
AQSh dollari yevro va funt sterlingga nisbatan 3,5 yillik eng past darajaga tushdi. Bu haqida Reuters agentligi xabar berdi. Bozorlarda AQSh Federal Rezerv tizimi (FRB) joriy yilda foiz stavkalarini keskin pasaytirishi mumkinligi haqida kutishlar kuchaymoqda. Bu holat dunyo moliya bozorlarida dollar zaiflashuviga olib kelmoqda.
Moliyaviy bozorlarning asosiy e’tibori AQShdagi pul-kredit siyosatiga qaratilgan. Prezident Donald Tramp amaldagi FRB raisi Jerom Pauellning o‘rniga yanada “yumshoq” siyosat yurituvchi nomzodni tayinlash ehtimolini ko‘rib chiqayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Bu esa investorlar orasida foiz stavkalari yanada pasaytiriladi degan fikrni kuchaytirdi.
Pauellning vakolati 2026-yil may oyida tugaydi, biroq Tramp uning o‘rnini oldindan e’lon qilishi mumkinligi haqida xabarlar Wall Street Journal tomonidan berildi. Yangi nomzod “soya ostidagi rais” sifatida bozor qarorlariga ta’sir o‘tkazishi mumkinligi haqida ekspertlar ogohlantirishmoqda.
Yevro bugungi kunda $1.1693 atrofida, bu 2021-yil sentabridan beri eng yuqori darajalardan biridir. Funt sterling esa $1.3733 darajasiga yetib, 2021-yil oktyabr oyidagi cho‘qqiga yaqinlashdi.
AQSh dollarining asosiy ko‘rsatkichlaridan biri bo‘lgan Dollar indeksi 97.378 darajasida bo‘lib, bu 2022-yil martidan beri eng past ko‘rsatkichdir. Valyuta indeksi bu yil 10% dan ortiq zaiflashdi, iyun oyida esa 2% ga kamaydi — bu ketma-ket oltinchi oy pasayishni bildiradi.
Yapon iyenasi esa 144.73 darajasida bo‘lsa, Shveytsariya franki 0.8013 bilan so‘nggi o‘n yillikdagi eng kuchli darajaga chiqdi.
Investorlar, shuningdek, Trampning 2025-yil 9-iyulgacha belgilangan “o‘zaro” tariflari muddati oldidan tuzilishi mumkin bo‘lgan xalqaro savdo kelishuvlariga e’tibor qaratmoqda. Germaniya kansleri Fridrix Mers Yevropa Ittifoqi va AQSh o‘rtasida “tez va oddiy” savdo bitimi tuzilishini taklif qildi.
Shuningdek, Oq uy AQSh va Xitoy o‘rtasida nodir yer elementlari eksporti bo‘yicha kelishuvga erishilganini bildirdi. Bu esa sanoat ishlab chiqarishi uchun muhim bo‘lgan resurslar yetkazib berilishida ijobiy o‘zgarishlarni anglatadi.
AQSh dollarining zaiflashuvi global moliya bozorlariga sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda. Foiz stavkalarining pasaytirilishi haqidagi taxminlar, Trampning Federal Rezervdagi ehtimoliy o‘zgarishlari va savdo kelishuvlari dollar kursining keyingi yo‘nalishini belgilab beradi. Bu esa O‘zbekistonning tashqi savdo hamkorliklari va eksport-import siyosatiga ham bevosita ta’sir ko‘rsatishi mumkin. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar