va mavjud infratuzilma imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot olishdi. Shuningdek, Mozori-Sharif shahridagi “Mozori Hotel” savdo markazida hududdagi tadbirkorlik muhiti va biznes yuritish imkoniyatlari o‘rganildi.
O‘zbekiston delegatsiyasining Afg‘onistondagi tashrifi davom etmoqda. Dastur doirasida ikki tomonlama savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirishga qaratilgan qator uchrashuv va muzokaralar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!