O‘zbekiston Janubiy Koreyadan 6 ta tezyurar elektropoyezd, Chexiyadan 30 ta elektropoyezd xarid qiladi
Foto: Prezident matbuot xizmati
O‘zbekiston Janubiy Koreyadan 6 ta tezyurar elektropoyezd, Chexiyadan 30 ta elektropoyezd xarid qiladi. Bu bo‘yicha prezident qarori imzolandi.
Qarorga ko‘ra, yuqori tezlikda harakatlanuvchi 6 ta elektropoyezd Koreyaning Hyundai Rotem kompaniyasidan to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma asosida sotib olinadi. Shartnoma 2023 yil oktyabr oyida tuzilishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, noyabr oyida bu poyezdlarni sotib olishni moliyalashtirish bo‘yicha Janubiy Koreya Iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish jamg‘armasining (EDCF) 35 yil muddatga, shu jumladan 10 yillik imtiyozli muddat bilan yillik 0,1 foiz stavkada belgilangan 185,0 million yevro miqdoridagi kreditini jalb qilish nazarda tutilmoqda.
2023 yil noyabr oyida Chexiyaning Skoda Transportation kompaniyasi bilan 30 ta zamonaviy elektropoyezd xarid qilish bo‘yicha to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma tuzish vazifa qilib qo‘yildi. Bu xaridni moliyalashtirish uchun 2023 yil dekabrda Chexiya banklaridan 350 million yevro kreditni 15 foiz stavkada, shu jumladan 3 yil imtiyozli muddat bilan yillik 5,5 foiz stavkada jalb qilish ko‘zda tutilgan.
“Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring