Hana Financial Upbit operatori Dunamu aksiyalarining 6,55 foizini sotib olmoqda

Janubiy Koreyaning yirik moliyaviy konglomerati Hana Financial kripto-birja operatori Dunamu kompaniyasidan 6,55 foizlik ulush sotib olishini eʼlon qildi. Ushbu bitim qiymati 668 million dollarni (taxminan 1,003 trillion koreya voni) tashkil etadi va bu anʼanaviy moliya institutlarining raqamli aktivlar bozoriga kirib borish tendensiyasini yaqqol namoyon etadi. Bu haqda Cointelegraph.com xabar beradi.
Hana Financial ushbu xaridni strategik investitsiya deb atab, uning asosiy maqsadi yangi moliyaviy texnologiyalar sohasida raqobatbardoshlikni oshirish ekanligini taʼkidladi. Mazkur bitimdan soʻng Hana Financial kompaniyaning toʻrtinchi yirik aksiyadoriga aylanadi. Oʻz navbatida, aksiyalarni sotgan Kakao Investment kompaniyasi qoʻlga kiritilgan mablagʻlarni kelgusidagi yangi investitsiya loyihalariga yoʻnaltirishini maʼlum qildi.
Soʻnggi yillarda anʼanaviy banklar va moliya institutlari kripto-aktivlarga nisbatan skeptik qarashdan voz kechib, ushbu sektorga faolroq kirib kelmoqda. Xususan, Mirae Asset Group Korbit birjasining nazorat paketini sotib olgan boʻlsa, Naver Financial ham Dunamu bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻygan edi.
Hana Financial kripto-iqtisodiyot sohasida oʻz oʻrnini mustahkamlashda davom etmoqda. Kompaniya avvalroq Dunamu va POSCO International bilan blokcheyn asosidagi pul oʻtkazmalari tizimini yaratish boʻyicha memorandum imzolagan edi. Shuningdek, bank Standard Chartered, Circle va Crypto.com kabi xalqaro moliya va kripto-texnologiya gigantlari bilan hamkorlik aloqalarini oʻrnatgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!