Prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan uchrashuvda biznes sohasida muhim yangiliklarni ma’lum qildi. Davlat rahbarining aytishicha, soliq tekshiruvlari jarayonida 20 mingdan ziyod tadbirkorlarda 16 trillion so‘mdan ortiq xato va kamchiliklar aniqlangan bo‘lsa-da, ular uchun jazo choralari qo‘llanilmaydi.
Prezident bu kamchiliklar minglab biznes vakillarining tadbirkorlik reytingiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ta’kidlab, bunday holatga yo‘l qo‘ymaslik zarurligini qayd etdi.
«Shu sabab bugun o‘zgacha tartib – amnistiya e’lon qilamiz. Ushbu tekshiruvlar bo‘yicha hech qanday jazo bo‘lmaydi. Bundan ko‘ra tadbirkorlarimizga 1 noyabrgacha barcha xatolarini ixtiyoriy ravishda to‘g‘rilash imkoni beriladi. Ya’ni 1 noyabrdan boshlab tadbirkorlik reytingida hamma “toza sahifa”dan yo‘l oladi», – dedi Mirziyoyev.
Foyda solig‘ida yangi yengilliklar
Prezidentning ma’lum qilishicha, foyda solig‘i bo‘yicha avans to‘lov chegarasi ikki barobarga oshiriladi.
Amaldagi tartibga ko‘ra, yillik aylanmasi 10 milliard so‘mdan yuqori bo‘lgan korxonalar avans to‘lov qilishga majbur edi va bu aylanma mablag‘ bilan muomalada qiyinchilik tug‘dirayotgan edi.
Endilikda bu tartib faqat yillik aylanmasi 20 milliard so‘mdan ortiq bo‘lgan korxonalar uchun amal qiladi. Shu orqali 14 mingga yaqin tadbirkor ixtiyorida qo‘shimcha 1 trillion so‘m aylanma mablag‘ qolishi kutilmoqda.
QQSga o‘tuvchi korxonalar uchun imtiyozlar
Prezidentning ta’kidlashicha, aylanma soliqdan QQSga o‘tishda tadbirkorlarda hanuz ko‘p shubhalar bor: «Hisobot qiyin, buxgalter yollash kerak, xarajat ko‘payib ketadi» degan fikrlar keng tarqalgan. Shu bois qator yengilliklar beriladi:
- aylanma soliqdan QQSga o‘tgan korxonalar bir yil davomida foyda solig‘idan ozod qilinadi;
- hisobotda xatolar bo‘lsa, jarima qo‘llanmaydi;
- buxgalter maoshining 5 million so‘mgacha qismi 6 oygacha soliqdan chegiriladi.
Shuningdek, ikki yil avval joriy etilgan, aylanmadan soliq to‘lovchilar buxgalteriyasini soliqchilarning o‘zi yuritadigan tizim yanada kengaytiriladi. Kelgusi yildan yer, mol-mulk, ijtimoiy va daromad soliqlari hisobotini tadbirkorlar emas, balki soliq qo‘mitasi o‘zi tayyorlab beradi. Tadbirkorlar esa 5 kun ichida zarur tuzatish kiritish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Yagona jarima tizimi joriy etiladi
Shavkat Mirziyoyevning ta’kidlashicha, bugungacha kichik va yirik biznes kechiktirilgan hisobot uchun bir xil jarima to‘lab kelayotgani, eng yomoni esa har bir hisobot turiga alohida jarima belgilangani tadbirkorlarni qiynar edi.
Shu bois, 1 noyabrdan boshlab kechiktirilgan hisobotlar soniga qaramasdan yagona jarima tizimi joriy etiladi. Kichik biznes uchun esa jarima miqdori uch barobarga qisqartiriladi.
Mutaxassislar fikricha, ushbu islohotlar tadbirkorlik muhitini sezilarli darajada yengillashtirib, biznes vakillari uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.