Nyu-York sudi Aaveʼning 71 million dollarlik Ethereumʼni muzlatish boʻyicha ishini kechiktirdi

Nyu-York sudi Aave protokoli tomonidan Kelp DAO xakerlik hujumi qurbonlariga tegishli 71 million dollarlik Ethereumʼni muzlatishdan chiqarish boʻyicha shoshilinch iltimosnomani koʻrib chiqishni kechiktirdi. Sudya Margaret M. Garnett tomonlardan iyun oyida boʻlib oʻtadigan navbatdagi majlis oldidan qoʻshimcha maʼlumotlar taqdim etishni talab qildi. Bu haqda Cointelegraph.com xabar beradi.
Aave vakillari mablagʻlar tezroq qaytarilmasa, foydalanuvchilarning likvidatsiyasi va DeFi bozorida beqarorlik yuzaga kelishi mumkinligidan xavotirda. Biroq, Gerstein Harrow LLP yuridik firmasi oʻz mijozlari ushbu aktivlarga daʼvogar ekanligini bildirib, sudga taqiqlovchi xabarnoma kiritgan edi.
Sudya Garnett ishning murakkabligini tan olib, Aaveʼdan mablagʻlar muzlatilgan holda qolsa, foydalanuvchilar qanday zarar koʻrishi mumkinligini aniqroq asoslab berishni soʻradi. Sud, shuningdek, xakerlik tranzaksiyalari, firibgarlik va oʻgʻrilik oʻrtasidagi huquqiy farqlar hamda kreditorlar ustuvorligi kabi oltita asosiy masala boʻyicha qoʻshimcha tushuntirishlar talab qildi.
Tomonlar oʻzlarining qoʻshimcha hujjatlarini 22-mayga qadar topshirishlari kerak. Sud majlisi esa 5-iyunga belgilangan. Ayni paytda Kelp DAO va Aave rsETH tokenlarini tiklash boʻyicha muhim qadamlar tashlanganini eʼlon qildi, xaker tomonidan oʻgʻirlangan tokenlar yaqin ikki hafta ichida qaytarilishi rejalashtirilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!