date

Soliq qo‘mitasi sakkiz oyda aholiga qariyb 1 trln so‘m keshbek qaytardi

Soliq qo‘mitasi sakkiz oyda aholiga qariyb 1 trln so‘m keshbek qaytardi

Soliq qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilning yanvar—avgust oylarida jami 976,1 mingta xarid cheki bo‘yicha aholiga 906,6 milliard so‘m miqdorida keshbek to‘langan. Bu raqam mamlakat miqyosida dasturning qay darajada ommalashganini ko‘rsatmoqda.

Hisob-kitoblarga qaraganda, 5,9 milliondan ortiq fuqaro xarid cheklari orqali keshbek imkoniyatlaridan foydalangan. Eng ko‘p qaytarilgan mablag‘ poytaxt Toshkent hissasiga to‘g‘ri keldi — shahar iste’molchilari 373,7 milliard so‘mdan ortiq keshbek olishgan.

Qo‘mita avgust oyi natijalariga ham alohida e’tibor qaratdi. Faqatgina o‘tgan oyning o‘zida respublika bo‘yicha 121,8 milliondan ziyod xarid cheki orqali aholiga 99,8 milliard so‘mdan ko‘proq keshbek qaytarilgan.

Hududlar kesimida esa avgust oyida ham eng katta ulush poytaxtga to‘g‘ri keldi — 41,8 milliard so‘m. Shuningdek, Toshkent viloyati (8,2 milliard so‘m), Farg‘ona viloyati (7,1 milliard so‘m), Samarqand viloyati (6,9 milliard so‘m) va Namangan viloyati (5,2 milliard so‘m) aholisi ham katta miqdorda qaytim puliga ega bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, qo‘mita avvalroq 2024-yil yakuniy ko‘rsatkichlarini ham ochiqlagan edi. O‘tgan yili mamlakat bo‘yicha jami 1 milliarddan ziyod chek orqali fuqarolarga 1 trillion so‘mdan ortiq keshbek berilgan. Ushbu mablag‘ning eng katta qismi yana poytaxt aholisiga to‘g‘ri kelgan — 412,2 milliard so‘m.

Bu ko‘rsatkichlar dasturning tobora kengayib, xaridorlar orasida keng ommalashayotganini ko‘rsatib turibdi. Iste’molchilar uchun qo‘shimcha rag‘bat sifatida keshbek tizimi nafaqat savdoni oshirmoqda, balki aholining qonuniy chek talab qilish madaniyatini ham shakllantirmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Soliq qo‘mitasi sakkiz oyda aholiga qariyb 1 trln so‘m keshbek qaytardi