21:06 / 01.04.2025
477

Temu marketpleysi O‘zbekistonda qancha soliq to‘lashi kerak?

Temu marketpleysi O‘zbekistonda qancha soliq to‘lashi kerak?
Xitoyning Temu marketpleysi O‘zbekistonda 46 mlrd so‘m soliq to‘lashi kerak. Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev ma’lumot berdi.

«Biz internet orqali savdo qilish tizimini to‘liq tahlil qildik. Tahlillar natijasida juda ko‘plab elektron savdo tashkilotlari soliq to‘lamayotgani aniqlandi. Nafaqat Temu, balki Wildberries ham soliq to‘lamagan. Bu yerda savol tug‘ilyapti, nima uchun aynan Temu? Biz barcha elektron platformalarga soliq majburiyatlarini bajarish bo‘yicha ogohlantirish xatini berganmiz», dedi u.

Shu bilan birga, Mirzayev Rossiyaning Wildberries marketpleysi allaqachon 52 mlrd so‘m soliq to‘lab berganini aytdi.

«Temu bo‘yicha dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 46 mlrd so‘m soliq to‘lanmagani aniqlandi. Biz e’tiroz xati berganmiz. Qachon soliqni to‘lasa ularning faoliyatini qonuniylashtirib beramiz», dedi Mubin Mirzayev.

O‘zbekistonda Temu platformasidan foydalanish 2025 yil 20 martdan boshlab cheklanishi haqida xabar berilgandi. Keyinroq Temu marketpleysi yuridik shaxs — O‘zbekiston Respublikasi rezidenti sifatida ro‘yxatdan o‘tdi.

Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 26 dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasida elektron tijorat sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorining 2-bandi bilan elektron tijorat operatorlari, xususan, elektron savdo platformalari operatorlari sifatida faqat yuridik shaxslar — O‘zbekiston rezidentlari faoliyat yuritishi mumkinligi belgilangan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot