date

O‘zbekistonda ish haqi oshmoqda, ammo mintaqadagi davlatlardan ortda qolmoqda

O‘zbekistonda ish haqi oshmoqda, ammo mintaqadagi davlatlardan ortda qolmoqda
O‘zbekistonda 2025 yilning ikkinchi choragida ish haqi miqdorlari bo‘yicha o‘sish tendensiyasi davom etgani qayd etildi. Markaziy bank taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, nominal ish haqi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 17,2 foizga oshib, real ish haqi 7,3 foizga ko‘tarilgan. Mamlakat bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqi qariyb 6 million so‘m atrofida shakllangani ta’kidlanmoqda.

Sohalar kesimida tahlil etilganda, moliya va sug‘urta hamda axborot va kommunikatsiya xizmatlari yo‘nalishlari ish haqi bo‘yicha yetakchi tarmoqlar bo‘lib qolmoqda. Xususan, moliya sohasida o‘rtacha ish haqi 16,3 million so‘mni, axborot va kommunikatsiya sohasida esa 14,8 million so‘mni tashkil etmoqda. Shu bilan birga, axborot texnologiyalari, transport xizmati va ijtimoiy xizmatlar tarmoqlarida ish haqi o‘sish sur’ati boshqa sohalardan ancha yuqori bo‘lgani qayd etildi.

Biroq barcha sohalarda ham ijobiy dinamika kuzatilmadi. Xususan, qurilish sohasida nominal ish haqi 6,1 foizga ko‘tarilgan bo‘lsa-da, inflyatsiya hisobga olinganda, real ish haqi 2,8 foizga pasayib ketgan. Bu esa tarmoqdagi qiyinchiliklar hali ham saqlanib qolayotganini ko‘rsatadi.

Hujjatda alohida ta’kidlanishicha, so‘nggi choraklarda O‘zbekistonda real ish haqi o‘sish sur’ati mintaqadagi ko‘plab davlatlarga nisbatan past darajada. Masalan, joriy yilning yanvar–mart oylarida Markaziy Osiyo mamlakatlarida bu ko‘rsatkich o‘rtacha 9,8 foizni, Kavkaz davlatlarida esa 9,1 foizni tashkil etgan. O‘zbekistonda esa shu ko‘rsatkich atigi 7,2 foiz bo‘lgan. Mutasaddilarning fikricha, agar ushbu tafovut uzoq muddat davom etsa, aholi xarid qobiliyati pasayishi va ichki talab so‘nishiga olib kelishi ehtimoldan xoli emas.

Shuningdek, 2025 yil ikkinchi choragida mamlakatda mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori 91 AQSH dollariga teng bo‘lgani qayd etildi. Solishtirish uchun, Belarusda minimal ish haqi 243 dollar, Ozarbayjonda 235 dollar, Mongoliyada esa 222 dollarga tengdir.

Biroq O‘zbekistondagi muhim jihatlardan biri — minimal ish haqining aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan yalpi ichki mahsulotga nisbati 35 foizga yetgani. Mutasaddilar ta’kidlashicha, ushbu ko‘rsatkich yuqori bo‘lgan davlatlarda daromadlar nisbatan barqaror va teng taqsimlanadi, past bo‘lgan hollarda esa aholi o‘rtasida daromad notekisligi kuchayadi. Mintaqada Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Gruziyadan tashqari ko‘pgina davlatlarda bu ko‘rsatkich O‘zbekistonnikiga yaqin darajada shakllangan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » O‘zbekistonda ish haqi oshmoqda, ammo mintaqadagi davlatlardan ortda qolmoqda